O‘zbekiston | 13:31 / 18.03.2025
2981
2 daqiqa o‘qiladi

«Tashabbusli budjet»da majburiy ovoz to‘plangan loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Quva tumanidagi 37-maktab rahbari tomonidan majburlash orqali ovoz yig‘ilgan loyihalarni chetlatish yuzasidan tuman kengashiga taqdimnoma yubordi. Vazirlik ovoz to‘plashga majburlash holatlari kuzatilganda Bandlik vazirligining (71) 200-06-00 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilishni so‘radi.

Foto: Kun.uz

“Tashabbusli budjet”da majburiy ovoz to‘plangan loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlashtiriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 37-umumta’lim maktabda majburiy ovoz berish holatlari kuzatilgan. Holat tegishli vakolatli organlar tomonidan o‘rganilganida haqiqatan ham ushbu maktabda xodimlar majburiy ovoz berishga jalb etilgani tasdiqlangan.

Shu sababli Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mazkur maktabda majburiy ovoz to‘plangan loyihalarni ovoz berish bosqichidan chetlatish yuzasidan xalq deputatlari tuman kengashiga taqdimnoma yuborilgan.

«Agar siz ovoz to‘plashga majburlash holatlariga duch kelsangiz, zudlik bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining (71)200-06-00 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz», deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, vazirlik «Tashabbusli budjet» jarayoni doirasida majburiy ovoz berishga jalb etish majburiy mehnat sifatida tasniflanishi belgilanganini eslatib o‘tgan.

Avvalroq maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Quva tumanidagi maktablardan birida direktor o‘qituvchilarning oylik maoshidan «Tashabbusli budjet»da ovoz yig‘ish uchun 700 ming so‘mdan ushlab qolmoqchi bo‘lganini ma’lum qilgandi. Direktor bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Mavzuga oid

E`lonlar