“Uyi sovuq bo‘lgandan ko‘ra, metanda navbatda turgani ma’qul” - Energetika vazirligi
Qish kelishi bilan metan-shoxobchalar ish vaqti yana cheklandi, navbatlar kilometrlarga cho‘zilmoqda. Shunday sharoitda, Kun.uz savollariga javob bergan energetika vazirining matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev haydovchilarga gaz bo‘lmasa, benzin quyish yoki elektromobil sotib olishni maslahat berdi. Mavjud vaziyat uchun mas’uliyatni esa ob-havoga yukladi: “Dekabr oyida bunaqangi sovuq bo‘lmas edi, bu yil bizga o‘ziga xos iqlim kirib keldi”.
O‘zbekistonga qish har yili kelishi, qish sovuq bo‘lishi qanchalik odatiy hol bo‘lsa, qishdagi energetika muammolari ham shunchalik odatiy holga aylangan. Gaz yetmaydi, bosim pasayadi, gaz quyish shoxobchalaridan tortib aholi xonadonlarigacha energiya taqchilligi kuzatiladi.
Bu yil ham sovuq tushishi bilan metan-shoxobchalarning ish vaqtiga cheklov kiritildi. Maqsad – gazni avvalo aholi xonadonlariga va ijtimoiy obektlarga yetkazish. Metan-shoxobchalarda esa turnaqator navbatlar yuzaga kelgan, haydovchilar na gaz va na benzin topa olmayotganidan, sarsongarchilikdan norozi.
E’tiborlisi, Energetika vazirligi bu yil ham “anomal” ob-havoga ishora qilmoqda. Vazirning matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev Kun.uz bilan suhbatda “anomal” so‘zini ishlatmagan bo‘lsa ham, ma’nosi shunga yaqin “o‘ziga xos iqlim”ni sabab qilib keltirdi.
“To‘g‘ri, qish doim kirib keladi, lekin oldingi yillar bilan solishtiriladigan bo‘lsa, dekabr oyida bunaqangi sovuq bo‘lmas edi. Mana, bu yil bizga o‘ziga xos iqlim kirib keldi. Dekabrning boshidan sovuq bo‘ldi. Oyning oxirigacha mana shu jarayon davom etib borishi prognoz qilinyapti. Kelayotgan haftaning oxiri, kelgusi haftaning boshlarida bundan-da sovuq bo‘lishi kutilayotgan ekan.
Qish mavsumiga 3 xil ssenariy asosida tayyorgarlik ko‘rilgani aytilgan. Har bir ssenariyning asosiy maqsadi – birinchi navbatda aholi va ijtimoiy infratuzilma obektlarini issiqlik bilan ta’minlash.
Metan zapravkalar yopilishiga kelsak, ularning ish faoliyati cheklanayotgani... Buni endi soat nechidan nechigacha ishlashini har bitta hudud o‘zining imkoniyati, iqtim sharoitidan, vaziyatdan kelib chiqib belgilaydi.
Aytish kerakki, metan zapravka yopiq bo‘lgan taqdirda, haydovchilarimizda boshqa muqobil variant bor. Ya’ni ular bemalol benzin quyishlari mumkin. Xabaringlar bor, benzin birjaga 2 baravar ko‘p miqdorda chiqarilyapti. Agar talab qilinsa, balki 3 baravar ko‘p ham chiqaramiz, bu bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q, zaxira yetarli”, – deydi u.
Toshkentdagi gaz quyish shoxobchalari faqat ma’lum soatlardagina ishlamoqda, ba’zilari hatto kunduzi ham umuman ishlamayapti. Haydovchilar esa navbat poylamoqda. Ularning ichida asosiy tirikchiligi shu mashinasida odam tashishdan iborat bo‘lganlari ham bor.
“Ertalabdan beri gaz berarmikan degan niyatda qarab turibmiz, biror kim tushuntirish bergani yo‘q. To‘g‘ri, ular ham bizdek oddiy odamlar, yuqoridan kimdir aytsa, keyin beradi. Bir nechta shoxobchalarga bordik, lekin gaz ham, benzin ham topa olmadik. AI-80 markali benzini bor zapravkalarda navbat kilometrlab cho‘zilib ketgan. AI-90 va AI-92 markali benzinlar esa juda qimmat. Ham ishimizdan, ham daromaddan qolyapmiz, ham vaqtimiz va asabimizni yo‘qotyapmiz.
Rasmiylarga insof bermasa, qiyin. Xalq nima deydi, gapirib-gapirib qolaveradi. Yuqoridagilarning o‘zining so‘zi bir-biriga o‘tmayapti, pastdagilarning gapi qayergacha yetib borardi?” – deydi haydovchilar.
O‘zbekistonda gaz qazib olish yildan yilga kamaymoqda, shunga qaramay, gaz eksporti davom etyapti. Shunday vaziyatda o‘tgan yildan boshlab ilk marta Rossiyadan gaz import qilish boshlangan. Hasan Toshxo‘jayevga ko‘ra, hozirda Rossiyadan “quvurga siqqanicha” gaz olinyapti.
“Gaz importi oshib boryapti. Biz oldin gaz eksportyori edik, hozir importyor davlatga aylanyapmiz. Nimaga? Aholi sonining oshib borishi, iqtisodiyotimizning rivojlanayotgani, korxonalar ko‘payib borayotgani hisobiga bizda talab kuchayib boryapti. Lekin afsuski, qazib chiqarish yildan yilga kamayib borayotgani ham o‘zining so‘zini aytyapti.
Menimcha, qish mavsumidan aholini betalofat olib chiqib ketish uchun eng to‘g‘ri yo‘l – benzinlar sifati va miqdorini oshirgan holda, metan zapravkalarga vaqtinchalik cheklovlar kiritilgan.
Quvurga siqqanicha, imkoniyatimiz darajasida gaz olinyapti. 2023 yilning oktyabr oyidan e’tiboran biz ilk marta Rossiyadan gaz olishni boshladik. Yillik 3 mlrd kub metr deyilgan edi, bu miqdor keyinchalik yana oshirib boriladi. Hozir shu bo‘yicha ishlar olib borilyapti.
Bundan tashqari, o‘zimizda, masalan, Ustyurtda va boshqa hududlarda gaz konlarini o‘zlashtirish ishlari davom etmoqda. Ertaga ular ham ishlab tushib qolsa, nasib qilsa... Endi, bitta konning ustida 20-30 yillab ishlanar ekan, bu bir kunlik ish emas ekan. Vaqti kelib, 3-4 yil ichida ishga tushishi ehtimoli bo‘lgan konlarimiz ishga tushsa, u yerdan gaz qazib olishni boshlasak, asta-sekin importni ham kamaytirib boraveramiz”, – deydi Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari.
Toshxo‘jayev haydovchilar uchun “gaz yo‘q bo‘lsa, benzin bor”ligini aytdi. Uyi sovuq bo‘lgandan ko‘ra, metan zapravkada ozgina navbat kutishi ma’qulroq, deydi u. Vazirning so‘zchisi, shuningdek, haydovchilar uchun elektromobilning afzal jihatlarini sanab o‘tdi.
“Avvalombor, qish mavsumi hammamizga kelgan... to‘y desam noto‘g‘ri bo‘lar, mavsum. Taksi haydovchilari bo‘ladimi, boshqami, aholimiz ham to‘g‘ri tushungan holatda... Biz benzinni oshirganmiz. Metanda yurmasa, benzinda yurib turishi mumkin. Hech qanday uyda qolib ketdi, ishlolmaydi degan narsa yo‘q.
Ikkinchidan, bizda hozir mana elektromobillar ham nihoyatda ko‘p kirib kelgan. Viloyatlarda ham sotib olayotgan haydovchilarimiz bor. Elektromobilni quvvatlash ancha arzon. Benzin bilan to‘liq bakni to‘ldirish 200-300 ming so‘mga tushadigan bo‘lsa, elektromobilda 60-80 ming, boring ana uzog‘i 90 ming so‘m bo‘ladi. Lekin biron marta “Yandeks”da elektromobil chaqirsangiz, haydovchi: “Keling, bugun sal sovuq ekan, 60 ming ko‘rsatyapti, men sizdan 30 ming olay” demaydi.
Aytmoqchi bo‘lganim, xalqimizning hammasini nima demoqchi emasman, lekin hozirgi vaziyatda xalqimiz ham to‘g‘ri tushunishi kerak. Biz benzinni bermasdan metanni yopib qo‘ysak ekan, “bola-chaqamni qanday boqaman” deyishi mumkin. Lekin vaziyatdan kelib chiqqan holatda, 1 hafta bo‘ladimi, 10 kunmi – faqat Yaratganga ayon – shu mahalda butun mamlakat, millat birlashib, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, menimcha, eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.
Biz masalan hozir benzinni ko‘proq miqdorda chiqarmasak, aholini sal qiynab qo‘yadigan bo‘lsak, e’tirozlarni to‘g‘ri tushunardim, lekin hozirgi holatda ularda muqobil variant bor. Ular yana bir narsani o‘ylashi kerakki, uyida yosh bolasi bordir, bemori bordir, uyi sovuq bo‘lgandan ko‘ra, metan zapravkada ozgina navbat kutishi mumkin. Yoki navbat kutishni istamasa, borib benzin xarid qilib bemalol yurishi mumkin”, – deydi Hasan Toshxo‘jayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir internetda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning bir yil oldingi gapi noto‘g‘ri talqin qilinyapti. Vazir o‘shanda “keyingi yildan 100 foiz ichki ehtiyojimizni qoplay olamiz” deganda elektr energetiyasi ishlab chiqarishni nazarda tutgan.
“O‘zbekiston ayni paytda generatsiya bo‘yicha vazirimiz aytib o‘tganidek o‘z ehtiyojini to‘liq qoplash imkoniyatiga ega. Ayni paytda bizda generatsiya bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Endi, joylarda elektr energiyasining o‘chishlari yetkazib berish va taqsimlash tarmoqlaridagi muammolar bilan bog‘liq. 30-40 yildan beri ishlatilayotgan asbob-uskunalar ko‘p. Ularni bir kun ichida almashtirib bo‘lmaydi”, – deydi Toshxo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent atrofidagi sanoat korxonalari ham gazdan uzilayotgani xususida xabarlar tarqalmoqda. Vazirlik matbuot xizmati rahbari esa bundan xabari yo‘qligini ta’kidlab, mas’uliyat “Hududgazta’minot”da ekanini bildirdi. Biroq tegishli normativ-hujjatlarga mnuvofiq bunga Energetika vazirligi javob beradi.
Mavzuga oid
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
19:56 / 14.12.2024
30 mingta holatda kunduzi behuda yoniq turgan chiroqlar o‘chirildi - Energoinspeksiya
15:18 / 14.12.2024
10 kun ichida O‘zbekistonning energetika xavfsizligi konsepsiyasi ishlab chiqiladi
10:21 / 14.12.2024