Jamiyat | 11:24 / 11.05.2026
1798
6 daqiqa o‘qiladi

“Kelajakni kvant kompyuterlarsiz tasavvur qilish qiyin” – MIT’ni maqsad qilgan farg‘onalik o‘quvchi

Ozodbek Tohirov Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 3-maktabning 10-sinfida o‘qiydi. Kvant kompyuteridan foydalanib tasodifiy raqamlardan iborat dastur ishlab chiqqan Ozodbek kelajakda Massachusets texnologiyalari institutida o‘qimoqchi.

“Yaqinda aholining shaxsiy ma’lumotlari tarqab ketdi va albatta bu xavfsizligimiz yetarlicha himoyalanmaganidan dalolat. Kvant kompyuterlari orqali xavfsizlikni kuchaytirishimiz mumkin edi va bunga imkoniyat bor”, – deydi Ozodbek.

Ozodbek Tohirov dasturlar yaratish barobarida ingliz tilini ham o‘rganib bormoqda. Uning aytishicha, kelajakni kvant kompyuterlarsiz tasavvur qilish qiyin:

“Yaqinda kvant kompyuterlari orqali tasodifiy raqamlar yaratuvchi dastur ishlab chiqdim. Eng avvalo kriptografiya nimaligini anglashimiz kerak.

Misol tariqasida aytadigan bo‘lsam, alifboda uchta raqamni oldinga yoki orqaga qilib o‘zgartirishimiz mumkin, shunda “salom”dagi “a” harfi “d”ga o‘zgaradi va shunda hech kim bilmaydi. Bunda kalitimiz uch bo‘ladi. Hozirda oddiy kompyuterlar yoki superkompyuterlar ham tasodifiy raqamlar yarata oladi, lekin ular aslida haqiqiy tasodifiy raqam emas. Ular matematik formulalarga asoslangan. Hozirda kvant kompyuterlari orqali haqiqiy tasodifiy raqam yaratishimiz mumkin, chunki bu fizika qonunlariga asoslangan.

Endi kvant texnologiyalari haqida aytib o‘tsam. Kvant texnologiyalari bizga yangi bir inqilob va imkoniyat bo‘lishi mumkin. Tarixga yuzlansak, 1760 yillarda sanoat inqilobi bo‘ldi. O‘rta asrlarda Samarqand, Buxoro ilm-fan, madaniyat va savdo markazi hisoblangan va bu paytda esa Yevropada qorong‘u davr edi. Lekin sanoat inqilobi tufayli kuchlar balansi o‘zgardi. Sanoat inqilobidan so‘ng biz 100-150 yil orqada qolib ketdik. Undan keyin elektr, so‘ngra internet paydo bo‘ldi.

Hozirda sun’iy intellekt poygasi davom etmoqda. Bundan keyin kvant texnologiyalari inqilobi paydo bo‘ladi. Biz bunga oldindan tayyor bo‘lishimiz kerak va mutaxassislarni chiqarishni boshlashimiz kerak, shunda biz dunyoda top-20 talikka kira olishimiz mumkin. Kvant texnologiyalariga sanoqli davlatlar e’tibor qaratmoqda. Biz bu imkoniyatdan foydalanib qolishimiz kerak.

Misol uchun AQSh kvant texnologiyalari uchun 2018 yildan doimiy sarmoya kiritishni boshladi. Xitoy esa milliy dasturlar yaratishni 2016 yilda boshlagan. Biz ham shu kabi dasturlar yaratishimiz kerak. 2030 yilgacha 1 million sun’iy intellekt yetakchisi dasturlari bor, bizga hozirda kvant texnologiyalariga ham shunday dasturlar kerak.

Kvant kompyuteri bilan oddiy kompyuter yoki superkompyuterlarni taqqoslaydigan bo‘lsak, qisqacha qilib aytganda oddiy yoki superkompyuterlar 0 va 1lardan foydalanadi. Kvant kompyuterlarida esa shunday xususiyat borki, superpozitsiya deb ataladi, unda ham 1, ham 0 ishlashi mumkin. Bu ularga bir vaqtning o‘zida vazifalarni barchasini ishlashiga yordam beradi.

Misol uchun, kutubxonada kitob izlamoqchisiz, birorta kitobni, oddiy kompyuterlarda birma-bir qidiradigan bo‘lsak, kvant kompyuterlarida ular barcha kitobni birdaniga tekshirib chiqadi va bir soniyada topadi. 2019 yilda Google kvant kompyuterida tadqiqot o‘tkazdi va uni uni 200 sekunddayoq bajardi, uni oddiy kompyuterlar 10 ming yillarda bajarishi mumkin edi. Keyin esa 2023 yilda IBM kompaniyasi 1100 kubitli kvant kompyuterini ham ishlab chiqdi.

Kvant kompyuterini ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Chunki kvant kompyuterlari kvant fizikasiga asoslangan. Kvant fizikasi esa hali to‘liq rivojlanmagan. Shuning uchun buni tushuntirish qiyin, ko‘pchilik tushunmaydi ham. Lekin bu kvant texnologiyalari hayotimizga 2035–2040 yillarda kirib keladi va shunda tushunishimiz mumkin.

Dasturlashga 2020 yillardan beri qiziqishim uyg‘ongan. 2020 yillarda o‘zbek tilida dasturlashga darslar yo‘q edi, videolar kamligi uchun qiyin bo‘lgan. Shuning uchun akamdan ingliz tilini o‘rgandim. Kvant kompyuterlarini ahamiyati shundaki, ular faqat bitta sohada emas, ko‘plab sohalarga kirib kelishi mumkin. Misol uchun biotexnologiyada, elektr energiyada yoki sun’iy intellektni o‘zini yanada kuchaytirishda ishlatilishi mumkin.

Masalan, biotexnologiyada CRISPR degan dastur bor, u genlarni o‘zgartiradi. Yangi texnologiya bu ham. Buni farmatsevtikada ishlatishimiz mumkin. Misol uchun 10 yilda yaratish mumkin bo‘lgan dorini bir yil muddat ichida yaratsa bo‘ladi.

Kvant kompyuterlaridunyo bo‘yicha sanoqli hisoblanadi. Ijara narxi soatiga 7 ming dollardan boshlanadi, o‘zining asl narxi esa 10 million dollardan ham oshiq hisoblanadi. Buni BlueQubit platformasi orqali men bepulga 10 daqiqa ishlatdim.

Masalan, O‘zbekistonda yaqinda aholining ma’lumotlari tashqariga sizib chiqib ketib qoldi. Bu xavfsizligimiz yetarlicha kuchli bo‘lmagani tufayli bo‘ldi. Kvant kompyuterlari orqali esa biz buni kuchaytirgan bo‘lishimiz mumkin edi va hech kim buza olmasdi mana shuni.

Ayni kunlarda sun’iy intellekt rivojlanyapti va kelajakda yanada rivojlanishi mumkin, shuning uchun men Data Science yo‘nalishi bo‘yicha o‘qimoqchiman”, deydi Ozodbek Tohirov.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid