Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maktab ta’miriga jalb etilgan o‘qituvchilar voqeasi ortidan Xovos tumani hokimi hayfsan oldi
Kun.uz’da e’lon qilingan xabardan so‘ng Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov holatni tuman hokimi, MMTB, maktab direktori hamda o‘qituvchi bilan muhokama qilgan. Yakunda hokim Ulug‘bek Yo‘ldoshevga hayfsan bergan, ish beruvchi tomonidan MMTB mudiriga intizomiy jazo berilishi, direktorning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi 9-maktabda bir guruh o‘qituvchilar maktab ta’miri uchun majburan jalb etilganiga oid Kun.uz materialidan so‘ng viloyat hokimligi rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, holat viloyat hokimi Erkinjon Turdimov huzurida tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri, 9-maktab direktori va tahririyatga murojaat yo‘llagan matematika fani o‘qituvchisi bilan muhokama qilingan.
Maktab direktori ta’lim muassasasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tezkor tashkil etish maqsadida tashabbus ko‘rsatganini, jarayon o‘qituvchilar roziligi asosida hashar shaklida amalga oshirilganini aytgan.
Hokimlik xabariga ko‘ra, direktor maktabga yaqinda rahbar sifatida tayinlanganini, muassasada sog‘lom muhit to‘liq shakllanmaganini, guruhbozlik holatlari kuzatilayotganini va dars taqsimoti bo‘yicha murojaatchi tomonidan e’tirozlar bildirilganini bayon etgan.
Muhokama yakunida tuman hokimiga ta’lim muassasalarida yetarli nazorat o‘rnatmagani va zaruriy targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali olib bormagani uchun hayfsan berilgan.
Ish beruvchi tomonidan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiriga intizomiy jazo berilishi, 9-maktab direktorining egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Masala yuzasidan hozircha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yoki uning hududiy boshqarmasi rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.
Mavzuga oid
17:08 / 04.12.2025
Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi
13:56 / 27.11.2025
Oliy ta’limda ayol professor-o‘qituvchilar ulushi 46 foizga yetdi
08:08 / 19.11.2025
Xovos tumanida IIBning ikki tezkor xodimi pora olayotganda ushlandi
13:15 / 08.11.2025