Jamiyat | 18:35 / 12.10.2018
94973
11 daqiqa o‘qiladi

«Porloq yo‘l sovxozi»ga qaytish. Ustabuzarmonlardan qolgan izlar bo‘ylab

Jizzaxda bir joy bor. Baxtsizlik makoni. Biz bu yerda haqiqiy baxtsizlikni, haqiqiy baxtsizlarni ko‘rdik... Keling, bir boshdan hikoya qilamiz.

Mirzacho‘l sho‘rxoklari ustidagi bu hudud o‘tgan asrning 70-yillari oxirida cho‘lquvarlar tomonidan o‘zlashtirila boshlangan, bu hudud Mustaqillik yillarining ilk yillarida gullab-yashnagan, respublikaning turli hududlaridan kelgan yosh oilalar xalq tilida hozirgacha «3-sovxoz» deb yuritiladigan bu posyolkani o‘zlariga yangi makon qilishgandi.

Ammo yangi asr boshida bu hududlar e'tibordan chetda qoladi va aholining yashash sharoitlari keskin yomonlashib ketadi.

Joriy yilning fevralida «Kun.uz» ijodiy guruhi Jizzax viloyatiga safari davomida ushbu hududdagi muammolarni o‘rgangan va saytda «Diqqat, keyingi bekat - «Porloq yo‘l sovxozi (xarobalari)» sarlavhali material ham e'lon qilingandi.

2018 yilning fevral oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha ishlar boshlanib ketadi. Jizzax viloyatida «Manas» qishlog‘i, Samarqand viloyatida «Jom» qishlog‘i namunali tarzda obod qilindi.

2018 yilning 29 martida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoni imzolanadi. Shu kuni prezidentning «Obod qishloq» dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ham imzolanib, dastur ijrosini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi. Dasturga ko‘ra, respublikada 2018 yil mobaynida 370 qishloq va mahallalar dasturga binoan obodonlashtirilishi belgilab qo‘yiladi. Obodonlashtirish ishlariga respublika bo‘yicha 6396ta tashkilot biriktiriladi.

Quyidagilar aholi turmush darajasini oshirish maqsadida qabul qilingan dasturning ustuvor maqsadlari etib belgilangan:
1) aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘laydigan yo‘llarni qurish, avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish;
2) qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta'mirlash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya inshootlari va irrigatsiya tizimlarini barpo etish, transport to‘xtash bekatlarini qurish;
3) elektr ta'minotini yaxshilash, aloqa tizimini modernizatsiya qilish, aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yoqilg‘isini uzluksiz yetkazib berish;
4) ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlarni tubdan yaxshilashga e'tibor qaratish, bunda bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikalarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish;
5) bozor infratuzilmasi obektlarini va servis shoxobchalarini, jumladan, hammom va kichik bozor shoxobchalarini barpo etish;
6) uy-joylarni ta'mirlashda xonadon egalariga amaliy yordam ko‘rsatish, avvalambor, qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta'minlash, muhtoj oilalar uchun homiylar va ish beruvchi korxonalar mablag‘lari hisobidan uy qurib berish (ta'mirlash) va boshqalar. 

Avvalgi nomi «Tinchlik» qishloq fuqarolar yig‘ini bo‘lgan, hozirda nomi «Yoshlik» QFY sifatida o‘zgargan sovxoz ham Zarbdor tumanida (bu hudud uzoq yillar mobaynida Zomin tumani tarkibida bo‘lgan, joriy yil boshida Zarbdor tumani tarkibiga o‘tkazilgan) rejaga kiritilgan ikki qishloqdan biri edi. Bu yerda 507 xonadonda 3108 nafar fuqaro istiqomat qilib kelmoqda.

Bu hudud shu yil oxiriga qadar obodonlashtirilishi shart edi.

Lekin bu tasvirlarda ko‘rinadiki, «Yoshlik» qishloq fuqarolar yig‘inida faqat buzish ishlari o‘tkazilgan va qishloq xaroba ahvolga keltirilgan.

Ustabuzarmonlar tomonidan bori ham yo‘q qilingan.

Mart oyida xalq katta-katta va'dalar bilan umidlantirilgan,oddiy kishilar hukumat e'tiborini ko‘zda quvonch yoshlari bilan qabul qilishgan, kelajakka ishonch bilan qaray boshlashgandi. Ammo ular yana aldanib qolishdi.

Hudud yangi tuman tarkibiga o‘tkazilgach, yangi rahbarlar arxitektorlar bilan kelishib, qishloqning yangi loyihasini ko‘rsatishadi. Unga ko‘ra, asosiy yo‘lga qo‘shimcha yashil yo‘laklar hosil qilinishi belgilangan, bu esa aholi uylarining devorlarini ichkariroqqa surishini talab etardi. Mutasaddilar hukumat tomonidan yangi devorlar ko‘tarib berilishiga, har bir uyga ichimlik suvi kirib borishiga va'dalar beradi. Katta umidlarga berilgan aholi esa o‘z ixtiyori bilan devorlarini buzishga kirishadi. Natijada, «Obod qishloq»qa aylantirilishi kerak bo‘lgan hudud «Barbod qishloq»qa evriladi.

Jurnalistlar daragini eshitib to‘plangan aholi vakillaridan hol so‘raymiz.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Hozirda 2018 yilning oktyabri yarimlay boshladi. O‘tgan vaqt ichida bu hududda dastur bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilgan?

Bu qishloq vrachlik punkti. 8 oy oldin qanday holatda bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham avariya holatida qolmoqda. Aholining so‘zlariga ko‘ra, rahbarlar bu hududga, 3 mingdan ortiq kishi yashaydigan hududga QVP kerak emas deb hisoblab, aholini tibbiy xizmat uchun o‘nlab kilometr masofalardagi hududlarga qatnashga majburlashni rejalashtirmoqda. Bu sovxozdagi QVP xodimlari esa kelajagi ne kechishini bilmay sarson.

Bu bir vaqtlar bolalarning sho‘x o‘yin-kulgilari bilan to‘lgan gavjum bog‘cha edi. Keyingi yillar davomida huvillab qolgan bu binoda dastur doirasida yana maktabgacha ta'lim muassasasi tashkil etish bo‘yicha harakatlar boshlangandi.

Ammo ayni vaqtda bu binoning shiferlari qayoqqadir olib ketilgan, bino qarovsiz holda tashlab qo‘yilgan.

Bu masjid binosi. Qishloq ahli uchun yopiq. Nuroniy kishilar hozirda ibodat uchun 20 kilometrdan ortiq masofadagi shaharchaga qatnashga majbur. Dastur doirasida masjidni ham ochib berish va'da qilingan, diniy boshqarma vakillari ham hududda bo‘lishgan va navbatdagi va'dalar berilgan, ammo yakunda bu ish ham o‘lda-jo‘lda qolib ketgan.

Bu aholi uchun ichimlik suvi saqlanadigan suv to‘playdigan gidrotexnik inshoot. Dastur doirasida hududdagi har bir xonadonga ichimlik suvi yetkazib berish uchun ishlar boshlangan, uylar tomon suv quvurlari o‘tkazilgan, hududga keladigan suv quvurini ta'mirlash doirasida xatolik yuz berib, aholi qariyb bir oy davomida ichimlik suvisiz qolib ketgan ham, shunday tomoshalardan keyin ham ish yakuniga yetkazilmagan, ayni vaqtda xonadonlarga ulangan quvurlardan bir tomchi ham suv chiqayotgani yo‘q. Aholi har kuni suv saqlanayotgan hududga kelib, ming azob-uqubat bilan uyiga suv tashishga majbur.

Bu esa maktab sport zali binosi. Alohida mavzu.

