O‘zbekiston | 15:15 / 24.04.2024
4378
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston birinchi chorakda 360 mln dollarlik gaz sotib oldi

Joriy yil yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga 360,2 million dollarlik gaz import qilindi. Bu qiymat hisobida 2023 yilning mos davriga nisbatan 2,35 barobar yoki 207,3 mln dollarga ko‘p. O‘z navbatida, mazkur davrda gaz eksporti 45,4 million dollarni tashkil etdi.

Foto: TASS

2024 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 15,8 mlrd dollarni tashkil etgan, bu 2023 yilning mos davriga nisbatan 6,2 foizga ko‘p.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi chorakda 360,2 million dollarlik gaz import qilingan. Bu qiymat hisobida 2023 yilning mos davriga nisbatan 2,35 barobar yoki 207,3 mln dollarga ko‘p.

2024 yilning yanvar-mart oylaridagi gaz import qilish ko‘rsatkichlari:

  • Yanvar – 35,6 million dollar;
  • Fevral – 131,1 million dollar;
  • Mart – 193,5 million dollar.

O‘z navbatida, bu davrda gaz eksporti 45,4 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan qiymat hisobida 2,5 foizga oshgan.

2024 yilning yanvar-mart oylaridagi gaz eksport qilish ko‘rsatkichlari:

  • Yanvar – 21 million dollar;
  • Fevral – 5,7 million dollar;
  • Mart – 18,7 million dollar.

Avvalroq, joriy yilning dastlabki 3 oyi davomida O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi 11,6 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,9 foizga qisqargani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston ilk marta Rossiyadan gaz import qila boshladi. UzGasTrade va “Gazprom” o‘rtasida yiliga 2,8 mlrd kub metr yoki kuniga 9 mln kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Shundan keyin tomonlar o‘rtasida o‘rta va uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha muzokaralar boshlangan.

2024 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, “shimoldan import qilinadigan” tabiiy gaz hajmi kuniga 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshiriladi. Respublika magistral gaz tizimini bunga tayyorlash uchun tashqi qarzlar hisobidan 500 mln dollar ajratish reja qilingan.

Mavzuga oid