“Doston Akfa Plus” MChJ rahbari, tadbirkor Intizor Abdalniyozovaning aytishicha, u 2018 yil aprelda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga qarashli “Yangiyo‘lqurilish” UK tomonidan e’lon qilingan, Avtomobil yo‘llari Davlat qo‘mitasining bino-inshootlarini kapital ta’mirlash bo‘yicha ochiq tenderda qatnashib, 3 ta lotda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
– Tenderga 20 dan ortiq qurilish obektlari qo‘yilgan edi. Men Avtoyo‘l qo‘mitasiga lift va eshik-romlarini o‘rnatish bo‘yicha 3 ta lotni yutib oldim va o‘rnatib berdim.
Shartnomada belgilangan barcha ishlarni ko‘rsatilgan talablar asosida bajarib, buyurtmachilarga topshirdim. Davlat tashkilotlari bilan ishlash uchun oldindan to‘lovning 30 foizi to‘lanadi. Qolgani ish yakunlangach berilishi kerak edi. Men “Yangiyo‘lqurilish” UKga, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga ishonib, barcha ishni bajardim. Mana 4,5 yildirki, qolgan pulimni ololmasdan sarsonman.
Avtoyo‘l qo‘mitasi pulni bugun beramiz, erta beramiz, pandemiyadan keyin beramiz deb ortga suraverishdi. Barchasini sabr bilan kutdim. Oxiri sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Tuman va shahar sudlarida yutib chiqdik. “Yangiyo‘lqurilish” UK bilan bir yil-u uch oy ishlagan bo‘lsam, shu vaqt oralig‘ida 9 marta rahbar almashdi. Bir rahbarga tushuntirib, ishni topshiraman desangiz, o‘rniga boshqasi qo‘yiladi.
Aslini olganda, tenderda lotni yutgandan keyin uning narxini kesishga yoki pasaytirishga hech kimning haqqi yo‘q. 950 million olishim kerak bo‘lgan summani 470 millionga tushirishdi. Kasod bo‘lmaslik uchun yarmini olishga ham rozi bo‘ldim. Shunga majbur bo‘ldim. Sababi har bir kelgan yangi rahbar 6 oy tekshiruv o‘tkazadi. O‘z ishim qolib, necha yillardan beri shular bilan ovora bo‘lib qoldim.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, barcha ishlar ham tender shartnomalariga muvofiq amalga oshirilgan. U “Yangiyo‘lqurilish” UKda har safar rahbar o‘zgarganda turli bahonalar bilan pulini to‘lab bermayotganini aytadi.
Bahonalardan toqati toq bo‘lgan tadbirkor sudga murojaat qiladi. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi uning da’vosini qisman qanoatlantirib, javobgar “Yangiyo‘lqurilish” UK hisobidan da’vogar “Doston Akfa Plus” MChJ hisobiga 417 mon 339 ming so‘m asosiy qarz, 15 mln so‘m penya undirish haqida qaror chiqaradi.

















