O‘zbekiston | 22:45 / 08.10.2020
46319
2 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimov: «Oqsoch ayollarga talab ortib bormoqda, xotin-qizlarni shu kasbga o‘rgatishimiz kerak»

8 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta'minlash masalasida videoselektor o‘tkazildi. Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, viloyatlar va ayrim tumanlar hokimlari axboroti eshitildi.

Videoselektorda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham so‘z oldi va uchta taklifni ilgari surdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Samarqand davlat universiteti qoshida mutaxassislarni qayta o‘qitish va sertifikat berish markazi ochishni taklif qilaman. Uzoq tumanlarda juda ko‘pchilik mutaxassislar yetishmaydi. Fuqarolarni kasbga yo‘naltirish uchun o‘qitib, sertifikat bersak, foydali bo‘ladi.

Shuningdek, bugungi kunda xorijda ham, o‘zimizda ham uy ishlarini qiluvchi oqsochlik kasbiga talab ortib bormoqda. Samarqand viloyatidan ham juda ko‘pchilik ayollar chet davlatlarda, xususan Turkiyada uy ishlarini bajarishadi. O‘zimizda ham aholi iqtisodiy imkoniyatlari oshgan sari bu kasb egalariga bo‘lgan talab ortaveradi. Ammo bunday ayollarni tayyorlaydigan markazlar yo‘q. Ana shunday markazlarni ochishni taklif qilaman.

Yana bir taklifim, innovatsiyaga qiziquvchi ayrim yoshlar kredit olishga qo‘rqishadi, qaytara olmay qolishlarini o‘ylashadi. Ularga yana motivatsiya berish uchun, zarur bo‘lganda kreditlarini qoplab berish maqsadida har chorakda o‘zimizda qolgan mablag‘lar hisobidan 1 mlrd so‘mdan, yiliga jami 4 mlrd ajratsak. Shunda yangilikka intilgan yoshlarimizda shijoat paydo bo‘ladi», – dedi Samarqand viloyati hokimi.

Mavzuga oid