O‘zbekiston | 13:23 / 19.01.2021
23458
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qurilishi bitmagan xonadonda 20 ta gaz ballon portlab ketdi. Holat bo‘yicha surishtiruv olib borilmoqda

Kecha, 18 yanvar kuni kechki payt Samarqand tumanidagi hali bitmagan xonadonlardan birida kuchli yong‘in kelib chiqdi. Ma'lum bo‘lishicha u yerda gaz to‘ldirilgan 20 ta maishiy gaz ballon portlagan.Hodisada hech kim jabrlanmagan.

Kecha, 18 yanvar kuni tunda ijtimoiy tarmoqlar orqali «Samarqand tumani Pulimug‘ob mahallasi tomonda yong‘in sodir bo‘ldi» degan mazmunda videolavhalar tarqaldi. Bugun mazkur hodisa yuzasidan Samarqand tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Jasur Rahmonov bilan bog‘lanib, undan hodisa yuzasidan izoh oldik.

Jasur Rahmonovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, yong‘in joriy yilning 18 yanvar kuni soat 20:08 da Samarqand tumani «Rajabamin» mahallasida yashovchi O.N. ga tegishli qurilishi bitmagan uyning yerto‘lasida sodir bo‘lgan. Oqibatda yerto‘lada bo‘lgan 20 ta maishiy gaz balloni birin-ketin portlagan va binoning 50 kv.m maydoni yongan.

Yong‘in sodir bo‘lgan joyga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va tuman bo‘limi o‘t o‘chiruvchilari zudlik bilan yetib borib, taxminan soat 22:16 larda olov o‘chirilgan. Yong‘inni bartaraf etish uchun 4 ta o‘t o‘chiruvchi texnikalar jalb qilingan. Natijada uyning 90 kv.m maydoni saqlab qolingan.

Samarqand tumani FVB rahbarining bildirishicha, yong‘inda hech kim jabr ko‘rmagan. Shuningdek, yong‘in qay tarzda kelib chiqqani ham hozircha aniq emas. Avval yong‘in kelib chiqib so‘ng gaz ballonlari portlaganmi yoki gaz ballonlari portlashi oqibatida yong‘in kelib chiqqanmi hozircha ma'lum emas. Holat yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari davom etyapti. Bugun hodisa ro‘y bergan joyda tuman FVB, IIB, viloyat va tuman «Hududgaz» bo‘lim va boshqarmalari ish olib bormoqda.

Xonadon egasi bitmagan binoning yerto‘lasiga gaz to‘ldirilgan ballonlar qanday kelib qolgani haqida tayinli javob bera olmagan. Buni aniqlash maqsadida tuman IIB tomonidan surishtiruv olib bormoqda. Tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda. Jasur Rahmonov surishtiruvlar tugagach aniqlangan holatlar bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar berilishini bildirdi.

Mavzuga oid