Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti, fuqarolarni vatanga qaytarish, maxsus shifoxonalar va MIBning yangi rekordi – mahalliy dayjest
Prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda biznes uchun yangi imtiyozlar e’lon qildi. Insult va infarkt kasalliklariga qarshi kurashish maqsadida maxsus shifoxona tashkil etiladi. Toshkentda tungi avtobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish rejasi e’lon qilindi. Xorijda qiynalib qolgan yurtdoshlar Vatanga qaytarilmoqda – shu va boshqa muhim xabarlar bilan Kun.uzʼning mahalliy yangiliklar dayjestida tanishtiramiz.
Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan an’anaviy ochiq muloqot o‘tkazdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan an’anaviy ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda mamlakatda biznes muhitini yaxshilash va yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Jumladan, 1 noyabrdan tadbirkorlarga barcha mobil to‘lov ilovalarida ishlaydigan universal QR-kod beriladi. Aylanmasi bir milliard so‘mgacha bo‘lganlar uchun soliq bir foiz qilib belgilandi. Eksport qarzdorligiga moratoriy e’lon qilindi, polietilen granulalari importiga aksiz solig‘i nol qilib belgilandi. Shuningdek, import tovarlar uchun har bir partiyaga alohida sertifikat talab qilinmaydi.
Turizm sohasida oilaviy mehmon uylari kengaytiriladi, tadbirkorlarning ijara huquqlari kuchaytiriladi. Yangi raqamli platforma orqali investitsiya jalb qilish soddalashadi va startaplar uchun 100 million dollar ajratiladi. Shundan tashqari, 80 ta tumanda maktab va bog‘chalarning bo‘sh yerlarida yangi bog‘chalar quriladi.
Soliqchilar aniqlagan ayrim xato va kamchiliklar bo‘yicha amnistiya e’lon qilindi. Korxona oldidagi qarzini o‘z vaqtida to‘lamaganlarga esa penya hisoblanadi.
Prezident ta’kidlaganidek, bu qarorlar tadbirkorlik muhitini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiyalarni ko‘paytirishga xizmat qiladi.
600 nafardan ortiq fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
Migratsiya agentligining ma’lum qilishicha, 639 nafar fuqarodan vatanga qaytarish yuzasidan murojaatlar qabul qilingan hamda 30 iyuldan 18 avgustgacha Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 621 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelingan.
Ularning 326 nafarini ayollar, 295 nafarini erkaklar tashkil etadi hamda shundan 189 nafari voyaga yetmagan bolalardir.
Eng ko‘p fuqarolar Rossiya Federatsiyasidan qaytgan – ularning soni 460 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, Turkiyadan 71, AQShdan 56, Qozog‘istondan esa 17 nafar vatandoshimiz olib kelingan.
“Vatanga qaytarish” aksiyasi Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda tegishli idoralar hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyiha orqali xorijda turli qiyinchiliklarga duch kelgan hamyurtlarimiz vatanga qaytarilib, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Saida Mirziyoyeva Qirg‘iziston rahbari bilan uchrashdi
O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Bishkekka tashrifi doirasida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashdi. Muloqot ochiq va samimiy ruhda o‘tib, ikki mamlakat munosabatlarining bugungi yuqori darajasi alohida qayd etildi. Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonni O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnisi va strategik hamkori sifatida ko‘rib, munosabatlarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratmoqda.
Uchrashuvda chegara masalalari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar, milliy ID hujjatlarini o‘zaro tan olish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va Qambarota GES-1 hamda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li kabi yirik loyihalar ikki davlat hamkorligining yorqin namunasi sifatida tilga olindi.
Shuningdek, «Zakovat» intellektual o‘yinining ahamiyatiga ham e’tibor qaratildi. Bu musobaqa ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlashda muhim tashabbus sifatida baholandi.
Insultni davolash uchun maxsus shifoxona ochiladi
So‘nggi yillarda insult va infarktga olib keladigan kasalliklar keskin ko‘payib, ularning 85 foizi nogironlikka olib kelayotgani qayd etilmoqda. Shu bois Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya tibbiyot markazi tashkil etiladigan bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 avgust kuni sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Markaz Toshkent shahrida qurilib, 250 o‘ringa mo‘ljallanadi va yiliga 3 mingdan ziyod jarrohlik amaliyoti o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Loyihaga 150 million dollar yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 150 nafar mutaxassis xorijda malaka oshiradi, Samarqand va Buxoro tibbiyot universitetlari klinikalari zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanadi. Yaponiya hamkorligida xalqaro standartlar asosida erta reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Bu choralar nogironlik va mehnatga layoqatsizlikni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
«Afrosiyob» tezyurar poyezdlarida Wi-Fi xizmati yo‘lga qo‘yildi
Transport vazirligi ma’lum qilishicha, endilikda «Afrosiyob» tezyurar poyezdlari yo‘lovchilari safar davomida internetdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yo‘lovchilar tarmoqqa ulanib, filmlar ko‘rishi, musiqa tinglashi yoki turli kontentlardan bahramand bo‘lishi mumkin. Internetdan foydalanishning dastlabki 30 daqiqasi mutlaqo bepul qilib belgilangan.
Ma’lumotga ko‘ra, Wi-Fi xizmati poyezdlarning barcha vagonlari va yo‘nalishlarida ishlab turibdi.
Aliment to‘lash bo‘yicha rekord yangilandi
Toshkent shahrida 4 nafar farzandi uchun aliment to‘layotgan erkak rekord ko‘rsatkich qayd etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Uchtepa tumanida yashovchi qarzdor Sh.J. sud qaroriga asosan farzandlari uchun daromadining yarmi miqdorida aliment to‘lashi kerak edi. Ijro jarayonida uning mol-mulkiga oid hech qanday ma’lumot topilmagan. Shu bois u o‘z xohishi bilan farzandlari voyaga yetguniga qadar hisoblanadigan aliment miqdorini biryo‘la to‘lab berishni so‘radi.
Hisob-kitoblar natijasida 16 yillik aliment summasi 2 milliard 442 million so‘mni tashkil etdi. Qarzdor ushbu mablag‘ni uy ko‘rinishida undiruvchiga taqdim etdi. Shu bilan ijro hujjati yakunlangan hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Nukusda bir erkak 2 milliard 270 million so‘m miqdorida alimentni oldindan to‘lab, rekord o‘rnatgan edi.
Toshkentda tungi avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi
Poytaxtda 2025 yil oxiriga qadar tungi avtobuslarning ilk yo‘nalishi ish boshlaydi. Bu haqda shahar transport bosh boshqarmasi rahbariyati ma’lum qildi.
Avtobuslar har kuni soat 22:00 dan 06:00 gacha harakatlanadi. Ular aeroportlar, vokzallar, metro bekatlari, tunda gavjum bo‘ladigan turizm ko‘chalari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, bozorlar va shifoxonalardan o‘tib, fuqarolarga qulaylik yaratadi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 8 ta yo‘nalish yo‘lga qo‘yilib, jami 31 ta avtobus xizmat qiladi. Ulardan ilk yo‘nalish – T1 sifatida belgilangan bo‘lib, Husayn Boyqaro ko‘chasidan Qo‘yliq bozorigacha qatnaydi.
Ikkinchi bosqichda yana 7 ta yo‘nalish ochilishi rejalashtirilgan. Umuman olganda, poytaxtdagi tungi avtobuslar soni 54 taga yetadi. Avtobuslar qizil rangda bo‘ladi, chipta narxi esa kunduzgi qatnovlar bilan bir xil belgilangan.
Shu tariqa, tungi vaqtda ham aholining harakatlanishi uchun qulay va xavfsiz transport xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Mavzuga oid
21:05 / 26.12.2025
2026 yil nomi va o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish rejasi – mahalliy dayjest
21:28 / 25.12.2025
Deputatlar yashirincha tasdiqlagan 41 trln so‘m va YHXX raddiyasi – mahalliy dayjest
21:41 / 24.12.2025
Yo‘llardagi yuzlab kameralarning internetda ochiq qoldirilishi va o‘zbek so‘mida sigareta tutatgan xorijliklar – mahalliy dayjest
21:57 / 23.12.2025