Gaz-svet tariflari o‘zgarishi munosabati bilan muhtojlarga qanday yordam beriladi?
1 maygacha minimal iste’mol xarajatlari (hozirda 621 ming so‘m) qaytadan hisoblanib, pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlari oshiriladi. Noyabr oyida kam ta’minlangan oilalarga 270 ming so‘mdan bir martalik yordam puli beriladi. Ehtiyojmand qatlamning ijtimoiy me’yordan ortiq foydalanilgan gaz-svet bo‘yicha xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
2024 yilning may oyidan boshlab aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflar o‘zgarishi munosabati bilan kam ta’minlangan oilalarga va ayrim toifadagi iste’molchilarga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatiladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.
Pensiya va nafaqalarning minimal miqdorlari oshiriladi
1 maygacha bo‘lgan muddatda yoqilg‘i-yenergetika resurslari narxlari oshishini hisobga olib, minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta ko‘rib chiqiladi.
Bunda, 1 millionga yaqin eng kam pensiya va nafaqa oluvchilarning pensiya va nafaqa miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmagan miqdorda qayta hisoblanadi.
Kam ta’minlanganlarga noyabrda 270 ming so‘m moddiy yordam beriladi
Aholining muhtoj qatlamlarini isitish mavsumida qo‘shimcha ijtimoiy himoyasini ta’minlash uchun 2024 yil noyabrda “Ijtimoiy himoya” yagona reyestri orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan oilalarga 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya ajratiladi.
Bu kompensatsiya bilan qariyb 1,5 millionta kam ta’minlangan oilalar qamrab olinadi.
Kompensatsiya “mahalla yettiligi” xulosalari asosida, “Ijtimoiy himoya” yagona reyestriga kirmagan qo‘shimcha 200 mingdan ortiq muhtoj oilalarga ham to‘lab beriladi.
Bunda, “mahalla yettiligi” tomonidan muhtoj oilalar ro‘yxatlari uyma-uy yurgan holda shakllantiriladi.
Gaz va svetdan bazaviy me’yordan ortiq foydalanilganda xarajatlarning bir qismi qoplanadi
Elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:
- tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;
- elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kWh'gacha.
Ijtimoiy me’yordan ortgan iste’mol uchun kompensatsiya olish uchun ehtiyojmand oila “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga ariza beradi va kompensatsiya keyingi oyda haqiqiy iste’molidan kelib chiqib to‘lab beriladi.
Mazkur kompensatsiya to‘lovlari davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali to‘lab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy me’yor elektr energiyasi uchun oyiga 200 kWh'gacha, tabiiy gaz uchun esa mart-oktyabr oylarida 100 kubometrgacha, noyabr-fevral oylarida 500 kubometrgacha deb belgilandi.
Mavzuga oid
15:18 / 20.11.2024
Yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalari bo‘yicha mobil ilova ishga tushirildi
10:56 / 20.11.2024
O‘zbekistonda uch yilda 10 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi
16:56 / 16.11.2024
«Ham mas’uliyat, ham javobgarlik belgilandi» - energetika vaziri
18:36 / 15.11.2024