O‘zbekiston | 21:42 / 18.05.2023
8132
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda YeTTB mablag‘lari asosida 15 ta maktab quriladi 

Loyihaning kapital qiymati 55-75 million AQSh dollarini tashkil etadi. 

Foto: Yandex Maps

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda YeTTB o‘rtasida uch tomonlama texnik yordam berish shartnomasi imzolandi. 

Hamkorlik doirasida respublika hududlarida bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida yangi davlat umumta’lim maktablari faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi, ularga xususiy sheriklar tomonidan xizmat ko‘rsatilishi va ta’mirlanishi hamda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan davlat umumta’lim maktablarini rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha binolar qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Jarayonning dastlabki bosqichida YeTTB mutaxassislari tomonidan grant olish va maslahatchilarni yollash bo‘yicha ichki tahlillar o‘tkazilgan hamda Namangan va Farg‘ona viloyatida 15 ta maktab qurish rejalashtirilgan. Loyihaning kapital qiymati 55-75 million AQSh dollarini tashkil etadi. 

Qayd qilinishicha, prezident farmoniga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 2022-2024 yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning sohalar kesimidagi «yo‘l xaritasi» tasdiqlangan. Uning tegishli bandlariga asosan, mas’ul vazirlik va idoralar oldiga YeTTB ko‘magida davlat-xususiy sheriklik shartlarida umumta’lim maktablarini xalqaro standartlar bo‘yicha rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha zarur vazifalar belgilab berilgan. 

Mavzuga oid