O‘zbekiston | 11:09 / 22.02.2022
51782
10 daqiqa o‘qiladi

Dars qilmagan o‘quvchilarni izza qilgan o‘qituvchi ishdan olindi. Bu adolatdanmi?

Namanganlik o‘qituvchi dars tayyorlamay kelgan 6 nafar o‘quvchini boshqa sinfdoshlari oldida “uyat, uyat” deb izza qilishi va buning uchun o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi muhokamalarga sabab bo‘ldi. O‘qituvchi dars qilmagan o‘quvchilar bilan qanday ishlashi kerak? U qo‘llagan usul ishdan bo‘shatishga asos bo‘la oladimi?

Foto: Kun.uz

Nima bo‘ldi o‘zi?

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi Shahnoza Madrahimova o‘qish darsi paytida 6 nafar o‘quvchi uy vazifasini tayyorlamagani va daftarlari qolib ketgani sababli ularni jazolashning o‘ziga xos usulini qo‘lladi.

O‘qituvchi 6 nafar bolani doska oldiga turg‘izib qo‘yib, qolgan o‘quvchilarga jo‘r bo‘lib “uyat” deb ayttirgan. Jarayonni esa o‘zi telefonida videoga olib, ikki nafar o‘quvchining ota-onasiga Telegram orqali yuborgan.

Shundan keyin video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va holat Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzib o‘rganilgan. Natijada sinf rahbari Shahnoza Madrahimova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Ijtimoiy tarmoqdagi bahslar

O‘qituvchi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi aksar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida e’tirozlar paydo qildi va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ba’zilarga ko‘ra, dars qilmay kelgan bolaga bu ko‘rinishda tanbeh berish – o‘qituvchi qo‘llasa bo‘ladigan usul. Sababi o‘qituvchi bolalarni urmagan, so‘kmagan, faqat o‘z sinfdoshlari orasida izza qilgan.

Ikkinchi qutbda esa, hali kichik yoshdagi bolalarga bunday jazo chorasi qo‘llash mumkin emasligi, bu ularga yomon ta’sir qilishi haqida fikrlar bildirilgan.

“O‘qituvchi yaxshi dars o‘tadi” — ota-onalar e’tirofi

“Yangi davr” informatsion dasturi muxbiri Uchqo‘rg‘ondagi maktabga borib, ishdan bo‘shatilgan o‘qituvchi va ularning ota-onalaridan intervyu olgan.

“Sinfdagi o‘quvchilarning ota-onalari bilan alohida guruh ochgandik. Unda bolalarning kamchiligi, dars qilmagan, uy vazifalarini bajarmagan holatlarni muhokama qilib turardik. Mana shu [ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan] videoni haqiqatan o‘zim olganman va ota-onalarning “lichka”siga yuborganman. Bu orqali bolalar keyingi safar o‘zlariga xulosa chiqarib olsin deb maqsad qilgandim, lekin yomon niyatda qilinmagan. Qilgan ishimdan pushaymonman”, – deydi Shahnoza Madrahimova.

Sinfdagi bir nechta o‘quvchilarning ota-onalari o‘qituvchining ishda qolishi tarafdori ekanini bildirib, uning yaxshi o‘qituvchi ekanini, karantin paytida o‘quvchilarning o‘zlashtirishi pasaymasligi uchun uyma-uy yurib, ta’lim olishlariga yordam berganini e’tirof etgan.

Kun.uz mazkur keysning pedagogik va huquqiy jihatlariga e’tibor qaratdi.

  • Sinf rahbari Shahnoza Madrahimova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qaysi asosga ko‘ra bekor qilindi?

Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasining munosabatida maktab direktori va o‘rinbosarlari Mehnat kodeksining 181-moddasi 1-bandiga ko‘ra, hayfsan va ogohlantirish olgani ma’lum qilindi. Biroq o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasining bekor qilinishiga qanday huquqiy asos bor?

  • O‘quvchilar uchun qo‘llaniladigan jazo choralari belgilab qo‘yilmagan-ku?

O‘qituvchilar dars tayyorlab kelmagan o‘quvchilari bilan ishlashda qanday usul va metodlardan foydalanishi mumkin va qaysilari mumkin emas? Boshqarma “bunday holatlarni qo‘llash umume’tirof etilgan mezonlarga mutlaqo zid” deb baholadi. Lekin ular aynan qaysi mezonlar? Ertaga O‘zbekistondagi istalgan o‘qituvchi namanganlik ustozning ahvoliga tushib qolmasligi uchun nimalarni bilishi kerak?

O‘qituvchi boshqa ishga joylashtiriladi

Savollarga aniqlik kiritish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landik. Matbuot kotibi Laylo Rustamovaning ma’lum qilishicha, pedagog Shahnoza Madrahimova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan, biroq viloyat boshqarmasi uni boshqa ishga joylashtirishni rejalashtiryapti.

Bolaga ruhiy bosim va jismoniy kuch ishlatish mumkin emas

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasi umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari buzilgani vaji bilan bekor qilingan.

Mazkur qoidalarda maktab o‘quvchilarini rag‘batlantirish va chora ko‘rish tartibi belgilangan.

Unga ko‘ra, o‘qituvchi o‘quvchining qog‘oz yoki elektron kundaligiga tanbeh yozishi, qoida buzilish takroran kuzatilsa, o‘quvchini maktab ichki nazorat ro‘yxatiga olishi mumkin. Shu bilan birga, bu kabi o‘quvchilar bilan yakka tartibda shug‘ullanib, sinf jamoasi orasida muhokama qilish ham belgilab berilgan.

Qoidalarda yozilishicha, bolaga nisbatan ruhiy bosim va jismoniy kuch ishlatish mumkin emas.

Matbuot kotibining aniqlik kiritishicha, bu qoidalarga zid ravishda bolaga nisbatan ruhiy bosim va jismoniy kuch ishlatish o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Bolaning izza qilinishini ruhiy bosim deb baholash mumkinmi?

Rozaliya Gabdulhaqova, psixolog:

— Bu holatni o‘quvchilarga nisbatan bosim sifatida qabul qilish mumkin. Sababi kichik sinflarda bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi endi shakllanayotgan bo‘ladi. Bolaning tashqi tarafdan bu kabi holatga tushishi uning o‘zi haqidagi fikri yomonlashishiga va darsga munosabati o‘zgarishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, bolaning sinfdoshlari o‘rtasida uyaltirilishi o‘quvchilarning o‘zaro munosabatlariga ham ta’sir qiladi. Sababi bolalar o‘rtasida o‘zaro raqobat bo‘ladi. Bir safar uyaltirilgan bolalar keyingi safar boshqa o‘rtog‘i dars qilib kelmaganda “Uni ham uyaltiring” deb boshqa bolalarning kamchiliklarini topib, o‘qituvchisiga aytishga harakat qiladi. Shu tarzda bolalar o‘rtasida munosabatlar buzilishi mumkin.

“Bolani jazolash qo‘rquvga sabab bo‘ladi, qo‘rquv bilan esa bir necha marta dars qilish mumkin xolos”

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti kafedra mudiri, pedagogika fanlari doktori Bekzod Xo‘jayevning qayd etishicha, umuman olganda, bugungi pedagogikada jazolash degan metod yo‘q. Zamonaviy pedagogika jazolash metodini qo‘llashni tavsiya qilmaydi.

“O‘qituvchi o‘quvchiga hech qanday jazo qo‘llashi mumkin emas, aksincha, unda o‘qishga bo‘lgan qiziqish va motivatsiyani hosil qilishi kerak va uni ham ichki, ham tashqi rag‘batlantirib borishi zarur. Shuning bilan o‘quvchining xulq-atvori yaxshilanadi va fanga bo‘lgan qiziqishi ortadi.

O‘qituvchi har bir o‘quvchiga individual yondashishi kerak, sababi bolalarning fiziologik va psixologik xususiyatlari, xarakteri, temperamenti, qiziqishlarining yo‘nalganligi turlicha. Agar o‘quvchi yaxshi o‘qimasa, demak, unda shu fanni o‘rganishga nisbatan qiziqish bo‘lmasligi mumkin. Bunday holatda u o‘quvchini darsdan keyin olib qolib yoki darsda qo‘shimcha shug‘ullanib, qiziqishlarini hisobga olib, sekinlik bilan belgilangan talablarga javob beradigan darajaga olib chiqishi mumkin.

Agar o‘qituvchi bolani jazolasa, buning bilan unda qo‘rquv shakllanishi va bu qo‘rquv natijasida bir necha martagina uyga vazifani bajarib kelishi mumkin, lekin o‘quvchida barqaror qiziqish hosil qilinsa, uning o‘zlashtirishi odatga aylanadi”, – deydi pedagogika fanlari doktori Bekzod Xo‘jayev.

O‘qituvchilar va psixologik zo‘riqishlar

Bekzod Xo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, o‘qituvchi o‘quvchining shaxsiga tegishi va jismoniy jazolashi mumkin emas. Qolaversa, o‘qituvchi bolalar videotasvirini ota-onalarga yuborishi ham to‘g‘ri emas.

“Lekin yana bir tarafi borki, ota-onalar o‘qituvchini yaxshi dars o‘tadi, deb ta’riflashgan. Balki u haqiqatan yaxshi dars o‘tishi mumkin. Bugungi innovatsion ta’lim muhitida xohlaymizmi-yo‘qmi, o‘qituvchilar ham psixologik zo‘riqishlarga uchraydi. Buni pedagogik risklar deb ataymiz. Har doim obektiv va sub’yektiv risklar o‘qituvchiga ta’sir qiladi. Balki o‘qituvchiga jazo chorasi qo‘llayotganda shu taraflarini ham inobatga olishi kerak edi”, – deydi Bekzod Xo‘jayev.

Darhaqiqat, o‘qituvchilar oxirgi 2 yilda avval karantin sababli onlayn tarzda dars o‘tishga moslashishdi, hozir esa umumta’lim maktablarida hujjatlar elektronlashishi sharoitiga moslashishyapti. Bosqichma-bosqich turli yangiliklarga moslashayotgan o‘qituvchilarga ham ko‘proq ruhiy va kasbiy qo‘llab-quvvatlov kerakdir, balki.

Namangandagi o‘qituvchi bilan sodir bo‘lgan holat misolida ustozlarga nisbatan beshafqat emas, ko‘proq adolatli bo‘ladigan tizim yaratish haqida ko‘proq o‘ylana boshlansa ham ajab emas.

Zilola G‘aybullayeva,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid