Jahon | 20:47 / 23.09.2023
23955
6 daqiqa o‘qiladi

Kanada va Hindistonni urushtirgan qotillik. Vankuver yaqinida o‘ldirilgan sinkh kim edi?

Bundan ikki oy avval Kanadada otib o‘ldirilgan sinkh millatiga mansub Hardip Sinkh Nijar ishi bilan bog‘liq holat shu qadar keskinlashdiki, Hindiston va Kanada o‘rtasida diplomatik nizo boshlanib ketdi. Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo qotillikda Hindiston hukumatining qo‘li borligi haqida ishonchli razvedka ma’lumoti olganini aytdi.

Gap nimada o‘zi?

Kanadadagi Singhlar yetakchisi Hardip Singh Nijar 2023 yil 18 iyun kuni Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida joylashgan singhlar ibodatxonasi (gurdvar) avtoturargohida ikki niqobli odam tomonidan otib o‘ldirilgandi. Kanada bosh vaziri Tryudo mamlakat razvedkasi Nijarning o‘limida Hindiston hukumatining aloqasi borligi haqida «ishonishga asos bo‘lgan axborot olganini» aytdi.

Kanada yetakchisi bu masalani «Katta yigirmatalik» yig‘ilishidagi Hindiston bosh vaziri Modi bilan bilan uchrashuvda ham ko‘targanini qo‘shimcha qildi.

Jastin Tryudo va Narendra Modi G20 yig‘ilishida Nijar o‘limini muhokama qilgan. Foto: Reuters

«Har qanday davlatning Kanada fuqarosini Kanada hududida o‘ldirilishida ishtirok etishi suverenitetimizga tahdiddir. Bu erkin, ochiq va demokratik jamiyatning fundamental huquqlariga zid», dedi Kanada bosh vaziri. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nijarning o‘ldirilishi ortida hind maxsus xizmatlari turgan bo‘lishi mumkinligi haqida xavotir Hindiston tomoniga yetkazilgan.

«Katta yigirmatalik» yig‘ilishida Kanada va Hindiston yetakchilari juda tarang kayfiyatda uchrashuv o‘tkazgan. Unda Modi Kanada «ekstrimistlarning antihindistoncha harakatlariga» qarshi yetarlicha kurashmayotganini iddao qilgan. Bu gapi bilan Hindiston bosh vaziri Kanadadagi sinkhlar separatik harakatini nazarda tutgan.

Hindiston tomoni Nijarning o‘limida aloqasi borligini rad etgan. 18 sentabr kuni Hindiston tomoni vaziyat keskinlashuvi fonida Kanadaning yuqori martabali diplomatini mamlakatdan chiqarib yubordi. Avvalroq Kanada ishga aloqador deb hisoblagan hind diplomati Pavana Kumar Rayni mamlakatdan chiqarib yuborgandi.

Hindiston tashqi ishlar vazirligi mamlakat qotillikka aloqador ekani haqidagi Tryudoning bayonotini keskin qoralab, uni asossiz deb atadi. «Biz qonun ustuvor bo‘lgan demokratik davlatmiz. Shu o‘rinda Kanada hukumatini mamlakat hududidagi antihindistoncha unsurlarga qarshi tez va samarali kurashishga chaqiramiz», deyiladi vazirlik bayonotida.

Hindiston TIV bayonotida, shuningdek, Kanada tomonini Hindiston xavfsizligi uchun tahdid hisoblangan «xolistonlik terrorchi va ekstrimistlarga» siyosiy boshpana berayotgani uchun qoralagan.

BBC har ikki tomondan holat yuzasidan izoh so‘rab, hozircha javob olmagan. Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli Hindiston Nijarning o‘limida qay holatda aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida aniq gapirishni istamagan. Uning aytishicha, hukumat hali bu borada surishtiruv olib bormoqda va shu sabab detallar oshkor qilinmaydi.

Kanada OAVlari Tryudodan ish bo‘yicha tafsilotlarni ochiqlashni talab qilayotgani ham vaziyatni keskinlashtirmoqda.

Hindiston kanadaliklarga viza berishni to‘xtatdi

Vaziyat keskinlashuvi fonida Hindiston kanadaliklarga viza berishni to‘xtatdi. Shuningdek, Ottavadan Hindistondagi diplomatlari sonini kamaytirishni so‘radi. Hindiston tashqi ishlar vaziri mamlakatning Kanadaga borayotgan fuqarolarini ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Kanadadagi hindistonlik talabalar.

Kanadada hindistonliklar juda ko‘p, ayniqsa talabalar. 2018 yildan buyon Kanada hindistonlik talabalar uchun juda faol yo‘nalishga aylandi. O‘tgan bir yil davomida mamlakatdagi hind talabalar soni 47 foizga oshgan. Hozir Kanadada 320 ming hindistonlik talabalar o‘qiydi. Bu mamlakatdagi barcha xorijiy talabalarning 40 foizi degani

Hardip Sinkh Nijar kim edi o‘zi?

Hindistonning Panjob shtatida yashovchi sinkhlar hududda o‘zlarining mustaqil Xoliston davlatini tuzishni talab qilib keladi. Nijar aynan mana shu davlat tuzilishi tarafdori va Kanadadagi sinkhlar yetakchisi hisoblanardi. U 2023 yil 18 iyun kuni sinkhlar ibodatxonasi bo‘lmish Guru Nanak gurdvardi avtoturargohida otib ketiladi. Bu ishni Nijar o‘z mashinasi ichida bo‘lgan vaqtda ikki nafar niqobli kishi amalga oshiradi. Sinkhlar yetakchisi o‘ldirilgan ibodatxona Vankuverdan 20 km sharqdagi Sarri shahrida joylashgan.

Yaqinlarining aytishicha, Najirga o‘z faoliyati sabab ko‘p marta tahdid qilishgan. Hindiston hukumati uni qurolli ayirmachilar guruhini boshqaruvchi terrorchi deb hisoblardi.

Nijar oxirgi vaqtlarda kutilmaganda vafot etgan sinkhlarning uchinchi vakili hisoblanadi. U o‘ldirilgan iyun oyida Birminghemda «Xolistonni ozod qilish kuchlari» yetakchisi ekani aytiladigan Avtar Sinkh Xanda ham o‘lgandi. Uning o‘limini «g‘alati tarzda sodir bo‘lgan» deb hisoblashgan. Ba’zi manbalarga ko‘ra uni zaharlashgan bo‘lishlari mumkin.

Bu ikki sinkhlar yetakchilari o‘limidan bir oy avval esa Pokistonning Lahorida Paramjit Sinkh Panjvar otib o‘ldirilgandi. Hindiston tomoni uni ham terrorchi deb hisoblardi.

«Xoliston harakati»

Bu harakat 1947 yil Hindiston Britaniyadan mustaqil bo‘lganidan buyon mavjud. O‘shanda Hindiston aholisining 2 foizini tashkil etgan sinkhlar faollari o‘zlarining mustaqil davlatlarini tuzishni talab qiladi. 1980-yillarda harakat faoliyati Panjob shimolida keskin faollashadi. O‘sha vaqtda aynan Panjob shimolida ko‘plab sinkhlar yashay boshlaydi. Ammo Hindiston hukumati tomonidan o‘tkazilgan qator «maxsus amaliyotlar» harakat faoliyatiga chek qo‘yadi.

Oxirgi yillarda «Xoliston harakati» vakillari turli davlatlardagi diasporalar orqali faollashib qoldi. Hindiston hukumati «Xoliston harakati»ni keskin qoralaydi. Mamlakatdagi barcha partiyalar, xususan, Panjobdagi partiyalar ham ularni zo‘ravonlik va ayirmachilikda ayblaydi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid