Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jizzaxda ham kichik, ham katta AES quriladigan bo‘ldi
Jizzax viloyatida Rossiya tomonidan ham kam quvvatli, ham an’anaviy katta quvvatli atom elektr stansiyalari quriladi. Bu – O‘zbekistonni ikki xil stansiya loyihasini bitta majmuada o‘zaro bog‘lagan dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi.
Foto: O‘zatom agentligi matbuot xizmati
Moskvada o‘tayotgan Jahon atom haftaligi doirasida bu borada ikkita bitim imzolandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ochib bergan forumning ochilish sessiyasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ham ishtirok etib, bunday qo‘shma stansiya dunyo bo‘yicha noyob loyiha bo‘lishini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, katta stansiya har biri 1000 MW quvvatga ega ikkita reaktor, kichik stansiya esa har biri 55 MW quvvatga ega ikkita reaktordan iborat bo‘ladi. Shu tariqa, integratsiyalashgan AESlar majmuasining umumiy quvvati 2,1 GW bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Qariyb 525 gektarlik maydondagi qo‘shma stansiya 2035 yilga borib yiliga 15,2 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu – O‘zbekistondagi bugungi kundagi umumiy iste’molning qariyb 15 foiziga teng, deya ma’lum qildi Jamshid Xo‘jayev.
Loyihaning moliyaviy tafsilotlari ma’lum emas.
Forum doirasida O‘zatom agentligining “AES qurilishi direksiyasi” DK va “Rosatom energetika loyihalari” AJ o‘rtasida 2025 yil 20 iyundagi bitimga qo‘shimcha bitim imzolandi. Hujjatda O‘zbekistonda integratsiyalashgan AES qurish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari belgilangan.
Bu shartlarga ko‘ra, integratsiyalashgan AESning katta stansiyasi 3+ avlodidagi 2 ta VVER-1000 reaktorlaridan, kichik stansiya esa 2 ta RITM-200N reaktorlaridan iborat bo‘ladi.
Bundan tashqari, “AES qurilishi direksiyasi” DK va “Rosatom energetika loyihalari" AJ o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida kichik va katta quvvatli AESlar uchun yadro yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarning asosiy shartlari to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi.
Bitim tomonlar o‘rtasida RITM-200N va VVER-1000 reaktor qurilmalari uchun yadro yoqilg‘isi, shuningdek, ehtiyot qismlar, montaj va nazorat uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha asosiy kelishuvlarni mustahkamlaydi.
“O‘zbekistonning qoq markazida, Jizzax viloyatida biz misli ko‘rilmagan energetika loyihasini yaratmoqdamiz. Markaziy Osiyoda atom energetikasini rivojlantirishda peshqadam bo‘lib, biz nafaqat mintaqada birinchi stansiyani qurmoqdamiz, balki birinchi bo‘lib kelajakning innovatsion yechimini yaratmoqdamiz. Bizning loyihamiz – bu kichik modulli stansiyalarning ilg‘or texnologiyalari va katta quvvatli klassik atom energetikasining vaqt sinovidan o‘tgan yechimlarining dadil birikmasidir”, – dedi O‘zatom agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev.
“Bugungi imzolash “Rosatom” va O‘zbekiston o‘rtasida tinch atom sohasida munosabatlarni rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Erishilgan kelishuvlar tufayli O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida ham kichik quvvatli zamonaviy atom stansiyasi, ham katta quvvatli AES ishlaydigan integratsiyalashgan AESni quradigan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘ladi”, – dedi “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov.
Avvalroq Azim Ahmadxo‘jayev O‘zbekistonda AES qurilishi 2026 yil mart oyida boshlanishini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, kichik AESning asosini tashkil etuvchi RITM-200N suv-suvli yadro reaktorlari – yadroviy muzyorar kemalarda foydalanib kelinayotgan RITM-200 reaktorlarining energetika uchun mo‘ljallangan modifikatsiyasi bo‘lib, ulardan hali quruqlikda foydalanib ko‘rilmagan.
Bu reaktorlarning birinchisini “Rosatom”ning Peterburgdagi zavodi O‘zbekiston uchun 2025 yil may oyida ishlab chiqarishni boshlagan edi.
Mavzuga oid
19:51 / 04.12.2025
Energetika vazirligi yaratgani iddao qilingan mobil ilova xususiy tadbirkorga tegishli bo‘lib chiqdi
15:55 / 02.12.2025
Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
15:20 / 02.12.2025
Prezident Jizzaxda yangi tibbiyot klasterining dastlabki bosqichi bilan tanishdi
12:48 / 02.12.2025