O‘zbekiston | 13:06 / 27.04.2021
6670
4 daqiqa o‘qiladi

Qo‘ziqorin yetishtirib o‘z daromadiga ega bo‘layotgan ayol

Feruzaxon Jo‘rayeva O‘zbekiston tumanining Qudash qishlog‘ida istiqomat qiladi. U o‘z xonadonining yerto‘lasida qo‘ziqorin yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Feruza Jo‘rayeva tumandagi «Ayollar daftari»da ro‘yxatda turadi. U davlat tomonidan bepul o‘qitilib, salkam tadbirkorga aylandi. 

Feruza opa yetishtirayotgan qo‘ziqorinlar foydaga kira boshlagan. Biroz qorong‘i va salqin xonada yetishtirilayotgan qo‘ziqorinlar xuddiki savdo do‘konlaridagi kabi peshtaxtalarga terib qo‘yilgani e'tiborimizni tortdi. Peshtaxtalardagi polietilen qopchalarni yorib chiqib bo‘y ko‘rsatayotgan qo‘ziqorinchalarni ko‘rib suhbatdoshimizdan uni yetishtirishning og‘ir-yengili haqida so‘radik. 

«Qo‘ziqorinni yetishtirish uchun sheluxa bir kun oldin ivitib qo‘yiladi. Uning o‘ziga kerakli bo‘lgan dorilari bor, o‘sha dorilari ham qo‘shiladi.  Ikkinchi qatoriga urug‘ soldik, urug‘dan so‘ng yana sheluxa solinadi. Bir qator urug‘, bir qator sheluxa solib ekib chiqiladi. Bitta qop sakkiz, to‘qqiz qator bo‘ladi. 

Hosil dastlab kichkina-kichkina bo‘lib yetishib chiqadi. Shu singari o‘zidan o‘zi ko‘payib boraveradi», — deydi F.Jo‘rayeva biz bilan suhbatda. 

Uning ta'kidlashicha qo‘ziqorin yetishtirish uchun tozalik va ozodalik birinchi o‘rinda turadi.
 
«Qo‘ziqorinlar yetishib chiqishi uchun avvalo tozalik, toza havo va 23 darajadagi issiqlik kerak bo‘ladi. Mehnati og‘ir emas. Inson o‘zini qanday parvarish qilsa, bularga ham xuddi shunday parvarish berilsa bo‘ldi. O‘zidan o‘zi ko‘payib ketaveradi», — deya ta'kidlaydi Feruza opa. 

Ma'lum bo‘lishicha, hozirda qo‘ziqorin yetishtirish ilmini puxta egallagan qahramonimizga tuman mutasaddilari tomonidan mahalladagi bo‘sh turgan bino ham biriktirib berilgan. U bu yerda ham qo‘ziqorin yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Yetishtirilayotgan mahsulotlar esa Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi savdo do‘konlariga yetkazib berilmoqda. Talab yuqori bo‘lgani uchun Feruza opa o‘z faoliyatini yanada kengaytirish niyatida:

«Sentyabrga o‘tib yangidan urug‘ qadab, 5-6 ayolni ish bilan ta'minlash niyatim bor. Hozirda o‘zim qarayman, o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida 9-sinfda o‘qiydigan qizim bor, u qarashadi. O‘zim ulgurmay qolyapman», — deydi u. 

Feruza Jo‘rayevaning faoliyati bilan tanishar ekanmiz, jamiyatda u singari ishsiz ayollar ham o‘z daromad manbalariga ega bo‘lib, ro‘zg‘or tebratayotganidan xursand bo‘ldik. Uning kelgusi faoliyatiga omad tiladik. 

Fayzullo Sultonov tayyorladi.
 

Mavzuga oid