Dastur bo‘yicha ko‘zda tutilgan boshqa ishlar - tuman markaziga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, bekatlar qurish, sizot suvlar sathini pasaytirish, bozor infratuzilmasi obektlarini va servis shoxobchalarini, jumladan, hammom va kichik bozor shoxobchalari barpo etish ishlari boshlanishi tugul, bu haqda umuman gap ham bo‘lmagan.

Hokimlar o‘zgarsa ham (2016 yilning sentyabridan buyon Zarbdor tumaniga hokimlik qilib kelgan Islom Bobojonov o‘rniga 2018 yilning 5 aprelida, ayni «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha ishlar boshlangan vaqtda Narzulla Qo‘shboqov yangi hokim etib tayinlanadi. Ammo u bu lavozimda 4 oy ham ishlamay, avgust oyi boshida ishdan olingan, uning o‘rnini Sirdaryo viloyatining sobiq hokimi Oybek Ashurmatov egallagan), tizim ishlashda davom etavermaydimi? Tuman hokimi o‘zgarishi bilan ishlar chala qolib ketaveradimi? Qolaversa, viloyat rahbari Ergash Soliyev hali o‘z joyida.

O‘tgan oylar davomida dastur doirasida bajarilgan yagona ish - qishloq chetida bitta do‘kon qurilishi bo‘lgan. Qolgani faqat va'daligicha qolib ketmoqda. Yil esa poyoniga yetib bormoqda.

Jizzax viloyati hokimligi saytini ko‘zdan kechiramiz. Saytda «Obod qishloq» doirasida Do‘stlik tumani («Manas» qishlog‘i shu tumanda joylashgan) va Mirzacho‘l tumanida olib borilayotgan ishlar o‘nlab xabarlar va lavhalarda yoritilgan, ammo na Zarbdor tumanidagi va na boshqa tumanlardagi vaziyat haqida lom-mim deyilmagan. Bu Mirzacho‘l va «Manas»dan boshqa joylarda namoyish etgulik ish olib borilmaganining yana bir isbotidir.

Endi nima bo‘ladi? Keyingi yilga o‘tilganida bu qishloq dasturdan tashqarida bo‘ladi va navbat dasturga kiritiladigan boshqa qishloqlar aholisini sarson qilishga yetadimi?

Qiziq tomoni, endi rahbarlar buzilgan devorlarni o‘z joyiga qayta tiklab qo‘yaqolishni maslahat qilishmoqda. Kimning bunga qurbi yetadi, kimning yo‘q. Hovlilar ochiq, kimning buyumi yo‘qolgan, kimning uyidagi bor ish ko‘chaning ko‘z-o‘ngida.

Undan ham qizig‘i - bir necha marta qishloqdagi gaz trubalarini kesib olib ketmoqchi bo‘lishgan va aholi qarshiligi tufayli bu reja amalga oshmay qolgan. Ma'lum bo‘lishicha, bu trubalardan boshqa bir qishloqni «obod qilish»da foydalanmoqchi bo‘lishgandi.

Bu hangomalar yaxshi bir komedik film uchun tayyor ssenariy-ku?

Aslida bu yerda fojia.

Bu yo‘llardan yurib bo‘ladimi? Har bir tashlangan qadamdan keyin odam shu joylarda tug‘ilganidan, shu yerlarda yashayotganidan, shu yerlarda qolishga majburligidan qayta-qayta o‘ksimaydimi? Bu yo‘llarda yiqilib qolgan odamlarda faqat rahbarlardan norozilik uyg‘onmaydimi? Bu chang-to‘zonda nafas ololmay qolganlar la'natlar o‘qimaydimi? Haqiqiy baxtsizlik degani shu emasmi? 

Yillar davomida gazsiz va elektr tokisiz yashashga ko‘nikib ketgan odamlar boshlariga tushgan bu yangi savdolardan hayron. 

Qish yaqin. Bu qishloq aholisi navbatdagi qishni avvalgilaridan ko‘ra ko‘proq qo‘rquv va xavotir bilan kutmoqda.

Jurnalistlar Aziz Qarshiyev va Xurshid Daliyev, operator Shuhrat Rashidov

Mavzuga oid