O‘zbekiston | 11:03 / 17.10.2018
13055
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi  

Foto: 123RF

O‘zbekiston Respublikasining prezidenti 2018 yil 16 oktabr kuni “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi” tomonidan e'lon qilingan.

Qayd etilishicha, ushbu Qonunning maqsadi xususiy bandlik agentliklarining faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Bildirilishicha, xususiy bandlik agentligi ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash va ishga joylashish bo‘yicha, ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi tijorat tashkilotidir.

Xususiy bandlik agentligi oliy ma'lumotli rahbarni qo‘shib hisoblaganda kamida ikki nafar xodimga ega bo‘lishi kerak.

Xususiy bandlik agentliklari faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslikdan iboratdir.

Xususiy bandlik agentliklari yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar tomonidan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi mumkin.

Xususiy bandlik agentligi davlat organlari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va diniy tashkilotlar tomonidan tuzilishi mumkin emas.

Xususiy bandlik agentliklarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.

Davlat xizmatlari markazlari arizachiga uni xususiy bandlik agentligi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni ushbu agentlikni tuzish maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan rad etishga yoki qonunda nazarda tutilmagan qo‘shimcha talablar belgilashga haqli emas.

Arizachini xususiy bandlik agentligi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish, shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlarining buzilishi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qarori, shuningdek uning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) sud tomonidan g‘ayriqonuniy deb topilgan taqdirda, ular ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish yoki ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini buzish tufayli arizachiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplaydi hamda ma'naviy ziyonni kompensatsiya qiladi.

Xususiy bandlik agentliklari quyidagi xizmat turlarini ko‘rsatishi mumkin:

O‘zbekiston Respublikasi hududida ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash;
ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish;
ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari.

O‘zbekiston Respublikasi hududida ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash bo‘yicha xizmatlar xususiy bandlik agentligi va ish qidirayotgan shaxs o‘rtasida tuzilgan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash bo‘yicha xizmatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

ish qidirayotgan shaxslar to‘g‘risidagi axborotni ish beruvchilar o‘rtasida tarqatish, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tarqatish;
bo‘sh ish o‘rinlariga ega bo‘lgan ish beruvchilarni izlashni amalga oshirish;
ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish beruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazish;
ish beruvchilar va ish qidirayotgan shaxslar o‘rtasidagi suhbatga tayyorgarlik ko‘rish hamda muzokaralarda (suhbatlarda) ishtirok etish;
ish beruvchilar va ish qidirayotgan shaxslar o‘rtasidagi mehnat shartnomalari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish.

Ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bo‘yicha xizmatlar xususiy bandlik agentligi va ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida ko‘rsatiladi.

Ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bo‘yicha xizmatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

ish beruvchilarda mavjud bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi axborotni tarqatish, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tarqatish;
ishga joylashtirish uchun maqbul nomzodlarni izlashni amalga oshirish;
ishga joylashtirish uchun nomzodlar bilan muzokaralar o‘tkazish;
ish beruvchilar va bo‘sh ish o‘rinlarini egallashga nomzodlar o‘rtasidagi muzokaralarda (suhbatlarda) ishtirok etish;
ish beruvchilar va ish qidirayotgan shaxslar o‘rtasidagi mehnat shartnomalari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish.

Xususiy bandlik agentliklarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlari ularda O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar xususiy bandlik agentligi va ish qidirayotgan shaxs o‘rtasida tuzilgan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida ko‘rsatiladi hamda quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish masalasi bo‘yicha chet ellik sheriklar bilan o‘z vakolatlari doirasida muzokaralar (suhbatlar) o‘tkazish, shartnomalar, bitimlar va bayonnomalarning loyihalarini tayyorlash;
ehtimol tutilgan ish beruvchilarni qidirish, xorijiy mamlakatlarning mehnat bozorini o‘rganish asosida bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarga axborot taqdim etish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mehnat faoliyatini amalga oshirishni xohlayotgan shaxslar haqidagi axborotni faqat ularning roziligi bilan chet ellik ish beruvchilar o‘rtasida tarqatish;
ish qidirayotgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun dastlabki tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish yo‘li bilan ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashadigan mamlakatda bo‘lish qoidalari, mehnat sharoitlari, ijtimoiy va uy-joy-maishiy ta'minoti, chet ellik ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalarini tuzishning huquqiy jihatlari haqida xabardor qilish;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslar bilan ish beruvchilar o‘rtasida mehnat shartnomalarini tuzishga ko‘maklashish.

O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun xususiy bandlik agentliklari zaxira qilinadigan summa sarflangan taqdirda mablag‘larning o‘rnini to‘ldirish, shuningdek litsenziya tugatilgan yoki bekor qilingan taqdirda mablag‘larni qaytarish shartlari bilan ellik ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasida zaxira qilib qo‘yadi.

Ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari xususiy bandlik agentliklari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida yoki bepul ko‘rsatiladi.

Ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari buyurtmachini mehnat bozori holatining tahlili va prognozi hamda uning ishtirokchilari, mazkur bozorning kon'yunkturasi, mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari haqidagi axborot bilan ta'minlashni, shuningdek ishga joylashtirish sohasidagi boshqa axborotni taqdim etishni o‘z ichiga oladi.

Xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma xususiy bandlik agentligi tomonidan ish qidirayotgan shaxs va (yoki) ish beruvchi bilan yozma shaklda tuziladi.

Xususiy bandlik agentliklari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:

xizmatlarning mazmuni;
xizmatlar ko‘rsatish muddatlari;
xizmatlar ko‘rsatilganligi uchun haq to‘lash miqdori va shartlari;
shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlari;
shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun taraflarning javobgarligi;
shartnomani bekor qilish tartibi va shartlari;
shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda pul mablag‘larini qaytarish tartibi;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilgan taqdirda, xususiy bandlik agentligida litsenziya mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar, litsenziyaning tartib (ro‘yxatdan o‘tkazish) raqami va berilgan sanasi ko‘rsatilgan holda.

Mavzuga oid