Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda tog‘ portlatildi - arz qilganlar qo‘rqitilib, holatga "ko‘nikish" tavsiya qilindi
Kitob tumani, Makrid mahallasi yaqinida tog‘ portlatildi. Mahalla yaqinida "paydo bo‘lgan" noma’lum korxonaning faoliyati ortidan uylar darz ketishi, odamlar va ekologiyaga zarar yetishi mumkinligi mahalliy aholini tashvishga solmoqda. Holatni mahalla telegram guruhiga joylaganlarning ovozi o‘chirilib, "ko‘nikish" tavsiya qilinayotgani aytilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yil 22 dekabrda Makrid mahallasiga yaqin hududda joylashgan tog‘da portlatish ishlari olib borilgan. Mahalliy aholi hech qanaqasiga ogohlantirilmagan va qo‘rquvga tushib qolgan. Hammada savol bor, ammo aniq javob yo‘q.
Buni qayerdan bilganimizni izohlaymiz. Chunki hozir borib makridliklarga mikrofon tutsangiz, ularning gapirmaslik ehtimoli katta. Buning sababini ham biroz keyinroq ma’lum qilamiz.
Bugun qashqadaryoliklar, kitobliklar, makridliklar kabi telegram kanallar va guruhlar hamma joyda bor. Xullas, o‘sha kuni makridliklar telegram kanaliga portlash tasvirlari aks etgan ko‘plab videolar joylandi. Hozir ularni izlab o‘tirmang, tasvirlar allaqachon o‘chirib tashlangan. Mahalla guruhida mahalliy aholi qattiq tashvishga tushgani, portlash sabablarini bilmagani, uylarga darz ketishi, ekologiyani zararlashi, odamlar jarohat olishi yoki boshqa falokatlar sodir bo‘lishi mumkinligidan tashvish tortib, fikrlar qoldirishdi. Mas’ul idoralarga murojaat qilish, bu noxush korxona faoliyatini to‘xtatish uchun tashabbus qilmoqchi bo‘lishdi. Hammamiz yig‘ilib, arzimizni aytamiz, deyishdi. Biroq unday bo‘lmadi.
Tahririyat Qashqadaryo viloyati hamda Kitob tumani hokimligidan holat bo‘yicha jo‘yali javob ololmadi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati mahalliy hokimiyat vakillari aholi bilan uchrashgani, vaziyat yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilganini ma’lum qildi. Ammo makridliklar bu uchrashuvdan mutlaqo qanoat hosil qilmaganini aytmoqda.
Makridliklarning aytishicha, uchrashuv davomida hokimiyat tomonidan portlash ishlarini amalga oshirayotgan korxona hududni tender asosida yutib olgani, shu bois bunday holatlarga “ko‘nikishi kerakligi” aytilgan. Bu esa mahalliy aholining xavotiri, xavfsizligi va ekologik oqibatlar masalasi ikkinchi o‘ringa surilganini ko‘rsatadi.
“Ikki-uch yilcha avval mahallamiz yaqinida Xitoy Xalq Respublikasiga tegishli sement zavod qurilgandi. Ular ham portlatish ishlarini olib boradi, biroq uning shovqini bu darajada emas. Ularning faoliyatiga ko‘nikib qolganmiz. Biroq mahallamizga juda yaqin hududda tog‘ning portlatilishi va tosh olinayotgani hammamizni tashvishga solyapti”, - demoqda Makrid ahli.
Eng xavotirli jihatlardan biri, mavzuni ko‘targan fuqarolarga nisbatan bosim bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash lavhalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylagan fuqarolar ogohlantirilgan, ayrim postlar o‘chirtirilgan. Natijada, Makrid mahallasi aholisi qo‘rqib qolgan.
Bizda ochig‘i, hozir ham Makrid mahallasida aynan qaysi korxona ish boshladi va qanday ruxsatlar bilan faoliyat ko‘rsatyapti, degan savollarga javob yo‘q.
Ushbu noma’lum korxona faoliyatini qanday mezonlar asosida olib borayotganini bilish maqsadida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga Kun.uz so‘rovi yuborildi. Ayni paytda ularning javobi kutilmoqda.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
10:52 / 26.12.2025
Makriddagi tog‘ portlatilishi bo‘yicha izoh berildi: uy va maktab devorlaridagi yoriqlar qo‘shimcha tekshiriladi
14:25 / 24.12.2025
Moskvada portlash oqibatida ikki politsiyachi halok bo‘ldi
12:30 / 22.12.2025
Yangi konlarni aniqlash: O‘zbekiston–Misr hamkorligi uchun ishchi guruh tuziladi
16:05 / 08.12.2025