O‘zbekiston | 22:23 / 25.10.2021
16340
6 daqiqa o‘qiladi

Zaharlangan Zarafshon. “Navoiyazot” va “O‘zkimyosanoat” ekologlar xulosasini tan olmayapti

Kun.uz muxbiri Navoiy viloyatiga safari davomida yaqinda ro‘y bergan ayanchli voqea oqibatlari – Zarafshon daryosidagi hayvonot dunyosi qirilib ketganiga guvoh bo‘ldi.

Garchi suratga olish ishlari 13 oktabr kuni o‘tkazilgan va voqea sodir bo‘lganiga 9 kun o‘tgan bo‘lsa-da, daryoda inson vahshiyligi oqibatida yuzaga kelgan ekologik inqiroz izlari xuddi kechagidek bo‘y ko‘rsatib turgan edi.

Minglab baliqlar orasida o‘lik qisqichbaqalarni ham ko‘rish mumkin edi. Ekologlarga ko‘ra, zahar kuchliligi bois o‘lik qisqichbaqalarni hatto qushlar ham yemaydi.

Mahalliy aholi vakillarining aytishiga qaraganda, zaharli suv daryodagi tirik jonzotlarni qirib yuborgach, bu voqea ommaga ma'lum bo‘lib, shov-shuv keltirib chiqarishi ortidan, daryo suvi birdan ko‘tarilib ketgan. Ya'ni kimdir bu tomonga oqadigan suv yo‘lini ochib yuborishni buyurgani va aynan shu yo‘l bilan jinoyat izini yopishga uringan degan taxmin bor.

Ekologiya qo‘mitasi ishchi guruhi 4 oktyabr kuni aniqlangan holat bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazib, 13 oktyabrda tuzgan dalolatnomasida quyidagicha xulosa bergan:

“Navoiyazot” AJ tomonidan 1-tashlama (№267-quduq orqali) Zarafshon daryosiga belgilangan me'yorlardan yuqori ifloslangan oqova suvlari tashlangani daryoda baliqlar nobud bo‘lishiga olib kelgan”.

Achinarlisi, suvga zaharli moddalarni oqizish bir martalik holat emas, balki surunkali bo‘lishi mumkin. Ekoqo‘m taqdim etgan dalolatnomaga ko‘ra, 4 oktyabr kuni olingan tahlil natijalariga ko‘ra, suv namunalari tarkibida azot ammoniy belgilangan me'yorlardan 20 barobar, azot nitrat 2,5 barobar, azot nitrit 52,5 barobar, xloridlar 1,22 barobar, mis ionlari 2,2 barobar yuqoriligi aniqlangan.

7 oktyabr kuni xuddi shu 267-quduqdan olingan namunalarda azot ammoniy belgilangan me'yorlardan 21 barobar, azot nitrat 2,6 barobar, azot nitrit 60 barobar, xloridlar 1,3 barobar, mis ionlari 2,1 barobar yuqoriligi aniqlangan.

9 oktyabrda olingan namunalarda esa azot ammoniy belgilangan me'yorlardan 17,6 barobar, azot nitrat 2,3 barobar, azot nitrit 18,5 barobar, xloridlar 1,27 barobar, mis ionlari 2,1 barobar yuqoriligi aniqlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 290-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 14-ilovasiga asosan tabiatga yetkazilgan zarar hisoblanganda:

  • 1659 dona Turkiston mo‘ylabdori 3 135 510 000 so‘mni;
  • 474 dona zog‘arabaliq 127 980 000 so‘mni;
  • 195 dona laqqa balig‘i 105 300 000 so‘mni;
  • 536 dona do‘ngpeshona 298 440 000 so‘mni;
  • 4521 dona tovonbaliq 366 201 000 so‘mni;
  • 3425 dona sazan 277 425 000 so‘mni;
  • 2,5 kg daryo qisqichbaqasi 377 500 so‘mni;
  • jami zarar 4 mlrd 302 mln 193 ming 500 so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, 4, 7 va 9 oktyabr kunlari “Navoiyazot” AJ tomonidan Zarafshon daryosi ifloslantirilgani uchun avariyali yalpi tashlama sifatida 103 mln 620 ming 421 so‘m qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.

Biz mas'ullardan voqeaning yanada ayanchli tugashi mumkin bo‘lgan taxminiy (va yaxshiki, sodir bo‘lmagan) ssenariysi bilan qiziqdik: o‘sha kunlar davomida bu daryodan suv ichishi mumkin bo‘lgan aholi va ularning chorva mollariga zarar yetmaganmi?

Mas'ullarning aytishicha, holat sodir bo‘lgani zahoti daryo o‘zani bo‘ylab yashaydigan aholi va faoliyat olib boradigan biznes vakillariga suv zaharlangani haqida ogohlantirish berilgan. Aholi orasida daryo suvidan zararlanganlar qayd etilmagan.

Ekoqo‘mita vakilining ma'lum qilishicha, qo‘mita o‘zidan lozim bo‘lgan barcha surishtiruv-tekshiruvlarni yakunlagan va hisobotni prokuraturaga taqdim etgan.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi
Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

Ekologlar qat'iy bildirayotgan ayblovlarni ikkinchi tomon rad etmoqda.

“Navoiyazot” AJning 9 oktyabrdagi izohida 267-quduqdagi tashlanma suvlar laboratoriya tahlillari olinganidan keyingina Zarafshon daryosiga yuborilishi, “so‘nggi davrda oqova suvlar sifatining dinamikasida o‘zgarish kuzatilmagani” aytiladi.

“Zarafshon daryosi nafaqat “Navoiyazot” AJ tomonidan, balki viloyatning turli sanoat va boshqa ishlab chiqarish komplekslaridan, shu jumladan baliqchilik xo‘jaliklaridan hosil bo‘lgan barcha oqova suvlarini qabul qiluvchi havza hisoblanadi”, – deyiladi kompaniya munosabatida.

“Navoiyazot” AJ aksiyalariga egalik qiluvchi “O‘zkimyosanoat” AJ 10 oktyabr kuni o‘z o‘rganishlari natijasini quyidagicha bayon qildi:

“Navoiyazot” AJga qarashli 267-quduqdan tashlanayotgan oqova suvlaridan joriy yil 4 oktabr kuni korxona sanitar laboratoriyasi tomonidan qo‘shimcha namunalar olinib tahlil qilindi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, xloridlar miqdori ruxsat etilgan normadan, ya'ni 300 mg/m3 miqdoridan oshmagan va misning miqdori ham ruxsat etilgan normaga (0,001 mg/m3) yaqin bo‘lgani tasdiqlandi.

Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan har chorakda “Navoiyazot” AJ oqova suvlari monitoringi olib boriladi. 2017 yilda olingan namunalarning tahlil natijalarida azot guruhi moddalarining konsentratsiyasi maqoladagi ko‘rsatkichlardan ko‘ra yuqoriroq bo‘lgan. Ammo bunday konsentratsiyalar Zarafshon daryosidagi baliqlarning nobud bo‘lishiga olib kelmagan, ya'ni o‘sha yili baliqlarning nobud bo‘lishi qayd qilinmagan.

Shu o‘rinda baliq yetishtirish xo‘jaliklarida ozuqa uchun ammoniy moddalaridan foydalangan holda baliq yetishtirishning intensiv texnologiyalari mavjud ekanligini ta'kidlab o‘tish joiz. Bunga misol qilib baliq yetishtirishda ammofos o‘g‘iti beriladi. Uning tarkibida esa fosfor va ammoniy birikmalari mavjud”.

Kun.uz voqealar rivoji, xususan prokuraturaning holatga munosabatini kuzatib boradi.

Bobur Akmalov tayyorladi.

Tasvirchi – Mahmud Soliyev.

Mavzuga oid