Jo‘rabek Mirzamahmudov: Kelasi yildan elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojimizni 100 foiz qoplay olamiz
Energetika vazirining aytishicha, energotizimda lokal darajadagi turli avariyalar ro‘y berib turishi mumkin, lekin elektr energiyasini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari eng yuqori iste’mol davrlarida ham talabni qondira oladigan darajaga yetadi. “Agar bu vazifani bajara olmasak, men va tizimdagi barcha mas’ullar ishlashga noloyiqmiz”, dedi Mirzamahmudov.
2024 yilda O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari talab eng yuqori bo‘ladigan paytlarda ham ehtiyojni 100 foiz qondira oladigan darajaga yetadi, deb va’da berdi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Energotizim rahbari bu haqda jurnalist Aziza Qurbonovaga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Vazir tizimda qilinayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berib o‘tgach, suhbat yakunida jurnalist unga quyidagicha savol bilan yuzlandi:
“Agar ishlarimiz siz aytayotgandek shiddat bilan ketadigan bo‘lsa, yaqin kelajakda mamlakatimizning barcha hududida uzluksiz energota’minotga erishishimiz mumkinmi? Qancha vaqtga ketishi mumkin? Siz bunga ishonasizmi o‘zi, shuning iloji bormi? Har bir qishloqda, har bir ovulda oxir-oqibat 99 foizga erisha olamizmi?”
Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, vazirlik oldiga elekr energiyasi bo‘yicha talabni 99 foiz emas, 100 foizga qondirish vazifasi qo‘yilgan va bu natijaga 2024 yilda erishiladi.
“99 foiz degani – kimnidir ta’minlab bera olmadik degani. Sentyabr, oktyabr, noyabr oylarida texnik jihatdan qandaydir uzilish, avariyalarni inobatga olmaganda.... Biz o‘tgan yili noyabr oyida cheklov kiritishga majbur bo‘lganmiz. Bu yil Xudoga shukr, noyabr oyida umuman cheklovlar kiritilmadi, barcha korxonalar va aholiga bir maromda, uzluksiz yetkazib berildi.
Bizda oldin faqatgina qishda eng ko‘p iste’mol bo‘lardi, endi aholi daromadi oshib, hamma konditsioner ishlatishi, ko‘p qavatli uylarning ko‘payishi natijasida hozir yozda ham juda iste’mol yuqori bo‘lyapti. Ishga tushadigan quvvatlar yozdagi talabni to‘liq ta’minlash imkonini beradi.
Albatta, tizimda qayerdadir tarmoq uzilishi, transformator kuyishi, yonishi yoki nosozlik kelib chiqishi kabi hodisalar bo‘ladi, lekin generatsiya tarafidan biz keyingi yildan 100 foiz o‘zimizning ichki ehtiyojimizni qoplash imkoniyatimiz paydo bo‘ladi. Buni ta’minlaymiz. Va shunday vazifa bizga qo‘yilgan. Agar qo‘yilgan vazifani bajara olmasak, nafaqat men, balki tizimimizdagi barcha mas’ullar ishlashga noloyiqmiz deb o‘ylayman”, – dedi energetika vaziri.
Ta’kidlash lozim, Mirzamahmudov noyabr oyida elektr energiyasi bo‘yicha “umuman cheklovlar kiritilmagani”ni aytgan bo‘lsa-da, Kun.uz'da Toshkent viloyatining ayrim hududlarida kuniga 2 soatgacha rejali cheklov kiritilgani haqida ma’lumotlar bor.
Mavzuga oid
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
21:25 / 09.12.2024
O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi
16:56 / 16.11.2024
«Ham mas’uliyat, ham javobgarlik belgilandi» - energetika vaziri
19:38 / 08.10.2024