Jahon | 08:46 / 24.03.2026
4396
2 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiyada harbiy samolyot quladi

O‘nlab kishilar halok bo‘lgan.

Daniel Ortiz / AFP via Getty Image

Kolumbiyada Lockheed C-130 Hercules rusumli harbiy-transport samolyoti halokatga uchradi. U Milliy armiya harbiy xizmatchilarini tashiyotgan bo‘lgan.

Mamlakat harbiy-havo kuchlari boshlig‘i Karlos Fernando Silva Ruedaning ma’lum qilishicha, bortda 114 yo‘lovchi va ekipajning 11 a’zosi bor edi.

U kamida 48 kishi omon qolgani, qolganlarning taqdiri hozircha noma’lum ekanini aytgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda.

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro esa X ijtimoiy tarmog‘ida shifoxonaga 77 kishi olib kelingani, yana 43 kishi hali topilmagani haqida yozgan.

Aviahalokat Kolumbiya janubidagi Putumayo regionining Puerto-Legisamo munitsipalitetida ro‘y bergan. Samolyot havoga ko‘tarilishidan ko‘p o‘tmay, aeroportdan ikki kilometr masofada qulab tushgan. Avariya sabablari hozircha noma’lum.

Putumayo regioni gubernatori kamida 34 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

AFP agentligi esa harbiylar orasidagi manbasiga tayanib, qurbonlar soni 66 kishini tashkil etayotgani haqida xabar bergan: ularning 58 nafari askarlar, olti nafari harbiy-havo kuchlari harbiylari va ikki nafari politsiyachilar bo‘lgan.

Puerto-Legisamoda Kolumbiya harbiy-dengiz floti bazasi joylashgan bo‘lib, shu tufayli harbiy bo‘linma voqea joyiga tezda yetib kelishga hamda jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan.

El Heraldo nashri qayd etishicha, qulab tushgan samolyot Kolumbiyaga AQSh tomonidan sovg‘a qilingan va 2020 yilda mamlakatga olib kelingandi.
 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid