Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oyga yangi qadam: NASA'ning “Artemida-2” missiyasi boshlandi
NASAning “Artemida-2” (Artemis II) oyga parvozi doirasidagi “Orion” kosmik kemasi 1 aprel kuni AQSh Sharqiy sohili vaqti bilan soat 18:35 da muvaffaqiyatli uchirildi. Uning ekipaji 10 kun davomida Oyni aylanib chiqib, Yerga qaytishi kerak.
Foto: NASA TV/Handout/REUTERS
To‘rt nafar astronavt bo‘lgan ekipaj bilan “Orion” kosmik kemasi Florida shtatidagi Kanaveral burunida joylashgan Kennedi nomidagi Kosmik markazning 39A maydonidan uchirildi. Parvoz 1 aprel kuni AQSh Sharqiy sohili vaqti bilan soat 18:35 da, Markaziy Yevropa vaqti bilan esa 2 aprel kuni 00:35 da amalga oshirildi.
NASA shu kuni avvalroq ma’lum qilishicha, dunyodagi eng yirik raketa-tashuvchi hisoblangan Space Launch System (SLS) besh soat davomida 2,65 million litrdan ortiq kriogen yonilg‘i bilan to‘ldirilgan. Yonilg‘i quyilgandan keyin uning umumiy og‘irligi taxminan 2,6 ming tonnani tashkil etgan.

“Orion” ekipaji tarkibiga Rid Uayzman, Jyeremi Xansen, Kristina Kox va Viktor Glover kirgan. Viktor Glover Oy missiyasida ishtirok etayotgan birinchi afroamerikalik astronavt bo‘lsa, Kristina Kox bunday missiyada qatnashgan birinchi ayol astronavtga aylandi. Ekipaj 10 kun ichida Oyni aylanib chiqib, Yerga qaytishi lozim.
Avvaliga “Orion”ning uchirilishi 2026 yil mart oyiga rejalashtirilgan edi. Biroq 21 fevral kuni NASA matbuot xizmati parvoz “noma’lum muddatga” qoldirilganini ma’lum qildi. Muhandislar kemani Yer atrofi orbitasiga olib chiqishi kerak bo‘lgan SLS raketa-tashuvchi tizimida geliy uzatish bilan bog‘liq nosozliklarni aniqlagan.
“Artemida-2” missiyasi uchun tayyorlangan SLS raketa-tashuvchisi va “Orion” kosmik kemasi 20 mart kuniyoq Floridadagi start maydoniga o‘rnatilgan edi.

“Orion”ning bu galgi parvozi AQShning yangi Oy dasturi tarixidagi ikkinchi bosqich bo‘ldi. Dasturning birinchi bosqichi — “Artemida-1” — 2022 yil dekabr oyida yakunlangan edi. O‘shanda “Orion” sinov tariqasida, ekipajsiz holda Oy tomon parvoz qilib, uning orbitasida bir necha hafta bo‘lgan va keyin Yerga qaytgan.
Dasturning uchinchi bosqichi — “Artemida-3” — doirasida esa 50 yildan ortiq tanaffusdan keyin insonlar yana Oyga qo‘nishi kutilmoqda.
NASA “Artemida” dasturi tashkil etilganini 2019 yilda e’lon qilgan. Uning asosiy maqsadi AQShni Oyga qaytarish, muntazam pilotli missiyalarni yo‘lga qo‘yish hamda Marsga parvozlar uchun oraliq baza yaratishdan iborat.