O‘zbekiston | 15:31 / 12.09.2024
6803
2 daqiqa o‘qiladi

Aziz Voitov sudi yopiq tarzda ko‘riladigan bo‘ldi

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 kishiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgan sudda da’vogarning sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish bo‘yicha iltimosnomasi qanoatlantirildi. Sudya sud majlisida xizmat doirasida foydalanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar aytilishini inobatga olgan holda shunday qarorga kelganini bildirdi.

Foto: Oliy sud

12 sentabr kuni JIB Yunusobod tuman sudida Aziz Voitov va boshqalarga (jami 50 nafar sudlanuvchi) oid jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sud majlisi avvalida raislik qiluvchi Sardor Sodiqov taraflardan iltimosnoma bor-yo‘qligini so‘ragan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi xizmat ko‘rsatish agentligidan vakil, fuqaroviy da’vogarlardan biri G‘ofur Mahkamov tomonidan sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish haqidagi iltimosnoma kiritilgan.

Ishga raislik qilayotgan sudya Sardor Sodiqov sud majlisining boshqa ishtirokchilaridan bunga munosabatini so‘ragan. Bir necha advokatlar, jumladan, Rahmatov, Qilichov, Alimov va Yangiboyev buni qo‘llab-quvvatlamasdan, Jinoyat-protsessual kodeksida 2 xil holatda davlat siri va jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlarda yopiq sud majlislari bo‘lishini ta’kidlagan. Boshqa advokatlar esa sudga havola qilishini aytgan.

Ayrim sudlanuvchilar ham sud majlisi yopiq tarzda ko‘rilishiga qarshiligini ma’lum qilgan.

Maslahatxonaga kirgan sudya xizmat doirasidan foydalanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar yangrashini inobatga olgan holda shunday qarorga kelganini ma’lum qilib, sud majlisi yopiq tarzda ko‘rilishi bo‘yicha iltimosnomani qanoatlantirgan. Raislik qiluvchi jurnalistlarga buni to‘g‘ri tushunishni aytgandan so‘ng OAV vakillari sud zalini tark etgan.

Avvalroq sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 kishiga nisbatan sud ishi boshlangani xabar qilingandi. Ushbu sud ishida jurnalistlarga foto va videoga olish taqiqlandi. Antikorrupsiya agentligi mazkur ishda sud majlislari ochiq tarzda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqligini bildirdi.

Mavzuga oid