O‘zbekiston | 19:15 / 27.10.2022
47288
7 daqiqa o‘qiladi

1 noyabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2022 yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi. 

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati kengaytiriladi

Prezident qaroriga asosan 2022 yil 1 noyabrdan boshlab qarorda ko‘rsatilgan 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 noyabrdan boshlab tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlik sub’yektlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan:

  • parranda, parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari;
  • uzum ko‘chati va tok so‘risi;
  • asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi;
  • quyon, quyon katagi va ozuqa yemi;
  • baliq chavoqlari, sun’iy hovuz va ozuqa yemini xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi.

Bunda, mazkur subsidiya bir nafar tomorqa yer uchastkasi egasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha miqdorda hokim yordamchilarining tavsiyasiga asosan ajratiladi.

Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar axborot tizimida ro‘yxatga olinadi

Prezident qaroriga asosan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Bunda, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida mazkur tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi.

Qarorga muvofiq endilikda nazorat qiluvchi organlar «xavfni tahlil etish» tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik sub’yektini xabardor qilishi shart.

Qolaversa, tadbirkorlik sub’yektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va obekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazishga va tadbirkorlik sub’yekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emasligi belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini quyidagi hollarda, ya’ni:

  • tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda;
  • tekshiruv belgilangan tartibda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda;
  • tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmaganida;
  • ular Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortganida tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik huquqiga ega.

Sirdaryo viloyatida nikoh tuzish va nikohdan ajratish bo‘yicha arizalarni davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkaziladi

Hukumat qaroriga asosan nikoh tuzish va nikohdan ajratishni qayd etish uchun arizalarni Sirdaryo viloyatining tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkaziladi.

Tibbiyot muassasalaridagi vakant lavozimlarga talabalar, magistr va klinik ordinatorlarni ishga joylashtirish choralari ko‘riladi

Hukumat qaroriga ko‘ra, tuman (shahar)lar kesimida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor va tor doiradagi shifokorlar, tez tibbiy yordam muassasalarida shifokorlar, shuningdek Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman (shahar) bo‘limlarida shifokorlarga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanadi hamda birinchi bosqichda 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab Surxondaryo viloyatida, ikkinchi bosqichda esa 2022 yil 1 noyabrdan boshlab respublikaning qolgan hududlarida mavjud vakant lavozimlarga talabalar, magistr va klinik ordinatorlarni ishga joylashtirish choralari ko‘riladi.

Eksportchilarga soliq bazasini kamaytirish imtiyozi umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qo‘llanadi

Prezident farmoniga asosan bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda, muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan jarima qo‘llanmaydi.

Shuningdek, eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solinadigan bazani kamaytirish ko‘rinishidagi imtiyozlar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qo‘llanadi.

Intellektual mulk huquqlarini buzganlarga huquqiy ta’sir choralari maxsus portal orqali amalga oshiriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, intellektual mulk huquqlarini buzgan holda ishlab chiqarilayotgan, sotilayotgan va tarqatilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va tarqatuvchilarga huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash idoralararo axborot almashinuvi Adliya vazirligining «IP-Protection» axborot portali orqali amalga oshiriladi.

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari boshqaruv faoliyatini, ular elektron reyestrga kiritilgandan so‘ng amalga oshiradi

Prezident qaroriga asosan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari boshqaruv faoliyatini, ular elektron reyestrga kiritilgandan so‘ng amalga oshiradi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 noyabrdan boshlab qurilish-montaj ishlari (rekonstruksiyasi) tugallangan ko‘p kvartirali uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma berilganidan so‘ng loyiha hujjatlari, kadastr pasporti va mazkur ruxsatnomaga umumiy mol-mulkni yoki tutash yer uchastkasini kamaytirish va tutash yer uchastkasida qo‘shimcha ko‘p kvartirali uy yoki umumiy mol-mulk bo‘lmagan obekt qurish uchun o‘zgartirish kiritish taqiqlanadi.

Mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari hamda to‘lov tizimlari operatorlariga elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi

Prezident qaroriga asosan mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari hamda to‘lov tizimlari operatorlariga axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda, o‘zlarining mobil ilovalari orqali Yagona portaldagi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishga, identifikatsiyalovchi ID-kartaga joylashtirilgan elektron raqamli imzo kalitlari orqali Yagona portalning mobil ilovasida joriy etilgan elektron davlat xizmatlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Bunda elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar «Elektron hukumat» tizimining yagona identifikatsiyalash axborot tizimi orqali identifikatsiya qilinadi.

Mavzuga oid