O‘zbekiston | 21:37 / 15.02.2021
5991
2 daqiqa o‘qiladi

Biznes-ombudsman: Pandemiyaga qaramay, 2020 yilda tadbirkorlarni tekshirish atigi 10 foizga kamaydi

2020 yilda O‘zbekistondagi tadbirkorlik sub'yektlarida 52 mingdan ortiq tekshiruvlar o‘tkazilgan. Pandemiya bo‘lishiga qaramay, tekshiruvlar 10 foizga qisqargan xolos.

Foto: Getty Images

Biznes-ombudsman vakili Abduvali Abdumavlonov AOKAdagi brifingda axborot berdi. Uning aytishicha, 2020 yilda tadbirkorlik sub'yektlarida 52 mingdan ortiq tekshiruvlar o‘tkazilgan.

«Biz 2020 yilda tadbirkorlik sub'yektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar sonini 2 barobarga qisqartirishni reja qilgan edik. Biznes-ombudsman tomonidan nazorat qiluvchi organlarga pandemiya davrida barcha tekshirishlarni keskin qisqartirish yuzasidan tavsiyalar berilgan. Ammo tekshiruvlarni ro‘yxatga olish yagona tizimidan olingan so‘nggi ma'lumotlarga qaraganda, tekshiruvlar 2020 yilda 2019 yilga nisbatan faqatgina 10 foizga qisqargani aniqlandi», – dedi Abduvali Abdumavlonov.

Uning ma'lum qilishicha, 2021 yil yanvar oyida 7700 dan ziyod tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazilgan. Bunga asosiy sabab sifatida soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar ko‘rsatilgan.

Yangi ishlab chiqilgan «Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida tadbirkorlik sub'yektlariga tekshiruv o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishning yangicha mexanizmlari ko‘rib chiqilgan va takliflar berilgan.

Qonun loyihasida davlat organlari tomonidan tadbirkorlarni nazorat qilishning aniq 4 xil shakllari: nazorat tadbirlari, monitoring, statistika va boshqa axborotlarni tahlil qilish va tekshiruvlarni o‘tkazish belgilab berilgan.

Avvalroq, tadbirkorlik faoliyatini nazorat qiluvchi organlar va ularning nazorat funksiyalarining ro‘yxati shakllantirilishi ma'lum qilingandi.

Shuningdek, 2021 yilning oxirigacha Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqilishi va kodeksda tadbirkorlikka oid litsenziyalash, ruxsatnoma berish, yer ajratishga doir masalalar ham aniq tartibda belgilab berilishi ko‘zda tutilgan.

2020 yilda tadbirkorlik faoliyatini noqonuniy tekshirgan 328 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid