Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Qizimizning jasadi topilsa, olib ketsak bo‘ldi” – Sayyoraning jasadi haligacha qidirilmoqda
Istanbulda ikki o‘zbekistonlik ayol shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Birining jasadi topilib, O‘zbekistonga qaytarildi. Ammo ikkinchi qurbonning jasadi chiqindilar orasidan haligacha qidirilmoqda. Gumonlanuvchilar qo‘lga olingan, oilalar eng og‘ir jazo talab qilmoqda.
“Jasadi topilgan degan ma’lumot keldi, buyam yolg‘on ekan”
Istanbulda ikki o‘zbekistonlik ayol Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyeva shafqatsizlik bilan o‘ldirildi. Qotillikda gumonlanayotganlar ham o‘zbek erkaklar. Politsiya dastlab Durdona Hakimovaning o‘limi yuzasidan tergov boshlagan edi. Shu orada Durdonaning dugonasi Sayyoraning ham 23 yanvardan beri bedarak ekanligi haqida mazkur mamlakatda faoliyat yurituvchi O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati xabar berdi. Tekshiruv jarayonida aynan shu xonadonda yana bir ayol – Namanganda tug‘ilgan 32 yoshli Sayyora Ergashaliyeva ham qurbon bo‘lgani aniqlangan. 30 yanvar kuni Durdonaning jasadi va ikki farzandi O‘zbekistonga qaytarildi. Ammo Sayyoraning jasadi haligacha topilmagan.
“Bu yerga ishlab pul topish uchun kelgan edi. Shunaqa narsalarga e’tibor berishingizni so‘raymiz, yolg‘on ma’lumotlar tarqatilmasin. Jasadi topilgan degan ma’lumot keldi, buyam yolg‘on ekan. Rost gapni kutib turibmiz, bir narsa ilinjida shu yerda turibmiz: qizimizning murdasi topilsa, olib ketsak bo‘ldi. Shunga amaliy yordam bering, iltimos”, - deya murojaat qilgan marhumaning onasi Sohiba Muhsinova.
Ikki jasad bir jomadonda tashilgan - advokatlar
Voqea haqida xabar bergan O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati advokatlariga ko‘ra, uning jasadini topish maqsadida hozirgacha 400 ming tonna chiqindi tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Advokat Jyevat Bozkurt: “So‘roq davomida ular Sayyora xonimni o‘ldirganini tan olishgan. Avval 23 yanvardan 24 yanvarga o‘tar kechasi Sayyora xonim o‘ldirilgan, shundan keyin gumonlanuvchilar tomonidan jasad bo‘laklarga ajratilgan. Jasadning bir qismi yashab turgan manzil yaqinidagi chiqindi konteyneriga, qolgan qismi esa Fotih tumanidagi konteynerga tashlangan. Ular tana bo‘laklarini olib borgan jomadonni bo‘shatib uyga qaytishgan. Sayyora xonimning telefoni orqali Durdona xonimga xabar yuborib, uni ham chaqirishgan.
Olgan ma’lumotimizga ko‘ra, ular Durdona xonimning jasadini tashlashganidan keyin 5 daqiqa o‘tib chiqindilarni saralovchi tomonidan topilgan. Agar u 5 daqiqa kechikkanda, uning jasadi ham topilmasligi mumkin edi. Chunki ortidan chiqindi tashuvchi mashina kelayotgani haqida ma’lumot bor. Politsiya bu haqda xabar topishi bilanoq chiqindi yig‘ish ishlarini to‘xtatishga buyruq berilgan.
Dastlab bu holat faqat bitta qotillik sifatida baholangan. Bizning murojaatlarimizga qadar ikkinchi ayol mavjudligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Keyinchalik so‘roq jarayonida bu holat aniqlangach, tergov chuqurlashtirildi. Kamera yozuvlari qo‘lga kiritildi. Iqror ko‘rsatmalari va kamera tasvirlari asosida Sayyora xonim Durdonadan taxminan 12–13 soat avval o‘ldirilgani aniqlandi. Ikki nafar jabrlanuvchining jasadi ham bitta jomadonda tashilgani ma’lum bo‘ldi. Ota-onasidan DNK namunalari olindi.
Istanbul juda katta shahar. Ayniqsa jasadning bir qismi Osiyo qismida, ikkinchi qismi Yevropa qismida tashlangani, chiqindi yig‘ish maydonlari ikki qit’a uchun alohida nuqtalarda joylashgani topilish ehtimolini juda pasaytirib yubordi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hanuz qidiruv ishlarini olib borishyapti. Hozirga qadar qariyb 400 ming tonnaga yaqin chiqindi saralab ko‘rilgan. Qidiruv davom etmoqda, umid qilamizki, jasad topiladi.
Qotillikning sodir etilish usuli va izlarni yo‘qotish harakatlarini inobatga olsak, bu jinoyat ilk holat bo‘lmasligi mumkin, deb hisoblaymiz. Ikki gumonlanuvchi 15 kunlik tanishuvdan so‘ng ikki nafar ayolni o‘ldirishiga ishonish qiyin. Bu oldindan rejalashtirilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Voqeaning ortida yana boshqa jihatlar ham ochilishi mumkin, deb o‘ylaymiz. O‘zbekiston rasmiy idoralaridan gumonlanuvchilar o‘z mamlakatida ham shunga o‘xshash jinoyatga aralashgani haqida hozircha ma’lumot kelmadi.
Oila juda og‘ir ahvolda. Ular hali ham mamlakatimizda. Jasad topilishiga qattiq ishonishmoqda, uni vatanga olib ketib, dafn etishmoqchi. Albatta, gumonlanuvchilar eng og‘ir jazoga tortilishini istashmoqda”.
Advokat Ezgi Ekin Arslan: “Ma’lum bo‘lishicha, Sayyora xonim ham 23 yanvardan 24 yanvarga o‘tar kechasi aynan o‘sha uyda shafqatsiz qotillik qurboni bo‘lgan. Uning jasadi ham 24 yanvar kuni aynan o‘sha xonadondan olib chiqilgan. Hozirda oila ko‘z yoshi bilan qizlarining jasadini kutib turibdi. Biz ularga ‘Qizingiz ikki hafta avval chiqindi konteyneriga tashlangan va hozir uni topish imkoniyati juda kam’ deya olmaymiz. ‘Sayyoraning jasadi topildi’ degan xabarlar tarqalmoqda, ammo hali jasad topilmadi. Umid qilamanki, jasad topiladi va oilasiga topshiriladi.
Balki bu ikki ayolning qotilligidan keyin yana boshqa ayollarga oid jinoyatlar ham fosh bo‘lar – bu haqida bir nima deyish qiyin. Biz ikki nafar gumonlanuvchining ikki ayolni bo‘laklarga ajratib, chiqindi konteynerlariga tashlab, bamaylixotir mamlakatdan chiqib ketishga uringanini bilamiz. Bu gumonlanuvchilar bilan yana boshqa ayollar aloqa qilganmi, yana shunday bedarak yo‘qolgan ayollar bormi - afsuski, bu haqda ma’lumotimiz yo‘q. Agar Sayyoraning oilasi bu yerga kelmaganida nima bo‘lardi? Ehtimol, biz Sayyora haqida hech qachon xabar topa olmasdik”.
“Qotillikni sodir etgan shaxsning opasi va qizi ikki oy biz bilan yashagan”
Durdona Hakimovaning turmush o‘rtog‘i 38 yoshli Erhan Dursun ushbu shafqatsiz qotillikka nisbatan norozilik bildirib, gumonlanuvchining “ishqiy munosabat” haqidagi da’volarini rad etib, ularga eng og‘ir jazo tayinlanishini talab qildi. Ular 2019 yilda turmush qurib, ayolning ikki qizi va Erhanning bir o‘g‘il farzandini birgalikda tarbiyalab kelishayotgan edilar.
“Voqea kuni turmush o‘rtog‘im u yerga o‘g‘lim bilan avtobusda borgan. Uyga yaqin do‘kon oldida onasini kutgan. Onasi “hozir kelaman” degan. 5 daqiqadan keyin o‘g‘lim qo‘ng‘iroq qilgan, javob bo‘lmagan. 15:17 da yana qo‘ng‘iroq qilgan , yana javob bo‘lmagan. Yonidagi shaxs o‘g‘limni taksiga o‘tqazib, Oqsaroy metro bekatigacha olib borishni aytgan. O‘g‘lim u yerdan piyoda uyga qaytgan. Ehtimol, o‘g‘limni chalg‘itish uchun onasini ichkariga yolg‘iz chaqirishgan.
Kechki soat 23:00–24:00 atrofida uxlashga hozirlanayotgan edik, bir payt eshik qo‘ng‘irog‘i chalinib qoldi. O‘g‘lim yugurib eshikni ochdi, men ham chiqdim. 5–6 nafar politsiya xodimi kelgan ekan. Keyin meni bo‘limga olib ketishdi. 1–2 soatdan keyin gumonlanuvchilarni ham olib kelishdi. Menga uni qanday o‘ldirishganini aytmadilar, faqat “o‘ldi” deyishdi. Avval buni qabul qila olmadim. Gumonlanuvchilarni so‘roqxona oynasidan ko‘rdim, qo‘llari cho‘ntakda, juda xotirjam yurib kelishardi.
Turmush o‘rtog‘im meni aslo aldamaydi, 100 foiz ishonaman. Agar xiyonat niyati bo‘lganida, u yerga o‘g‘lim bilan bormasdi. O‘g‘lim ochiq gapiradigan bola, bunday holat bo‘lishi mumkin emas. Biror kimsa onasiga teginsa ham, o‘g‘lim bundan qattiq bezovta bo‘lardi.
Kimdir unga xabar yozgan va u borgan. Boshqa sabab yo‘q. Qayerga borsa, menga joylashuvini, kim bilan ekanini aytib turardi. Adolatga ishonaman. Bunday shafqatsiz jinoyat uchun eng og‘ir jazo berilishini istayman. Qotillikni sodir etgan shaxsning opasi va qizi ikki oy biz bilan yashagan, uning oilasidan ikki kishini taniymiz. Jamoatchilikda turmush o‘rtog‘imni tanimay turib izoh yozayotganlarga aytadigan gapim ko‘p, lekin hali ham dardimizni qabul qila olmayapmiz. Ortida ikki nafar farzandi qoldi. Men uning halolligiga tanam va jonim bilan kafilman”, degan u.
Manbalarimizga ko‘ra, Durdonadan keyingi qurbon – Sayyoraning ham bog‘cha yoshidagi ikki nafar farzandi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, vahshiyona qotillik Turkiyada ayollarning norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.
Mavzuga oid
13:54 / 13.02.2026
Xitoy, Rossiya va Turkiya - O‘zbekistonda eng ko‘p korxona ochgan davlatlar
11:57 / 13.02.2026
“Istanbul sud tibbiy ekspertizasiga hozircha jasad olib kelinmadi” – Sayyora Ergashaliyevaning vafoti yuzasidan munosabat bildirildi
23:23 / 12.02.2026
Turkiya va yadro quroli: geosiyosiy tahlil
23:06 / 12.02.2026