Jahon | 22:20 / 08.10.2025
6206
5 daqiqa o‘qiladi

Xitoy hukumati ijtimoiy tarmoqlarda yangi senzura kampaniyasini boshladi

Endi Xitoydagi tarmoqlarda «tirishqoqlik bilan mehnat qilish befoyda», «farzand ko‘rish esa iqtisodiy jihatdan foydasiz», deb yozib bo‘lmaydi.

Foto: The New York Times

Sentyabr oyi oxirida Xitoy kibermakon boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarni «salbiy va pessimistik kayfiyatlarni haddan tashqari bo‘rttiradigan» va «tushkunlik»ni ilgari suruvchi, masalan, «astoydil ishlash befoyda» kabi kontentdan tozalash bo‘yicha ikki oylik kampaniyani e’lon qildi. Kampaniya haqida The New York Times xabar berdi.

Oqibatda bir nechta taniqli blogerlarning akkauntlari bloklandi. Ular orasida minimalist hayot tarzini va martaba ambitsiyalaridan voz kechishni targ‘ib qilgan ikki bloger ham bor. Yana biri iqtisodiy jihatdan oqilona tanlov - uylanmaslik va farzand ko‘rmaslik, deb ta’kidlagani uchun jabr ko‘rdi. Shuningdek, G‘arbdagi hayot sifati Xitoyga qaraganda yuqori ekanidan shikoyat qilgan sharhlovchi ham bloklandi. Bloklangan blogerlarning ba’zilari o‘n millionlab auditoriyaga ega edi.

Xitoyning turli shaharlarida mahalliy hokimiyatning buyrug‘i bilan ijtimoiy tarmoqlardagi shahar muhiti sifati va uy-joy narxidan shikoyat qiluvchi akkauntlar bloklanmoqda. Weibo ijtimoiy tarmog‘ida 1200 dan ortiq akkaunt mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasi holati haqida «mish-mishlar tarqatgani» uchun bloklandi.

Shuningdek, aktyor Yu Menlun o‘limini muhokama qilish ham cheklandi. Rasmiylarga ko‘ra, u tasodifan derazadan tushib ketgan, biroq internetda bu o‘z joniga qasd qilish bo‘lgani haqidagi versiya mashhur: go‘yoki aktyor Xitoy shou-biznesidagi o‘ta keskinlik, adolatsizlik va korrupsiyaga dosh bera olmagan. Weibo ijtimoiy tarmog‘ida bunday versiyani tarqatgan bir yarim mingdan ortiq akkaunt bloklangan yoki o‘chirib tashlangan.

Bir nechta platformalarda Xu Chenfenning Xitoy jamiyatidagi qashshoqlik va tengsizlik haqida gapirgan videolari bloklandi. Ushbu bloger Android so‘zini sifatga aylantirgani bilan mashhur. Dastlab bu «Apple odamlari» va «Android odamlari», ya’ni boylar va kambag‘allarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish edi. Endi xitoylik yoshlar uy-joyni «android» deb atamoqda.

Xitoyda kambag‘al oilalardan chiqqanlarning ijtimoiy harakatchanlik imkoniyatlari pastligi haqida gapiradigan va yozadiganlar ham senzuraga uchradi: tanishlari bo‘lmasa, ular IT yoki moliya kabi nufuzli sohalarda martaba qila olmaydi.

Nihoyat, ular Xitoyda umidsizlik va ehtimol psixiatrik yordamning yetishmasligi tufayli sodir etilgan zo‘ravonlik jinoyatlari haqidagi yangiliklarni muhokama qilishni ham chekladi. Gap, masalan, 2024 yilda o‘nlab odamlar halok bo‘lgan bir qator hujumlar haqida ketmoqda. Hujum qilganlar bir-biriga hech qanday bog‘liq bo‘lmagan va turli usullardan (pichoq bilan hujum qilish, mashinada olomonni urib yuborish) foydalangan - ammo bu jinoyatlarda umumiy motiv bor edi: hayot istiqbollari yo‘qligi uchun «jamiyatdan o‘ch olish» istagi.

Shu bilan birga, davlat ommaviy axborot vositalari (masalan, rasmiy «Jenmin jibao» gazetasi va Xitoy markaziy televideniyesi) «tushuntirish ishlari» olib bormoqda. Targ‘ibotga ko‘ra, davlat «eng tushkun voqealarni» aytib beradigan «hissiy yirtqichlar» bilan kurashmoqda.

Xitoy rahbariyati «melanxoliya tarqalishi» va an’anaviy maqsadlardan (ko‘p ishlash, oila qurish, yuqoriga intilish) voz kechishni jiddiy siyosiy muammo deb hisoblaydi, deb yozdi The New York Times. 2025 yilda Xitoy mehnat bozoriga rekord darajadagi 12,2 million bitiruvchi kirib keladi. Shu bilan birga, Xitoyning iqtisodiy o‘sishi sekinlashmoqda va bo‘sh ish o‘rinlari hammaga yetmasligi aniq. Ishga joylashmagan yoshlar tobora ko‘payib bormoqda va bu muhitda umidsizlik va passivlik tobora ortyapti.

Regulyatorlar va partiya matbuoti internet platformalaridan «tushkunlikni tarqatishni» to‘xtatishni talab qilmoqda. Biroq, The New York Times ta’kidlashicha, bunday siyosatning haqiqiy oqibati, katta ehtimol bilan, Xitoydagi oxirgi norozilik kanalining yopilishi va tizimli muammolarning yanada chuqurlashishiga olib keladi.

Mavzuga oid