Jamiyat | 15:15 / 09.12.2025
15577
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 31 yoshli erkak xususiy klinikada burun operatsiyasi vaqtida vafot etdi

Xususiy klinika shifokorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Klinika faoliyati esa rasman to‘xtatilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bemorning o‘limiga anafilaktik shok sabab bo‘lgan. Marhumning yaqinlari unga narkoz ko‘p berib yuborilganini aytmoqda.

Foto: Videodan kadr

Olmazor tumanidagi xususiy klinikada 31 yoshli erkak burun operatsiyasi vaqtida vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, erkak joriy yil 12 noyabr kuni burnini operatsiya qildirish uchun xususiy klinikaga borgan. Marhumning yaqinlariga ko‘ra, u nafas olishga qiynalgani uchun burnini operatsiya qildirmoqchi bo‘lgan.

Qoraqamishda bir klinika bor ekan, dedi. O‘sha kuni kelinim, men va o‘g‘lim birga ketdik. Soat 11:30 da olib kirib ketishdi. Juda unaqa vahimali operatsiya emas, deyishdi. Negadir yuragim siqildi. Soat 14:00 dan oshyapti hamki, jim-jit. Olib kirishgan vaqti joni uzilgan ekan. Biz soat 15:30 larda bildik. O‘z oyog‘i bilan borib shu ahvolga tushib o‘tiribdi bolam”, degan marhumning onasi.

Men ahamiyat berganimda “operatsionniy” kiyim umuman yo‘q. Qora futbolka va eski shalvarida yotibdi. Yordamchi apparatini ham ko‘rmadim. Yuzlari, qonlari artilmagan. Bir oilaning boshlig‘i ketdi. Ikkita norasida go‘dak qoldi. Bilasizlarmi, dunyoda eng og‘ir narsa nima, bolasining tobutini ko‘tarish. Men buni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman”, degan marhumning otasi ko‘zda yosh bilan.

Erkak operatsiyadan oldin analiz topshirgan va shifokorlar jarrohlik amaliyotiga ruxsat berishgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bemorning o‘limiga anafilaktik shok sabab bo‘lgan, yurak noma’lum sababga ko‘ra to‘xtab qolgan. Marhumning yaqinlariga ko‘ra esa unga narkozni ko‘p berib yuborishgan. Ular ushbu klinika faoliyatini davom ettirayotganidan, voqeadan so‘ng shu paytgacha hamdardlik ham bildirmaganidan norozi ekanini aytgan.

Ayni paytda Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergov ishlari olib borilayotgani bildirilgan.

Holat yuzasidan bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, 2025 yil 29 noyabr kuni xususiy klinika shifokorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, Olmazor tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘limining tegishli qaroriga asosan xususiy klinika faoliyati rasman to‘xtatilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, tergov harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.  

Mavzuga oid