Jahon | 08:10
4230
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda faqat 13 ta mamlakat havosi xavfsiz deb topildi

Havo sifati butun dunyo bo‘ylab yomonlashmoqda. 2025 yilda atigi 13 ta mamlakat va hududda havo sifati ko‘rsatkichlari xavfsiz me’yorlar doirasida saqlanib qoldi.

Islandiya Foto: Andreas Tille, fam-tille.de / Wikipedia

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan mayda chang zarrachalari — PM2,5 bo‘yicha yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan me’yorlarni belgilaydi. Bu zarrachalar o‘pkaga chuqur kirib borishi va qonga o‘tishi mumkin. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, PM2,5 ta’siri nafas yo‘llari va yurak-qon tomir kasalliklari, shuningdek, saraton bilan bog‘liq.

Havo ifloslanishini monitoring qiluvchi Shveytsariyaning IQAir kompaniyasi 143 ta mamlakat, mintaqa va hududdagi 9 446 ta shahar ma’lumotlarini tahlil qildi. Tadqiqot natijalari «2025 yil uchun jahon havo sifati hisoboti»ga kiritildi.

JSST belgilagan PM2,5 bo‘yicha me’yor — bir kub metr havoda 5 mikrogramm (mkg/m³). Faqat 13 ta mamlakat va hudud shu me’yor doirasiga tushgan. Ular orasida Yevropada joylashganlari faqat uchta — Andorra, Estoniya va Islandiya. Shuningdek, havosi xavfsiz deb topilgan mamlakat va hududlar qatoridan Avstraliya, Barbados, Bermud orollari, Fransuz Polineziyasi, Grenada, Yangi Kaledoniya, Panama, Puerto-Riko, Reyunon va AQSh Virgin orollari ham o‘rin olgan.

Shunday qilib, o‘rganilgan 143 ta mamlakatning 130 tasida havo JSSTning xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalariga mos kelmagan. Eng iflos havoga ega beshta mamlakat qatoriga Pokiston (67,3 mkg/m³), Bangladesh (66,1 mkg/m³), Tojikiston (57,3 mkg/m³), Chad (53,6 mkg/m³) va Kongo Demokratik Respublikasi (50,2 mkg/m³) kirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid