Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Netanyahudan nega norozi?
Dunyo iqtisodiyoti hali ham AQSh–Eron urushining asiri bo‘lib qolmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiq, va ochilishidan darak yo‘q. Trampning asosiy urinishlari – diplomatiyaga qaratilgan. U bisotidagi eng og‘ir tahdidlar, g‘azabnok postlarni yog‘dirayotgan bo‘lsa-da, asosiy muddao – Tehron bilan kelishuv ekani ko‘rinib turibdi. Chunki oxirgi uch oyda katta urush bo‘lmadi.
Urush ko‘proq iqtisodiy o‘zanda ketmoqda. Eronning bilgani – Tramp katta quruqlik operatsiyasi o‘tkazmaydi, o‘tkaza olmaydi.
Demak, kelishuv izlashdan boshqa chora yo‘q. Albatta, Tramp o‘zining mag‘lubiyatini tan olmaydi, lekin butun dunyo uning rejasi amalga oshmaganiga guvoh bo‘ldi. Tramp qanchalik muzokara va murosa izlayotgan bo‘lsa, bir davlat borki, urush to‘xtab qolganidan shunchalik norozi. Bu – Isroil.
Isroilning Livanga hujumlari, harbiy yurishlari dunyo matbuotidagi eng asosiy voqea bo‘lib qolmoqda. Tramp qanchallik Eron bilan kelishuv izlasa, Isroil shunchalik Livanga qaqshatqich hujumlar qildi. Maqsad – Livan orqali, “Hizbulloh” orqali Eronning jahlini chiqarish va AQSh–Eron kelishuvlarini buzib tashlash.
Xo‘sh, Isroil nimadan norozi, nimadan qo‘rqmoqda? Axir agar AQSh Eron bilan kelisha olmasa, dunyo iqtisodiyotiga katta zarar bo‘ladi-ku? Tramp va uning respublikachilar partiyasi o‘z mavqeyini yo‘qotadi-ku? Global maydonda AQSh yanada obro‘ysizlanib, bu Isroilga ham bilvosita salbiy ta’sir qiladi-ku?
Yo‘q, Isroil elitasi unday deb o‘ylamaydi. Isroilning nuqtayi nazari uning siyosatchilari, ekspertlari va faollarining OAVdagi chiqishlaridan ma’lum. Isroilning qarashlari quyidagicha.
Birinchidan, AQSh – iqtisodiy va demografik jihatdan juda qudratli davlat. O‘n minglab askarlarning o‘lishi – bu davlatning zaiflashib qolishiga, sinishiga olib kelmaydi. Misol uchun, AQSh Viyetnamda yutqazdi, Afg‘oniston va Iroqda to‘liq g‘alaba qozona olmadi. Lekin bu urushlar AQShning global qudratini demontaj qilmadi. AQSh iqtisodiy, harbiy, demografik jihatdan baribir qudratli davlat bo‘lib qolaveradi. Shuning uchun AQSh Eronga katta urush qilsa, ha, zarar ko‘radi, lekin yiqilmaydi. Biroq AQSh to‘laqonli urush qilsa, bu Eronning yiqilishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun Isroil AQSh Eronga qarshi to‘laqonli urush qilishini orzu qilib qolaveradi. Tramp, respublikachilarning reputatsiyasi, mablag‘lar va amerikalik askarlarning o‘limi – Isroil uchun asosiy omillar emas.
Ikkinchidan, AQSh va Isroilning hujumi sabab Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘zining to‘liq va rasmiy nazoratiga olmoqda. Bu – Isroil uchun eng noxush ssenariy. Sababi oddiy: Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘zining rasmiy nazoratiga olar ekan, Tehron dunyo davlatlariga, jumladan AQShga ham cheksiz bosim o‘tkaza oladi. Jumladan, xuddi hozirgi Livanga hujumlar sabab, Isroilga AQSh bosim qilishini odatiy instrumentga aylantirib olishi mumkin.
28 fevralidagi urushga qadar Yaqin Sharqda hamma Isroilni asosiy agressiv qudrat sifatida ko‘rgan bo‘lsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali Eronning mintaqaviy va global maqomi o‘zgaradi. AQShning ittifoqchilari bo‘lgan arab davlatlari ham Eron bilan ko‘proq hisoblashib boshlaydi. Demak, Isroil mintaqaviy gegemonlikni yo‘qotib boshlayapti. Shu sabab, “va-bank” qilib, AQShni Eron bilan urushga to‘qnashtirish – Isroilning bugungi kundagi eng katta orzusi. Biroq Tramp Netanyahuga bu safar nafaqat yo‘q dedi, balki Livandagi urush sabab Isroil bosh vazirini so‘kib ham berdi.
Tramp va Netanyahuning keyingi vaqtlardagi sovuq munosabatlari AQSh-Isroil strategik ittifoqchiligiga soya solishi mumkinmi? Yo‘q, bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar juda qalin va hozircha mustahkam. Bu aloqalar Tramp va Netanyahu munosabatlariga asoslanmagan. Bu ikkalasi hokimiyatdan ketganida ham, ikki davlatni birlashtirib turuvchi siyosiy sinf, tashkilotlar, shaxslar juda ko‘p va ular juda qudratli.
Biroq, butun dunyodagi kabi, AQShda ham, Isroilga bo‘lgan ishonch tezda so‘nib bormoqda. Bugun Yevropa Ittifoqchi jamoatchilik fikri va hukumatlari, Isroil emas, ko‘proq Falastin tarafida. Yaqinda Yevropa Ittifoqida “Eurovision” musiqa tanlovi bo‘lib o‘tdi. Bu safar tanlovda Isroil qatnashgani uchun 5-6 ta muhim davlatlar uni boykot qildi. Jumladan, bu konkursning asoschilaridan biri bo‘lmish Ispaniya ham “Biz Isroil chiqqan sahnaga chiqmaymiz!” deya, katta noroziliklar bildirib, musiqa festivalida ishtirok etmadi.
AQShda ham jamoatchilik fikri o‘zgarib boshlagan. Ham demokratlar, ham respublikachilar o‘rtasida Isroilni qo‘llab-quvvatlash darajasi pasayib boryapti. Oddiy amerikaliklar ham Isroildan ko‘ra Falastinga ko‘proq ishonishini aytishmoqda. Mana shu fonda, Isroil urushlar orqali, genotsidlar orqali, AQSh–Eron muzokaralarini buzish orqali o‘zining katta loyihalarini amalga oshirish yo‘lidan bormoqda. Tramp Netanyahuga telefon orqali “butun dunyo sizdan nafratlanmoqda” deganda aynan shuni nazarda tutgani aniq.
Trampning bosimi sabab Netanyahu Livandagi urushni to‘xtatdi. Biroq Isroil davlatchiligi AQSh–Eron kelishuvini buzish uchun qulay payt poylaydi, ammo aslo bu kelishuvga rozi bo‘lmaydi. Chunki Isroil Eron bilan har qanday kelishuvlarni o‘zining gegemonligi uchun tahdid deb biladi. Demak, mintaqada tinchlik o‘rnatilishi qiyin, o‘rnatilganda ham uzoqqa cho‘zilishi qiyin...
Mavzuga oid
08:55 / 06.06.2026
Eron Kuvayt va Bahrayn tomon yettita ballistik raketa uchirdi
08:15 / 06.06.2026
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida harbiy taranglik yana avj oldi
22:15 / 05.06.2026
Tramp Eron masalasi «hal bo‘lgach» Kubadagi rejimni o‘zgartirish rejasini e’lon qildi
14:11 / 04.06.2026