Jahon | 14:04 / 27.03.2026
5160
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronga ultimatumini yana uzaytirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron bilan muzokaralar o‘tkazilishi uchun Eron energetika obektlari bo‘ylab zarba berishni yana 10 kunga kechiktirishga qaror qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Eron hukumati so‘rovi bilan qabul qilingan, ammo Tehrondagilar buni so‘raganini rad etmoqda.

Foto: EPA

«Eron hukumati iltimosiga ko‘ra […] men elektr stansiyalarni vayron qilish davrini 10 kunga, 2026 yil 6 aprel, dushanba kuni sharqiy vaqt bo‘yicha soat 20:00 ga qadar [Grinvich bo‘yicha 7 aprelga o‘tar kechasi yarim tun] to‘xtatib turaman. Muzokaralar davom etmoqda va soxta OAV va boshqa manbalarning noto‘g‘ri bayonotlariga qaramay, ular juda yaxshi o‘tmoqda», – deya yozgan u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

O‘tgan hafta oxirida Tramp agar Tehron 48 soat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmaydigan bo‘lsa, Erondagi elektr stansiyalarni «yakson qilishi» haqida ogohlantirgandi. Eron hukumati bunga javoban bo‘g‘ozni kemalar qatnovi uchun to‘liq yopishini ma’lum qilgandi.

Dushanba kuni Tramp AQSh va Eron urushni yakunlash bo‘yicha «samarali muzokaralar» olib borayotganini aytib, Eron energetikasiga zarbalarni besh kunga kechiktirishga buyruq berdi.

Chorshanba kuniga kelib AQSh urushni tugatish uchun Eronga 15 shartni o‘z ichiga olgan ro‘yxatni yuborgani ma’lum bo‘ldi, ammo Tehron bu talabnomani rad etib, o‘zining besh banddan iborat rejasini taklif etgan.

AQSh Eron tomonidan aynan kim bilan muloqot qilayotgani hozircha noma’lum. Bir kun avvalgi bayonotida Tramp Eron rasmiylari o‘ldirilishdan qo‘rqib, muzokaralar olib borilayotganini rad etayotganini aytgandi.

«Ular muzokaralar olib borishmoqda va bitim tuzishni juda xohlashmoqda. Ammo ular bu haqda gapirishdan qo‘rqishadi, chunki ular o‘z vatandoshlari tomonidan o‘ldirilishi mumkin. Ular, shuningdek, biz ularni o‘ldirishimizdan qo‘rqishadi», – dedi u jurnalistlarga.

Eronning «sovg‘asi»

Tramp Eron energetikasiga zarbalar kechiktirilishini ma’lum qilganidan ko‘p o‘tmay, jahon bozorlarida neft narxi pasayishni boshladi. Payshanba kuni esa narxlar o‘sishda davom etdi – bu urushning davom etishi neft taqchilligi olib kelishi haqidagi xavotirlarni aks ettiradi.

Payshanba kuni AQSh hukumati yig‘ilishida Tramp Eron hukumati unga aynan qanday sovg‘a berganini ham aytib o‘tdi. Bungacha Oq uy rahbari eronliklar unga qimmatbaho narsa sovg‘a qilishganini ma’lum qilgan, biroq aynan nima sovg‘a qilganiga aniqlik kiritmagandi.

Trampdan Eron bilan muzokaralar qanday ketayotgani haqida so‘rashdi va u Tehron o‘z niyatlarining jiddiyligini namoyish etishni istayotganini aytdi. Keyin u Tehron ikki-uch kun oldin unga «sovg‘a» sifatida neft ortilgan sakkizta tankerni Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tkazishga va’da bergani va bu tankerlar haqiqatan ham bo‘g‘ozdan o‘tganini aytdi.

«Va men dedim: „Demak, biz to‘g‘ri odamlar bilan ishlayotganga o‘xshaymiz“. Darhaqiqat, ular ba’zi bir narsalar uchun uzr so‘rashdi va yana ikkita kemani o‘tkazib yuborishlarini aytishdi. Shunday qilib, natijada bizda bunday kemalar soni o‘nta bo‘ldi», – dedi Tramp.

Isroil Eronga hujumni davom ettirmoqda

Isroil mudofaa armiyasi so‘nggi kun davomida mamlakat harbiy-havo kuchlari Eron g‘arbiy qismidagi «uchirish pozitsiyalari» bo‘ylab 20 ga yaqin zarba yo‘llaganini ma’lum qildi.

Armiyaning X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida aviatsiya ballistik raketalarni saqlash va uchirish uchun ishlatiladigan obektlarga, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlariga 70 ga yaqin o‘q-dorilar tashlagani aytilgan.

Ushbu obektlarda bo‘lgan harbiylar «yo‘q qilingani» va Isroil armiyasi «to‘xtovsiz harakat qilishda davom etib, Eronning raketa salohiyatiga zarba berayotgani» qayd etilgan.

Payshanba kuni Isroil harbiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishga mas’ul bo‘lgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi dengiz kuchlari qo‘mondoni Alirizo Tangsiri o‘ldirilganini ham e’lon qilgandi. Avvalroq eronlik rasmiylardan biri anonim tarzda Eron davlat ommaviy axborot vositalariga bo‘g‘ozni nazorat qilish mamlakatning «tabiiy va qonuniy huquqi» ekanini aytgandi.

Shuningdek, payshanba kuni Abu-Dabida Eron raketasi parchalari tushishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid