O‘zbekiston | 12:25 / 24.12.2021
30475
4 daqiqa o‘qiladi

Gulnora Karimovaning muzlatib qo‘yilgan mablag‘laridan bir qismi «Takilant» kompaniyasiga qaytariladi

Shveytsariya sudi Gulnora Karimova benefitsiari bo‘lgan «Takilant» kompaniyasiga muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan 70 million dollarga yaqinini qaytarish haqida qaror qabul qildi.

Foto: Nader Daoud, Wikipedia

Shveytsariya Federal jinoyat sudi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga oid jinoiy ish doirasida navbatdagi qarorni qabul qildi.

Qayd etilishicha, Karimova benefitsiari bo‘lgan «Takilant» kompaniyasiga muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan 70 million dollarga yaqini qaytariladi. Bunga ushbu mablag‘lar jinoyat natijasida qo‘lga kiritilmagani asos sifatida ko‘rsatilgan.

Shuningdek, «Takilant» ayni paytda tergov qilinayotgan beshta Shveytsariya bankining ikkitasi bilan bevosita aloqadorligi tasdiqlangan. Kompaniyaning muzlatib qo‘yilgan umumiy mablag‘lari 350 million dollardan ortiqni tashkil qilgan. Sud qaroriga ko‘ra, kompaniya bilan aloqador bo‘lgan shaxslarning bir qanchasi pul yuvish bilan bog‘liq jinoiy ishlarda aybdor deb topilgani bois ushbu mablag‘lardan 293 million dollardan ortig‘i musodara qilinadi.

Pullarning katta qismi musodara qilinganiga qaramay, Karimovaning advokatlar jamoasi sud qarorini qandaydir g‘alaba sifatida qabul qilgan.

«Avvalambor, Jinoyat ishlari bo‘yicha Federal sud mijozimiz bir necha yildan beri O‘zbekistonda qamoqda ushlab turilayotganidan uning barcha mol-mulkini musodara qilish maqsadida foydalanmadi. Bundan tashqari, sud yana bir muhim masalada biz tomonda bo‘ldi: sudyalar Toshkentdagi sud jarayonida mijozimizning asosiy fundamental huquqlari qay darajada hurmat qilganini tekshira olmagani sabab O‘zbekiston sudining barcha hukmlarini bekor qildi», deya izoh bergan Karimovaning advokati Greguar Manja.

Advokatning qo‘shimcha qilishicha, Shveytsariyada Gulnora Karimovaga nisbatan tergov hali ham davom etmoqda va shu nuqtayi nazardan u hamon aybsiz.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning 3 dekabr kuni Shveytsariya federal apellyatsiya sudi Gulnora Karimovani Gibraltar ofshor hududida ro‘yxatdan o‘tgan «Takilant» kompaniyasining huquqiy egasi deb topish to‘g‘risidagi arizani qanoatlantirgandi. Ushbu kompaniyaning Shveytsariya banklari hisobraqamidagi qariyb 350 million dollar miqdoridagi aktivlari 2018 yili qabul qilingan jinoyat ishi qarori bilan muzlatilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova O‘zbekistondagi iqtisodiy jinoyatlari uchun 2015–2020 yillarda uch marta sudlangan. 2020 yil martida unga 13 yil-u 4 oy qamoq jazosi tayinlangan. Qonunchilikka muvofiq, jazo muddati 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblangan.

2020 yil mayida O‘zbekiston hukumati Fransiyadan 10 million AQSh dollari miqdoridagi aktivlarni qaytarib olgandi. Bosh prokuratura Shveytsariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda ekspertlarni jalb qilgan holda Gulnora Karimovaning Jyeneva shahrida joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san’at ashyolari (kartinalar, amaliy san’at va hunarmandchilik asarlari va hokazolar)ning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilayotganini bildirgandi.

O‘tgan yilning iyun oyida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 milliard AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveytsariya, AQSh, Fransiya, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlar davom etayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

2020 sentyabrda esa Shveytsariya hukumati 2012 yilda Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan hisobraqamlardagi mablag‘lardan 131 million dollarga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishga rozilik bergandi.

Mavzuga oid