O‘zbekiston | 17:38 / 01.03.2023
14998
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – AQSh: munosabatlarning yangi sahifasi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi. O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Farrux Ermanov bu tashrifning ahamiyati va ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning holati haqida so‘z yuritdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

28 fevral – 1 mart kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

AQSh O‘zbekistonning G‘arbiy yarim shardagi asosiy va ishonchli hamkorlaridan biridir. Ikki davlat o‘rtasidagi chuqur ildiz otgan munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi.

O‘zaro munosabatlar tarixi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan Qo‘shma Shtatlar 30 yil davomida eng ishonchli hamkorlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ikki tomonlama munosabatlar mustahkam poydevorda shakllangan va an’anaviy tarzda ishonchli xarakterga ega.

Ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasida katta ishlar amalga oshirildi. Bunda 2002 yilda imzolangan O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasida strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya hal qiluvchi rol o‘ynadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 15-17 may kunlari Qo‘shma Shtatlarga rasmiy tashrifi O‘zbekiston-AQSh sherikligi rivojiga kuchli turtki bo‘ldi. Bu AQSh yuqori martabali rahbarlari, biznes va akademik soha vakillari tomonidan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni qayta faollashtirgan tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi.

2020 yil noyabr oyida O‘zbekiston va AQSh har yili o‘tkaziladigan ikki tomonlama maslahatlashuvlarni Strategik sheriklik muloqotiga aylantirishga qaror qildi. Uning doirasida tomonlar siyosat, xavfsizlik, iqtisod va insoniy o‘lchovlar bo‘yicha yaqin hamkorlikni rivojlantirmoqda.

Ta’kidlash joizki, Qo‘shma Shtatlarning amaldagi ma’muriyati davrida Toshkent va Vashington o‘zaro munosabatlarning ishonchga asoslangan xarakterini yanada mustahkamlash va o‘zaro hamkorlikning barcha sohalarida strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish uchun intiqlik bilan sa’y-harakatlarini davom ettirmoqda.

Keyingi yillarda parlamentlararo aloqalar, xavfsizlik, huquqiy soha va mudofaa vazirliklari orqali hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Ikki davlatning yetakchi ekspertlari mazkur yo‘nalishlarda tajriba almashish, davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarning tashkiliy-huquqiy masalalarini muhokama qilish maqsadida bir necha bor uchrashgan. Bir so‘z bilan aytganda, davlatlar o‘rtasida siyosiy o‘zaro ishonch o‘rnatilgan bo‘lib, bu boshqa sohalardagi sheriklik uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza, jumladan, turli xarakterdagi 100 dan ortiq hujjatlar mavjud. Siyosiy muloqotni mustahkamlash, xususan, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan tashqi ishlar vazirliklari aro siyosiy maslahatlashuvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy sheriklikdir. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni doimiy ravishda kengaytirishga intilib, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga harakat qilmoqda. O‘zaro savdo so‘nggi uch yil ichida o‘sib bormoqda. Misol uchun, O‘zbekistonning AQSh bilan tovar ayirboshlash hajmi 2022 yil yakuni bo‘yicha 436,8 million dollarni (eksport – 68,5 million dollar, import – 368,3 million dollar) tashkil etib, 2021 yilga (426,3 million dollar) va 2020 yilga (277 million dollar) nisbatan oshganligini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, tomonlar bugungi kunda O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini sezilarli darajada oshirishi mumkin bo‘lgan ishbilarmonlik tashabbuslari uchun keng imkoniyatlar mavjudligini hisobga olib, joriy yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshishini kutmoqda.

Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda madaniy-gumanitar aloqalar katta ahamiyatga ega. Bu boradagi hamkorlik ham ikki mamlakat xalqlarining diqqat markazida.

AQSh hukumati mamlakatda ta’lim sifatini oshirish, ta’lim bazasini yaxshilash va o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni olqishlaydi. Tomonlar ta’lim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor va ilm-fan sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish tarafdori.

Sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, seysmologiya va boshqalar istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlik ham ko‘p tomonlama formatda, xususan, global va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar bo‘yicha BMT va C5+1 doirasida amalga oshirilmoqda.

Yuqoridagilarni sarhisob qiladigan bo‘lsak, ishonch bilan aytish mumkinki, AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning O‘zbekistonga birinchi rasmiy tashrifi ikki davlatning siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikka intilishini tasdiqlaydi.

Shubhasiz, uning natijalari ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishda yangi ijobiy tendensiyalarni keltirib chiqaradi va hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash imkonini beradi.

Farrux Ermanov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

huzuridagi Strategik va mintaqalararo

tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi.

Mavzuga oid