Jahon | 23:03 / 24.03.2021
10863
11 daqiqa o‘qiladi

Boy davlatlar rivojlanayotgan mamlakatlarning vaksina ishlab chiqarishiga «to‘sqinlik» qilyaptimi?

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda jiddiy muammo mavjud. Rekord vaqt ichida bir necha turdagi vaksina ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, bu vaksinalar aksariyati dunyoning ma'lum cheklangan qismidagina qo‘llanmoqda.

Foto: Michael Ciaglo/Getty Images

Koronavirusga qarshi vaksinalar AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa, Xitoy, Rossiya hamda Hindistonda ishlab chiqildi va asosan ushbu mamlakatlarda qo‘llana boshladi. Ushbu davlatlar nafaqat vaksina ishlab chiqdi, balki ishlab chiqarilganlarining katta qismini sotib ham oldi. Bu esa past va o‘rta daromadli mamlakatlarga yetkaziladigan vaksinalar miqdorining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Ba'zi rivojlanayotgan davlatlar o‘z vaksinalarini ishlab chiqarishi mumkin. Bu esa kambag‘al mamlakatlarga vaksinalar yetkazib berilishining ortishiga sabab bo‘lishi aytilmoqda. Hindiston va Janubiy Afrika Jahon savdo tashkiloti (JST)ga vaksina ishlab chiqarishni cheklovchi patent qonunlarini yumshatish yuzasidan iltimos bilan murojaat qildi.

Ammo farmatsevtika kompaniyalari va boy mamlakatlarning hukumatlari patent qonunlarini yumshatish pandemiyaga qarshi kurashga va vaksina ishlab chiqish bilan bog‘liq kelgusidagi tadqiqotlarga zarar yetkazishi mumkinligini aytib, qarshilik bildirishmoqda.

Xo‘sh, boy davlatlar rivojlanayotgan mamlakatlarning vaksina ishlab chiqarishiga, aslida, nima uchun «to‘sqinlik» qilmoqda»?

Qaysi mamlakatlarda emlash dasturlari davom etmoqda?

JSST fevral oyida bergan bayonotida taxminan 200 million dozada Covid-19 vaksinasi qo‘llanganini, ammo uning 75 foizi daromad darajasi yuqori bo‘lgan 10 mamlakatga to‘g‘ri kelishini ma'lum qildi.

Shimoliy Karolina shtatidagi Dyuk universitetining global sog‘liqni saqlash va jamoat siyosati professori Gevin Yameyning so‘zlariga ko‘ra, 2,5 milliard aholi yashaydigan 130ga yaqin davlatga hatto bir doza ham vaksina yetib bormagan.

«Ishlab chiqarilgan vaksinalarning boy davlatlar tomonidan katta miqdorda sotib olinayotganini ko‘rish juda achinarli vaziyat. Chunki vaksina masalasiga asosan «avval o‘zim» va «faqat men» degan yondashuv aralashyapti. Bu o‘ta adolatsiz bo‘lish bilan bir qatorda, xalq sog‘lig‘iga nisbatan dahshatli munosabat hamdir», deydi Yamey BBC nashri bilan kechgan suhbatda.

Rivojlanayotgan mamlakatlarni vaksina bilan ta'minlash bo‘yicha xalqaro miqyosdagi sa'y-harakatlar moliyaviy jihatdan yuqori daromadli mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Rivojlanayotgan mamlakatlarga ikki milliard dozada vaksina yetkazib berishni maqsad qilgan global Covax tashabbusi va vaksinani ishlab chiqish bo‘yicha ma'lumot va intellektual mulk huquqlarini muvofiqlashtiruvchi Covid-19 Technology Access Pool (C-Tap) vaksinalarni yanada kengroq miqyosda tarqatish va teng taqsimlashni maqsad qilgan. Biroq ushbu loyihalar ba'zi qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Garchi Covax’da ehtiyojmand aholini emlash uchun zarur mexanizmlar mavjud bo‘lsa-da, ushbu doiradagi mamlakatlar hanuz vaksina bilan ta'minlanmagan.

Qolaversa, JSST tomonidan 2020 yil iyun oyida tashkil etilgan C-Tap bilan baham ko‘rish darajasi ham pastligicha qolmoqda.

«Bugungi kungacha hech qanday texnologiya almashilmadi. Hech narsa o‘rtada baham ko‘rilmadi. Boshqacha qilib aytganda, C-Tap’dagi mahsulot portfeli nolga teng», deydi Chegara bilmas shifokorlar (MSF) tashqi aloqalar bo‘limi rahbari Rakel Gonsales.

«Bu rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun yo‘l ochishni maqsad qilgan tashabbus edi. Ammo lozim patentlarga ega bo‘lgan farmatsevtika sanoatidan hech qanday javob bo‘lmadi», – qo‘shimcha qiladi Rakel Gonsales.  

AstraZeneca’ning Hindistondagi Serum instituti, Johnson & Johnson’ning Janubiy Afrikadagi Aspen Pharmacare bilan vaksina ishlab chiqarish va tarqatish bo‘yicha ba'zi bir ikki tomonlama kelishuvlari mavjud bo‘lsa-da, vaksinalardan global miqyosda foydalanish imkoniyatini oshirish uchun bu yetarli emas. 

Ishlab chiqarish oldida qanday to‘siqlar mavjud?

Vaksina ishlab chiqarish qat'iy patent qonunlari bilan nazorat qilinadi. Ushbu tartib farmatsevtika kompaniyalari yangi dori-darmon ixtiro qilganda ular boshqalar tomonidan ishlab chiqarilmasligining oldini olishga qaratilgan. 

Bu esa ishlab chiqarish ham, narxlar ham farmatsevtika kompaniyalari tomonidan nazorat qilinishini anglatadi. Tabiiyki, bu holda kambag‘al mamlakatlarning ushbu dori-darmonlarga yetishishi imkonsiz bo‘lib qolishi mumkin.

Janubiy Afrika va Hindiston Jahon savdo tashkilotidan pandemiya paytida vaksinalarning intellektual mulk huquqlarini «muzlatib» turishni va patentlarni vaqtincha bekor qilishni so‘radi.

MSF xodimi Gonsales ushbu so‘rovning maqsadi texnologiya va ilmiy bilimlarning uzatilishini osonlashtirish, shu bilan birga, rivojlanayotgan mamlakatlarda vaksina ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali ularga o‘z aholisining bu boradagi ehtiyojini qondirish imkoniyatini berish ekanini ta'kidlaydi.

«Hindiston va Janubiy Afrika, agar ular bilan «retsept» bo‘lishilsa, ishlab chiqarish jarayoniga o‘tishi mumkin bo‘lgan farmatsevtika laboratoriyalari va ishlab chiqarish binolari mavjud ekanini bildirmoqda. Agar ma'lumotlar almashilmasa, vaksinalar faqat qo‘lida patent bo‘lgan kompaniyalar tomonidangina ishlab chiqarilishi mumkin», deydi u.

Axborot almashish muammoni hal qiladimi?

Biroq farmatsevtika sanoati mutaxassislari ushbu tavsiya vaksina  ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yordam bermasligini ta'kidlashmoqda.

Xalqaro farmatsevtika assotsiatsiyasi (IFPMA) bosh direktori Tomas Kuyeni masala intellektual mulk huquqlari to‘g‘risida emasligini aytdi.

Kuyenining ta'kidlashicha, bu yerda muammo xomashyoning yetishmasligi, tarkib va ​​imkoniyatlar, shuningdek, bilim va tajriba bilan bog‘liq.

«Patentning to‘xtatilishi vaksina ishlab chiqarishni bitta dozaga ham ko‘paytirmaydi. Bo‘lishilishi kerak bo‘lgan narsalar tajriba, xomashyo, ingrediyentlardir. To‘g‘ri, siz shirinliklar do‘koniga borib tort retseptini olishingiz mumkin, ammo bu – siz tort tayyorlashni o‘rgandingiz degani emas», deb qo‘shimcha qiladi Kuyeni.

Pfizer va AstraZeneca kabi farmatsevtika kompaniyalari tomonidan AQSh prezidenti Jo Baydenga yozilgan maktubda patent qoidalarining yumshatilishi vaksinalarga sarf qilingan sarmoyalarni va innovatsiyalarni to‘xtatishdan boshqa narsa emasligi ta'kidlanadi.

Maktubda bunday qadam ishlab chiqarishni tezlashtirmasligi, balki, aksincha, chalkashliklarni keltirib chiqarishi, aholining vaksinalar xavfsizligiga bo‘lgan ishonchini pasaytirishi, bu esa «pandemiyaga nisbatan global munosabatni buzishi» mumkinligi aytiladi.

Tarix takrorlanadimi?

Bu – rivojlanayotgan mamlakatlarning dori-darmonlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun tibbiy patentlarni yumshatish bo‘yicha qilingan birinchi murojaat va chaqiriq emas.

O‘tgan asrning 90-yillarida, OITS epidemiyasi Afrikaga yoyilganda ayrim mamlakatlar hayotni saqlab qoluvchi dori-darmonlarning patentlarini qaytarib olishni talab qilishgandi.

Biroq ba'zi rivojlangan mamlakatlar ushbu chaqiriqlarni rad etadi.

Farmatsevtika gigantlarining cheklovi va yuqori narxlash amaliyotini tugatish va rivojlanayotgan mamlakatlarning ushbu dori-darmonlarga ega bo‘lish huquqini olishi uchun 10 yil vaqt ketdi.

Covax va C-Tap kabi tashabbuslar hozirgi pandemiya jarayonida ushbu vaziyatning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Farmatsevtika kompaniyalari va hukumatlar bunday dasturlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashlarini aytishmoqda.

Biroq pul boshqa joylarga ham «oqmoqda» .

Fevral oyida Lancet tibbiyot jurnalida chop etilgan hisobotda vaksina  ishlab chiqaruvchilar vaksinani ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish uchun jamoat va notijorat fondlaridan taxminan 10 milliard dollar olgani ta'kidlanadi.

Hisobotda ushbu loyihalar bo‘yicha ma'lumotlarning aksariyati jamoatchilikka ma'lum emasligi va shuning uchun ham aniq raqamlar bundan-da yuqori bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

Farmatsevtika kompaniyalari milliardlab dollar miqdorida davlat mablag‘larini olayotgani bois ular o‘z texnologiyalarini boshqalar bilan o‘rtoqlashishga majburdirlar, degan fikrlar ham yangramoqda. Ushbu fikrni ilgari surgan guruh pandemiya tugagach kompaniyalarning daromadi ham oshishini ta'kidlamoqda.

Xalqaro sog‘liqni saqlash himoyachisi va intellektual mulk huquqi bo‘yicha maslahatchi Ellen T Hoenning aytishicha, «tortning bir tilimi»ni rivojlanayotgan mamlakatlarga berish kerak.

«Pandemiyaning eng «qaynoq» bosqichi tugagandan so‘ng vaksinalar narxini ko‘tarish uzoq muddatli rejalarda borligi aniq. Rivojlanayotgan mamlakatlar ushbu vaksinalarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligi haqidagi fikrlar yangrashining yana bir sababi ham mana shunda.

Albatta, buning yana bir jihati ham bor. Agar dunyoning turli burchaklarida va hatto hamma yerida vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba mavjud bo‘lsa, bu keyingi pandemiyaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rilishiga yordam beradi», deydi u.

JSST bu munozara haqida nima deydi?

JSST «vaksina ayirmachiligi» deb nomlangan ushbu jarayon so‘ngida dunyo «halokatli axloqiy tanazzul»ga uchrashidan ogohlantirmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus yanvar oyida qilgan bayonotida boy mamlakatlarda yosh va sog‘lom odamlarning kambag‘alroq hududlardagi xavf ostida bo‘lgan insonlardan oldin emlanishini nohaqlik sifatida baholaydi.

Doktor Tedros «avval men» yondashuvi narxlarning ko‘tarilishiga va u foydadan ko‘ra ko‘proq zararga ishlaganini aytadi. «Oxir-oqibat, bu harakatlar nafaqat epidemiyaning, balki o‘rnatilgan cheklovlarning, insoniy va iqtisodiy muammolarning yanada uzoqroq cho‘zilishiga olib keladi» deydi u.

Mavzuga oid