Jamiyat | 11:00 / 09.01.2018
17870
3 daqiqa o‘qiladi

Sobiq yakka tartibdagi tadbirkor qachon bankrot deb topiladi?

30.12.2017 yildagi O‘RQ–455-son Qonun bilan Fuqarolik kodeksi va «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonunga tegishli tuzatishlar kiritildi. Hujjat «Xalq so‘zi» gazetasida e'lon qilindi va 1.01.2018 yilda kuchga kirdi.
 
Norma.uz’ning yozishicha, endi yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT) maqomini yo‘qotgan shaxs ham bankrot deb topilishi mumkin. Ilgari bankrotlik taomili faqat yuridik shaxslar va o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan, ya'ni ushbu maqomga ega bo‘lgan YaTTga nisbatan qo‘llanilar edi.
 
Ma'lumot uchun: ro‘yxatga oluvchi organ tomonidan jismoniy shaxs - tadbirkorlik sub'yektining faoliyati to‘xtatilganligi to‘g‘risidagi qayd tegishli davlat reyestriga kiritilgan paytdan boshlab YaTT maqomi yo‘qotiladi.

Quyidagi jihatlarni inobatga olish darkor.
 
Birinchidan, faqat pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlar bo‘yicha majburiyatlar uning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqadigan bo‘lsa, fuqaro bankrot deb e'lon qilinishi mumkin.   

Hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, aliment undirish to‘g‘risidagi talablar yoki boshqa shaxsiy xususiyatdagi talablar bankrotlik uchun sabab bo‘la olmaydi. Biroq kreditorlar qarzdorga mazkur talablarni bankrotlik taomili jarayonida ham, u tugaganidan keyin ham qo‘yishga haqli.

Ikkinchidan, bankrotlik to‘g‘risidagi ish, agar qarzdorga nisbatan jami talablar EKIHning kamida 30 karrasini tashkil etib, tegishli majburiyatlar yuzaga kelgan kundan e'tiboran 3 oy mobaynida u tomonidan ijro etilmayotgan bo‘lsa, iqtisodiy sud tomonidan qo‘zg‘atiladi.

Uchinchidan, qarzdorlarning mazkur toifasi uchun bankrot YaTTlarga nisbatan qonunchilikda ko‘zda tutilgan kafolatlar amal qiladi. Xususan, tugatish massasiga qarzdorning mulkida bo‘lgan va u yoki uning oilasi doimiy istiqomat qiladigan (alohida istisnolardan tashqari) yagona turar joy (kvartira) hamda ro‘yxat bo‘yicha qator ashyolar kiritilmaydi.

To‘rtinchidan, sudning qarzdorni bankrot deb topish bo‘yicha qarorini ijro etish chog‘ida faqat uning avvalgi tadbirkorlik faoliyati hisobidan sotib olingan mol-mulki realizatsiya qilinadi. Mol-mulkning shu jumlaga mansubligini iqtisodiy sud belgilaydi.

UzA Matnazarov Otabek
Tayyorlagan UzA Matnazarov Otabek
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid