O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini keng ko‘lamda rivojlantirishga kelishib olindi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon tor doirada muzokara o‘tkazdi.
Prezident oliy martabali mehmonning O‘zbekistonga ilk tashrifi ikki tomonlama sheriklikning yangi davrini boshlab berganini ta'kidladi.
«Pokiston bizning vaqt sinovidan o‘tgan muhim hamkorimiz. Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan. Bugun biz ularni strategik hamkorlik darajasiga ko‘taramiz. Hozirgi murakkab vaziyatga qaramasdan, hamkorligimiz jadal sur'atlarda rivojlanmoqda. Barcha sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Pokiston bosh vaziri O‘zbekistonda bo‘lib turganidan mamnunligini aytib, bu pandemiya boshlanganidan buyon uning ilk xorijiy tashrifi ekanini ta'kidladi.
Uchrashuvda asosiy e'tibor ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni, ayniqsa investitsiyalar va yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yo‘nalishida mustahkamlash masalalariga qaratildi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama muloqot va aloqalar ancha faollashdi. Shavkat Mirziyoyev bilan Imron Xonning 2019 yilda Pekin va Bishkekda o‘tgan uchrashuvlari, shu yil apreldagi onlayn sammiti ikki mamlakat uchun yangi istiqbollar ochdi. Hukumatlar va hududlar darajasidagi tashriflar natijasida aloqalar amaliy mazmun bilan boyib bormoqda.
Uchrashuvda siyosiy maslahatlashuvlarni, oliy va yuqori darajadagi muloqotni doimiy o‘tkazib borishga kelishib olindi. Aloqalarni keng ko‘lamda rivojlantirish uchun Strategik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklifi bildirildi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashilar ekan, tomonlarning pozitsiyasi bir xil yoki o‘xshash ekani tasdiqlandi.
Ikki mamlakat xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalar o‘zaro va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston va Pokiston Afg‘onistonning yaqin qo‘shnilari sifatida u yerda barqarorlik o‘rnatilishidan manfaatdor ekani ta'kidlandi. Bu mintaqada transport yo‘laklarini barpo etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni jadal rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.
O‘zaro savdo aylanmasini ko‘paytirish, buning uchun kargo-aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama imtiyoz va preferensiyalar berish masalalari muhokama qilindi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, harbiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlashga doir masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Imron Xon samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, davlatimiz rahbarini Pokistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Mavzuga oid
20:59 / 26.11.2024
Prezidentga transport sohasidagi transformatsiya jarayonlari taqdim etildi
19:05 / 26.11.2024
Namanganda flyuorit toshini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilishi mumkin
19:04 / 26.11.2024
Pokistonda minglab namoyishchilar sobiq bosh vazir Imron Xonning ozod etilishini talab qilmoqda
13:27 / 26.11.2024