O‘zbekiston | 16:53 / 25.11.2022
14414
6 daqiqa o‘qiladi

Puli to‘lanmagan lift va qimmatbaho unitaz. Ekoqo‘m tadbirkorlarga haqini bermayapti

Ekologiya qo‘mitasi shu yil yangi binoga ko‘chib o‘tdi, lekin quruvchi tadbirkorlar haligacha pulini ololmagan. Qurilish oxiriga yetguncha qo‘mitada 3 marta rais o‘zgargan. “Har bir rais smetaga o‘zgartirish kiritavergani, tadbirkorlar og‘zaki va’daga ishonib, ishlarni bajaravergani oqibatida xarajatlarda katta farq yuzaga kelgan”, demoqda haqdor tadbirkor.

Ekologiya qo‘mitasining Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasi 7-a uyda joylashgan (“Novza” masjidi yonida) binosi qurilishi 2020 yilda boshlangan. O‘sha paytda qo‘mitaga Shavkat Abdurazzoqov rahbarlik qilgan (u hozir Namangan viloyati hokimi), loyiha-smeta hujjatlari va xarajatlari o‘sha davrda tasdiqlangan.

Qurilish ishlari uchun “Shuhrat Maksimal Servis” MChJ tender asosida tanlab olingan. Bu MChJ bir qancha korxonalarni qurilish jarayoniga subpudratchi sifatida jalb etgan. Jumladan, binoga liftlar o‘rnatish va inshootning fasadini plastik panellar bilan qoplash 2021 yilda tuzilgan, qiymati 500 hamda 235 millionlik shartnomalar asosida “Doston Akfa Plus” MChJga topshirilgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasining binosi 

“Doston Akfa Plus” rahbari Intizor Abdalniyozovaning aytishicha, rahbarlarning talabi va xarajatlarni qoplab berishi haqidagi og‘zaki va’dasiga ishonib, smeta hujjatlaridagidan ziyodroq xizmatlar ko‘rsatilgan.

“Men ish olib borgan davrda korxonada 3 ta rais almashdi. Ularning birinchisi liftlarni tillarang qilib berishimizni so‘ragan bo‘lsa, yangisi kelib, metallrangga o‘zgartirishimizni talab qildi. Ularning talabini bajarganmiz. O‘sha paytda smetaga o‘zgarish ham kiritilgandi. 2021 yilning oxirida Ekologiya qo‘mitasi raisi foydalanadigan lift ishga tushirilgan. Ikkinchi lift ham 95 foiz qurib bitkazilgandi. Rais o‘zgarsa, tadbirkor jabr ko‘rsin degan joyi yo‘q-ku.

Muammo shundaki, 2021 yildayoq ishni 95 foiz tayyor holatda topshirishimga qaramay, bugungi kungacha uni mendan qabul qilib olishgani yo‘q. Tenderda yutgan, bizni yollagan qurilish korxonasi bankrotlik holatini e’lon qilgan. Sababi Ekoqo‘m “Shuhrat Maksimal Servis” MChJga 9 mlrd so‘m pulini to‘lashni paysalga solib kelmoqda. Shu sababli men ham shartnomada kelishilgan pulning 358 mln so‘mini ololmayapman.

Jabr ko‘rganlar faqat men emas. Ekologiya davlat qo‘mitasi yoniga borsangiz, pulini ololmayotgan tadbirkorlar simyog‘ochga terilib o‘tirgan qushlardek rahbarning yo‘lini poylab o‘tirganini ko‘rasiz”, deydi tadbirkor.

Intizor Abdalniyozova, “Doston Akfa Plus” MChJ rahbari / Foto: Kun.uz

Tadbirkor lift pulini vaqtida to‘lolmagani uchun yetkazib beruvchi tashkilot uni sudga berganini, bu haqda Ekologiya davlat qo‘mitasiga yozgan 11 ta murojaatining birortasiga ham javob berilmaganini aytadi.

Abdalniyozovaning aytishicha, u qo‘mita rahbarlarining xonasini ham ta’mirlab bergan. “Doston Akfa Plus” MChJ tomonidan bu xonalarga qimmatbaho eshiklar o‘rnatilgan bo‘lsa, qolgan jihozlar boshqa korxonalar tomonidan o‘rnatilgan. Hatto, rahbarlarning ra’yiga qarab smetada ko‘zda tutilgan 100 dollarlik unitaz o‘rniga 1000 dollarligi o‘rnatilgan.

“Oblomurodovdan oldingi rais davrida smetada 100 dollar ko‘rsatilgan unitaz o‘rniga 1000 dollarlik unitaz o‘rnatib berish so‘ralgan. Ammo bu tadbirkor ham haligacha pulini ololgani yo‘q”, deydi Intizor Abdalniyozova.

Tadbirkor qo‘mita eshigida sarg‘aya-sarg‘aya Narzullo Oblomurodovning qabuliga kirishga muvaffaq bo‘lgani, rais yil so‘ngiga qadar qo‘shimcha shartnoma asosida 130 mln so‘m to‘lab berilishini aytgan. Ammo tadbirkorni bu taklif qoniqtirmayapti, 358 million so‘mlik qarz to‘liq qoplab berilishini istamoqda. Shuningdek, bajarilgan ishlar undan qabul qilib olinmayotganidan norozi bo‘lmoqda.

Intizor Abdalniyozova, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi bilan nizodagidan farqli o‘laroq, Ekoqo‘mitani sudga bermagan. Chunki uning buyurtmachisi to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘mita emas. Shu boisdan ham u qo‘mita raisi Oblomurodovning “pulingizni to‘lab beramiz” degan va’dasiga ishonib kun sanamoqda.

Ha aytgancha, Kun.uz'ning Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi haqidagi materialidan so‘ng Ekoqo‘mitaning paytavasiga qurt tushgan. Ular Abdalniyozova bilan bog‘lanishgan va masalani jamoatchilikka oshkor qilmay turishni, tez orada pullarini to‘lab berishlarini aytishgan. Ammo o‘sha suhbatdan keyin ham oradan deyarli 1 hafta o‘tmoqda, ammo puldan darak yo‘q.

Oblomurodovning matbuot kotibi Ismat Do‘stmurodov bugun, 25 noyabr kuni qo‘mitada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda holat yuzasidan tayinli munosabat bildira olmadi. Faqatgina tadbirkor shu yerda ekani, uni qo‘mita raisi o‘rinbosarlaridan biri qabul qilayotganini ayta oldi xolos.

Intizor Abdalniyozovaning iddaolari nechog‘li haqiqatga yaqin ekaniga oydinlik kiritish maqsadida bergan savollarimizga esa javob ololmadik.

Jamshid Niyozov,
jurnalist

Mavzuga oid