O‘zbekiston | 11:20 / 11.01.2022
79191
6 daqiqa o‘qiladi

Lukashenkoning «maslahati»: Aslida nimadan ehtiyot bo‘lish kerak?

Aleksandr Lukashenko KXShT sammitida O‘zbekiston ham Qozog‘istondagi voqealardan saboq chiqarishi kerakligini aytdi. Bu siyosatchining navbatdagi ehtiyotsizligimi yoki mamlakatni harbiy blokka qaytishga undab qilingan tashqi bosimmi?

Qozog‘istondagi tartibsizliklarni mahalliy hukumat terrorchilar hujumi sifatida baholab, KXShTdan yordam so‘radi. Shu bilan birgalikda, To‘qayev tomonidan xorijiy aralashuv bo‘yicha ilgari surilgan da’volarga hozircha isbot keltirilmadi.

Qozog‘istondagi tartibsizliklar. vnnews.ru

Faqat Rossiyaning propagandachi jurnalistlari, ayrim partiya rahbarlari va deputatlari ham Qozog‘istonni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish kerakligi borasida ketma-ket chiqishlar qilib bo‘lishdi.

Kimning sigiri ma’rasa ham...

KXShT (ODKB) sammitida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko «O‘zbekiston bu voqealardan saboq chiqarishi kerak»ligi haqida gapirdi. Bunga qo‘shimcha qilib unda xorijdan hujum bo‘lishi haqida ishonarli axborot borligini aytdi.

Lukashenko bu gapni «ODKBga a’zo bo‘lmasangiz, O‘zbekistonga Rossiya qo‘shinlarini kiritmasangiz sizlar ham mana shunday baloga mubtalo bo‘lasizlar», degan ma’noda gapirdi, deyish mumkin.

Lukashenko vaziyatni shosha-pisha o‘z qarichi bilan o‘lchagan ko‘rinadi. Qolaversa, «menda ishonarli axborot bor», deb, O‘zbekiston razvedkachilari hamda 30 yillik armiyasining salohiyatini ham shubha ostiga qo‘ymoqchi bo‘lmoqda.

O‘zbekiston — harbiy xavfsizlikni ta’minlash, o‘z hududida aksilterror harakatlarni olib borish nuqtayi nazaridan olib qaraganda, o‘zini o‘zi eplay oladigan davlat. O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, O‘zbekiston harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi, har qanday davlatlararo tuzilma agar u harbiy-siyosiy blokka aylantiriladigan bo‘lsa, undan chiqib ketish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Yurtimizda xorijiy davlatlarning harbiy bazasi ochilishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi — bu mavjud qonunlarga zid.

Shular inobatga olinsa, o‘rtaga boshqa savol chiqadi: bu bayonotni boshqa davlatlar yetakchilari, birinchi navbatda Rossiya Federatsiyasi tomonidan o‘rtaga tashlangan va Belarus prezidenti tomonidan yangragan tashqi siyosiy bosim deb qarash mumkinmi?

Lukashenko kimning qulog‘iga yoqadigan gap aytdi? rtvi.com

Agar Belarus xavfsizlik organlari O‘zbekiston xavfsizligiga tahdid soluvchi muayyan ma’lumotlarga ega bo‘lishsa, Belarus va O‘zbekiston kuchishlatar tuzilmalari o‘rtasidagi ikkitomonlama, shuningdek MDH doirasidagi hamkorlik axborot almashinuv qay darajada ishlamoqda? Bu ma’lumotlar o‘zaro hamkorlik liniyalari bo‘yicha O‘zbekistonga berilganmi?

Bu — O‘zbekiston, Qozog‘iston emas

Ko‘pchilik O‘zbekiston TIV tomonidan Lukashenkoning bu fikrlariga rasmiy javob berilmayotganidan hayron.

Lukashenko ta’kidlaganidek, Qozog‘istondagi ssenariy O‘zbekistonda takrorlanishi mumkinmi? Shubha yo‘q-ku, buning ehtimoli o‘ta past. Rossiya Fanlar akademiyasi jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining possovet tadqiqotlar markazi katta ilmiy xodimi Stanislav Pritchin Lukashenkoning so‘zlariga izoh berar ekan, shunday dedi: «Global miqyosda gapirilsa, vaziyatni beqarorlashtirish uchun har doim imkoniyat bo‘ladi. Ammo O‘zbekistondagi hozirgi holatni taqqoslaydigan bo‘lsak, bu yerdagi vaziyat Qozog‘istondagidan tubdan farq qiladi: bu yerda Qozog‘istondagi fojiali voqealar arafasida bo‘lgani kabi hech qanday siyosiy bo‘linish yo‘q».

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa Lukashenkoning xatti-harakatlarini tushuntirdi.

«Lukashenko o‘z vaziyatini legitimlashtirishni, boshqa prezidentlar ham «uni tushunishlari»ni istaydi. Ya’ni Lukashenko «o‘tgan yillari G‘arb kuchlari, qudratli siyosiy hokimiyat markazlari (jumladan, Moskva ham) menga ko‘p azob berdi... Endi navbat sizga ham kelyapti», demoqda.

O‘zbekistondagi ijtimoiy kayfiyat Qozog‘istondagidan, Belarusdagidan, Rossiyadagidan jiddiy farq qiladi. O‘zbekiston ma’muriyati yosh va legitimligi yuqori. Nazarboyev hokimiyat tepasida 32 yildan beri, Lukashenko — 28 yildan beri, Putin — 22 yildan beri o‘tiribdi. Bu davlatlarning fuqarolari o‘zlarining prezidentlaridan jiddiy zerikkan», deb yozadi siyosatshunos.

Barcha yakdil bo‘lishi kerak

Shunday ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlangan islohotlarni barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Chunki bu ishlar shaffoflikni ta’minlash va xalq farovonligini oshirish yo‘lida qilinmoqda.

Mustaqillikning 30 yili ichida o‘zbeklar ko‘p jabr-u sitam ko‘rdi. Hokimiyatdan ham, radikal kayfiyatdagi terrorchilardan ham. Hozir o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolarning barchasini ortga solib, ulardan xulosa chiqargan holda oldinga harakatlanmoqdamiz.

Uzoq yillar davomida inson haq-huquqini cheklagan ko‘pgina qonun va qoidalar bekor qilindi. Hali oldimizda inson manfaatini yuksaltirish uchun qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Bosh tamoyil prezident tomonidan belgilangan — Xalqni rozi qilish.

«O‘zbekiston, albatta, ehtiyot bo‘lishi kerak. Lekin, G‘arbdan emas, shimoldan ehtiyot bo‘lishi kerak. Chunki, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning izdan chiqishi, natijada, vaziyatga tashqi ta’sirning oshishi, afsuski, shimol foydasiga bo‘lish ehtimoli yuqori. Qozog‘istonda shunday bo‘ldi», deb yozadi Kamoliddin Rabbimov.

O‘zbekiston askarlari

Biz ichki mojaro va tushunmovchiliklarni murosa-yu madora yo‘li bilan yechamiz. Har qanday tashqi xurujlarni doim askarlarimiz bilagi bilan bartaraf qilib kelganmiz. Bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Yurtimizga begona yurt askari qurol ko‘tarib kirmaydi. Bunga armiyamizning kuchi ham, salohiyati ham yetadi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid