O‘zbekiston | 17:35 / 31.01.2023
21058
3 daqiqa o‘qiladi

Jamoat transportida kunlik tushum «plani» bekor qilinadi

Sohada moliyalashtirish, avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, avtoparkni yangilash va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Jamoat transporti haydovchilariga qo‘yiladigan kunlik tushum «plani» belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev jamoat transporti sohasini takomillashtirish yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat rahbari bu sohada muammolar to‘planib qolgani, ularni hal etish uchun transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimini o‘zgartirish zarurligini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, qancha ko‘p avtobus olib kelinmasin, joylardagi transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimi o‘zgarmasa, aholi ehtiyojiga yarasha xizmat ko‘rsatib bo‘lmaydi. Barcha hududlarda aholi uchun yangi uy-joy, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa muassasalar barpo etilayapti, lekin transport sohasi bu o‘zgarishlardan orqada qolib, bugungi rivojlanish talablariga mos kelmayapti.

Ayrim viloyat markazlarida jamoat transportini rivojlantirish rejasi ishlab chiqilmagani, joylarda ayrim avtobus yo‘nalishlari ishlamayotgani, bekatlar yetishmasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Transport korxonalari kunlik «tushum plani»ni bajarishga bog‘lanib qolib, kunning «eng daromadli» paytida (ertalab soat 8-10 da, kechqurun soat 17-19 da) harakatlanishga odatlangani tanqid qilindi. Qolgan vaqtda yo‘lovchilar uzoq kutish yoki taksida yurishga majbur.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu munosabat bilan prezident sohada moliyalashtirish, avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, avtoparkni yangilash va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish chora-tadbirlarini belgilab berdi.

Endilikda mablag‘ avtobusning yurgan masofasi va odamlar bu xizmatdan roziligiga qarab beriladi.

Xizmat sifatiga – avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beradigan tizim bo‘ladi.

Bunda, tashuvchi tadbirkor har 1 kilometr uchun 10 foiz rentabellik bilan kafolatli to‘lovni oladi.

Bu tizim Toshkent, Samarqand, Andijon va Urganch shaharlarida joriy yilda, boshqa viloyat markazlari va Nukus shahrida kelgusi yilda yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Shu paytgacha bo‘lgan kunlik tushum «plani»ni belgilash amaliyoti bekor qilinadi.

Bundan tashqari, aholiga qulay yo‘l haqi tariflarini (yillik, choraklik, oylik, kunlik, soatlik) joriy qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid