O‘zbekiston | 18:18 / 29.08.2025
9644
3 daqiqa o‘qiladi

Majburiy mehnatga buyurgan direktor ham, unga chiqqan o‘qituvchi ham ishdan olinishi kerak - Turdimov

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov majburiy mehnatga jalb qilish va majburiy obuna masalalariga keskin munosabat bildirdi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov majburiy mehnatga buyurgan maktab direktorlari va majburiy mehnatga chiqqan o‘qituvchilar ishdan olinishi kerakligini aytdi. Bu haqda u 27 avgust kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan Ustozlar milliy forumi doirasida gapirdi.

Turdimov nutqi davomida majburiy mehnatga jalb qilish va majburiy obuna masalalariga to‘xtaldi.

«Birorta maktabda majburiy mehnat bo‘lsa, avtomatik tarzda direktori ishdan olinishi kerak. Shuningdek, majburiy mehnatga chiqqan odamni ham ishdan olish kerak. Chunki uni majburlab ishga chiqargan bo‘lsa... «chiq» desa, chiqib ketaversa, u qanaqa o‘qituvchi bo‘ladi?!», deb qo‘shimcha qildi Turdimov.

Shuningdek, viloyat rahbari majburiy obuna masalasiga ham to‘xtalib, bunga yo‘l qo‘ygan maktab direktori ishdan ketishini aytdi.

«Obuna bo‘lsangiz, o‘zingiz bo‘ling… bitta gazetaga, ana to‘rt-besh o‘rinbosaringiz, zavxozingiz obuna bo‘lsin. O‘qituvchiga tegmang. Bundan tashqari, obuna uchun maktablarga moliya tomonidan pul ajratilgan, 4 milliard so‘mdan ortiq», dedi hokim.

Avvalroq, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktab o‘qituvchilari sinfxonalarni ta’mirlayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Shundan so‘ng, maktab direktori ishdan olindi va 41 mln so‘m jarimaga tortildi.

Keyinroq, Samarqand viloyati 24-umumta’lim maktabida o‘qituvchilar ta’mirlashga jalb etilgani, hayot uchun xavfli balandlikda ishlayotgani haqidagi fotosuratlar tarqaldi.

15 avgustdan boshlab, respublika bo‘yicha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida «Majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi» e’lon qilindi. Mehnat inspeksiyasi haftalik yakunlarini hali e’lon qilmadi.

Shu bilan birga, Kun.uz o‘qituvchilarning tinimsiz majburiy mehnatga jalb qilinayotgani, deyarli barcha viloyatlarda yangi o‘quv yili boshlanishidan avval ustozlar hokimiyatlarning tekin mardikoriga aylangani haqida maqola e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid