Jamiyat | 11:17 / 23.06.2020
48999
13 daqiqa o‘qiladi

«U menga chiroyli muomala qilmadi» - Urgutda IIB xodimining nohaq harakati fermerning hosilini kuydirdi

Tahririyatga yurtdoshlarimizdan ichki ishlar xodimlari avtomobilini noqonuniy tarzda jarima maydonchasiga kiritib qo‘ygani haqidagi murojaatlar kelib tushmoqda.

Shunday murojatlardan biri Samarqand viloyati Urgut tumani «Jartepa» agrofirmasiga qarashli «Otayorxon yashil xazinasi» fermer xo‘jaligi rahbari Otamurod Po‘latov tomonidan yo‘llangan.

Murojaatda ma'lum qilinishicha, O.Po‘latov shu yil faoliyatini boshlagan yangi fermer. Unga tumandagi «Jartepa» agrofirmasi hududidan 10 gektar yer g‘allachilik-sabzavotchilik yo‘nalishi bo‘yicha ajratib berilgan. Yer maydoni uning yashash manzilidan 20 km uzoqlikda joylashgan.

Otamurod Po‘latovga ajratib berilgan paytda yer bo‘sh turgan bo‘lgan va fermer kuzgi bug‘doy ekish mavsumi boshlanguncha unda sabzavot yetishtirish uchun piyoz ekkan. 31 may kuni fermer dalada piyoz ekayotgan ishchilariga tushlik olib borish uchun uyiga kelgan va tushlik bilan birga dalasining suv chiqmaydigan qismini sug‘orish uchun nasosni mashinasiga yuklab, yo‘lga chiqqan. Mahallasida uni ichki ishlar xodimlari to‘xtatib hujjatlarini so‘ragan.

Otamurod Po‘latovdan avtomobil boshqarishga tegishli hujjatlarini olgan ichki ishlar xodimi unga «Nega karantin qoidalarini buzib yuribsiz?» degan. Fermer dalada ishlayotgan ishchilariga tushlik va suv nasosi olib ketayotganini aytgan. Xodim yonidagi sherigiga fermerning mashinasini olib borib jarima maydoniga tiqishni buyurgan.

Fermer unga suv nasosi va fermerlik hujjatlarini ko‘rsatgan, ammo ichki ishlar xodimi uning hujjatlariga qaramay karantin qoidalarini buzish bo‘yicha ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish uchun Otamurod Po‘latov va uning mashinasini Urgut tumanidagi 2-sonli IIB XPBga olib borgan.

Murojatni o‘rganish jarayonida avval fermer Otamurod Po‘latov bilan uchrashdik. Uning aytishicha, o‘sha kuni yo‘lda to‘xtatgan ichki ishlar xodimi o‘zini tanishtirmagan: «Ichki ishlar xodimi (YPX xodimi emas!) yonidagi sherigiga «Buni mashinasini olib borib tiq», deganida men unga «Prezidentimiz fermerlarga tegma» degan-ku?!» dedim. Bu gapim ichki ishlar xodimini quyushqondan chiqardi, «Televizorda senlarga boshqacha gap gapiriladi, kattalar menga boshqacha buyruq beradi», deb javob berdi.

O‘sha xodimning yonidagi sherigi «O‘rtoq boshliq, mashina yukxonasida suv nasosi bor, qo‘lida fermerlik hujjatlari turibdi, mashinasida tushlik ham bor ekan, u aldamayapti, qo‘yib yuboraylik», deganida «o‘rtoq boshliq» yordamchisiga «Bu mahmadonaning (fermerni) o‘zini ham oborib tiqish kerak», deb javob berdi.

Shundan so‘ng mashinamni xalq tilida «O‘ramas POM» deb ataladigan Urgut tuman IIO FMB 2-son IIB XPBga olib kelishdi. Bu yerda meni to‘xtatgan xodim ana shu 2-sonli IIB XPB boshlig‘i Sanjar Hazratov ekanini bildim.

Bo‘limga kelganimizdan so‘ng mashinamni bo‘limgacha boshqarib kelgan xodim «Bu aka fermer ekan, men bu odamning mashinasini hujjatlashtirmayman», deb ma'muriy bayonnoma yozishdan bosh tortdi. Shunda Sanjar Hazratov o‘sha xodimni urishib berdi va bayonnomani boshqa xodimga yozdirdi. Shu tariqa, mashinam jarima maydoniga joylashtirildi. Suv nasos hali ham mashina yukxonasida turibdi», deydi Otamurod Po‘latov.

Fermerning aytishicha, shundan so‘ng u umuman uyidan chiqa olmagan. Bir necha marta mashinasi bor tanishlariga dalasiga borib piyoz ekilgan dalani sug‘orib kelish uchun iltimos qilgan, ammo karantin sabab hech kim rozi bo‘lmagan. «Bir necha kun o‘tib dalamga borsam, yangi ekilgan piyozlarning bir qismi nobud bo‘lgan...», deydi fermer.

Shundan so‘ng hodisa yuzasidan izoh olish uchun Urgut tuman IIO FMBga bordik. U yerda bizni Sanjar Hazratovning oldiga, 2-sonli IIB HPBga jo‘natishdi. Sanjar Hazratovni topib, uni fermer bilan yuzlashtirdik.

2-sonli IIB HPB boshlig‘i haqiqatan fermerning mashinasini karantin qoidalarini buzgani uchun hujjatlashtirib, topshirib yuborganini tan oldi. Uning tushuntirishicha, karantin paytida ko‘cha-ko‘yda bekor yurgan ayrim fuqarolar ham turli sabablarni bahona qilishga urinishadi. U ayniqsa, qishloq joylarida «fermerman», deb bahona qiladigan ko‘pligi haqida gapirdi.

Ammo o‘shanda Otamurod Po‘latovning fermer yoki fermer emasligini aniqlab, so‘ng unga chora ko‘rishning iloji bor edi-ku?! Sanjar Hazratov esa buni aslo istamagan ko‘rinadi. Undan Otamurod Po‘latovning mashinasi yukxonasida suv nasosi borligini ko‘rgan-ko‘rmaganini so‘radik. U suv nasosni ko‘rganini, lekin bu hech narsani anglatmasligini (!) aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat pilla boqish uchun tut bargi ortib ketayotgan turli texnikalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ortib yurgan yuk mashinalariga indashmagan. Qolganlarga chora ko‘rishgan. Sanjar Hazratovning qo‘shimcha qilishicha, Otamurod Po‘latov unga yaxshi muomalada bo‘lmagan.

«Rahbarlar buyruq bergani bilan biz ham inson omilini va vaziyatni inobatga olib ish tutamiz. O‘sha kuni bu fuqaro chiroyli muomala qilganida, men uning mashinasini jarima maydonchasiga tiqmasdim», dedi 2-sonli IIB HPB boshlig‘i.

Endi bu nima degani?! Bu bilan ichki ishlar organi xodimi fermerligini bila turib ham haqini talab qilgani uchun ataylab qildim demoqchi bo‘ldimi?

(Sanjar Hazratov bilan suhbat audioyozuvi tahririyatda bor)

Qisqasi, fermerning «Prezidentimiz fermerlarga tegma degan-ku?!» — deb, ichki ishlar xodimidan o‘zini tanishtirishni so‘raganim uni darg‘azab qilib yubordi», degan gapi bilan Sanjar Hazratovning «U menga yaxshi muomala qilmadi, agar chiroyli muomala qilganida mashinasini jarima maydoniga olib borib tiqmasdim», degan gaplari bir-biriga mos kelyapti va murojaat mazmuni tasdiqlanmoqda.

Fermerning dalasiga ham bordik. U kecha, bugun piyozini sug‘orayotgan ekan. Ammo ekilgan piyoz ko‘chatlarning ancha qismi suvsizlikdan nobud bo‘lgan va fermerning ekini ancha zarar ko‘rgan. Uning aytishicha, mashinasi yukxonasida turgan suv nasosini kuniga 100 ming so‘mdan ijaraga olgan va 31 maydan buyog‘iga hisob ketyapti.

Fermerning dalasini ko‘zdan kechirayotganimizda, u piyozlari yashnab turgan qo‘shni fermerning dalasini ko‘rsatdi. Ma'lum bo‘lishicha, Otamurod Po‘latovning dalasidagi piyoz bilan qo‘shni daladagi piyoz bir kunda ekilgan. Qo‘shni dalada hamma ishlar o‘z vaqtida bajarilgani uchun piyoz bexato ko‘klagan va avjida o‘syapti. Otamurod Po‘latovning dalasida esa holat juda ayanchli ko‘rinishga kelib qolgan.

Fermerga «Piyoz qurib qolgan joylarda qayta eksa bo‘lmaydimi?», deb savol berganimizda, u buyog‘iga ekilgan piyoz kuzga borib yaxshi pishmay qolishini, qolaversa mashinasi hanuz jarima maydonida turgani uchun endi hech narsa qila olmasligini aytdi.

Fermerning aytishicha, u mashinasi jarima maydoniga joylashtirilgan 31 may kuni viloyat hokimining telegram messenjeriga yozma ravishda murojaat qilgan, shuningdek, 1 iyun kuni Bosh prokuraturaning 1007 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, muammoni hal qilib berishni so‘ragan. Bosh prokuratura ishonch raqamiga qilingan murojaatga 6 iyun sanasi bilan, viloyat hokimi telegram messenjeriga yo‘llangan murojaatga esa 16 iyun kuni Urgut tuman IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik O.Jalilov nomidan javob xatlari yuborilgan.

Bosh prokuraturaga qilingan murojaatga 6 iyunda berilgan javob xatida IIOFMB boshlig‘i podpolkovnik O.A.Jalilov mashinani YHXB va SEOM xodimlari to‘xtatib ma'muriy bayonnoma tuzilganini ta'kidlagan, oradan 10 kun o‘tib viloyat hokimi telegram messenjeriga qilingan murojaatga javob xatida xuddi shu inson IIOFMB 2-sonli IIB HPB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, so‘ng Samarqand viloyat Davlat Sanitariya epidemiologiya boshqarmasiga yuborilgani ma'lum qilingan.

Endi qarang, IIB HPB boshlig‘i Sanjar Hazratov YPX xodimi emas, uning avtomashinalarni to‘xtatishga, rasmiylashtirishga aslo haqqi yo‘q. Holbuki, fermerni to‘xtatishganda na GAI, na SES xodimi bo‘lgan. Fermerni POM boshlig‘i to‘xtatib, «stoyanka» qilgan. Endi esa fermerga qarata «borib dardingni «SES»ga ayt», deyilmoqda.

Endi o‘ylab ko‘ring: fermerga dalasiga borish uchun uydan chiqish mumkin bo‘lmasa, unda xalqni kim boqadi? Yoki ichki ishlar organlari 34 million aholini boqsa bo‘ladigan oziq-ovqat zaxirasiga egamikin?

Qolaversa, bu yil hukumat tomonidan qishloq xo‘jaligiga katta e'tibor bo‘lyapti va joylarda yerlardan maksimal darajada unumli foydalanish haqida topshiriqlar berilyapti.

Fermerligi aniq bo‘lgan odamning mashinasini jarima maydonchasiga tiqayotgan ichki ishlar xodimlari shu jihatlarni o‘ylab ko‘rishganda, zarar qilmasdi.

Endi Otamurod Po‘latovning muammosiga kelsak, uni ham tuman markazida yoki kasallik aniqlangan mahallada emas, balki o‘z mahallasida to‘xtatishgan. Qolaversa, uni to‘xtatgan xodim «Menga yaxshi muomalada bo‘lmadi», degan bahona bilan fermerning hujjatlariga ham, vajlariga ham qaramagan.

Oqibatda fermer yaxshigina zarar qildi, u ish bilan ta'minlashi kerak bo‘lgan odamlar ishsiz qoldi. Birgina o‘ylamasdan qilingan nohaq harakat ortidan bir qancha oilaning qora qozoni qaynashdan to‘xtab qolgan. Qisqasi, «birniki mingga, mingniki tumanga» urdi.

Bu yerda eng adolatli yo‘l — Sanjar Hazratov tomonidan oylik maoshi hisobidan fermer ko‘rgan barcha zararlarni qoplatish, uning o‘zini esa ichki ishlar tizimidan bo‘shatish bo‘lardi.

Eng qizig‘i, o‘z xodimini himoya qilish uchun Urgut tuman IIOFMB boshlig‘i bosh prokuraturaga boshqacha, viloyat hokimligiga boshqacha ma'lumot bermoqda. Aynan mana shu ishi uchun ham IIOFMB boshlig‘i yetkazilgan zarar va noqulaylik uchun fermerdan rasman uzr so‘rab chiqib, viloyat SEOM markaziga avtomashina noto‘g‘ri rasmiylashtirilganini aytib, xat yo‘llashi kerak edi. Har qanday normal davlatda aynan mana shunday yo‘l tutilgan bo‘lardi.

Biroq, bu voqeadan keyin Urgutda adolat borligiga ishonish qiyin bo‘lmoqda. Tumandagi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlarni xaspo‘shlashga urinish bor, xolos.

Xullas, jarima bekor qilinmayapti, yetkazilgan zararni Sanjar Hazratov to‘lab bermayapti, unga biror chora ham ko‘rilmayapti, boshliq ham uzr so‘ramayapti.

Bu yerda kuygan faqat dehqon bo‘lmoqda.

Shuhrat Shokirjonov,
G‘ayrat Yo‘ldosh

P.S. Darvoqe, bugun Otamurod Po‘latov tahririyat bilan qayta bog‘lanib, avtomashinasini jarima maydonidan olib chiqqanini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanitariya-epidemiologiya nazorati idorasi tomonidan unga nisbatan asossiz ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani aytilib, mashinasi jarima maydonidan chiqarib yuborilgan.

Shunga qaramay, fermer mashinasi ushlab turilgan davr uchun jarima maydonchasiga 330 ming so‘m to‘lov qilishga majbur bo‘lgan. Endi u mashinasi asossiz jarima maydoniga qo‘yilgani bois ekinlari qurib qolishi ortidan ko‘rgan moddiy zararni 2-sonli IIB XPB boshlig‘i Sanjar Hazratovdan undirish bo‘yicha ma'muriy sudga da'vo arizasi kiritishga hozirlanayotganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid