Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi ham O‘zbekistonni «alohida xavotirga molik davlatlar» ro‘yxatidan chiqardi
Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) O‘zbekistonni «alohida xavotirga molik davlatlar» ro‘yxatidan chiqardi. Komissiya 28 aprel kuni e'lon qilgan hisobotida AQSh Davlat departamentiga O‘zbekistonni «maxsus kuzatuvdagi davlatlar» ro‘yxatiga o‘tkazishni tavsiya etgan.
Komissiya hisobotida O‘zbekiston 2019 yil davomida diniy sohada amalga oshirgan o‘zgarishlar e'tirof etilib, ayniqsa «Jasliq» qamoqxonasining yopilgani alohida ta'kidlab o‘tilgan.
«O‘zbekiston hukumati diniy sohaga oid muammoli qonunlarni qayta ko‘rib chiqishi (hukumat shunday qilishni va'da qilgan) va hibsda ushlab turilganlar masalasini hal etishi zarurligicha qolayotganiga qaramay, USCIRF so‘nggi bir yilda kuzatilgan umidbaxsh o‘zgarishlarga asoslangan holda Davlat departamentiga O‘zbekistonni «maxsus kuzatuvdagi davlatlar» ro‘yxatiga o‘tkazishni tavsiya qilmoqda», – deyiladi Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi hisobotida.
Qayd etish kerak, AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonni «alohida xavotirga molik davlatlar» ro‘yxatidan 2018 yil dekabrda chiqarib bo‘lgan.
Biroq USCIRF 2019 yil aprelida Davlat departamentining bu qarorini ma'qullamagan, O‘zbekistonni «qora ro‘yxat»ga qaytarishni maslahat bergandi.
Shunga qaramay, Komissiya tavsiyasi Davlat departamenti tomonidan inobatga olinmagan, AQSh tashqi siyosat idorasi 2019 yil dekabrida O‘zbekistonni «alohida kuzatuvdagi davlatlar» toifasida qoldirgan edi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasining yillik hisobotlarida 2005 yildan buyon «alohida xavotirga molik davlat» sifatida qayd etib kelingan.
2020 yilgi hisobotda O‘zbekiston bilan birga Qozog‘iston, Afg‘oniston va Ozarboyjon doxil jami 15ta mamlakat «maxsus kuzatuvdagi davlatlar» (suratda sariq rangda), deb tasniflanishi lozim, deya ko‘rsatilgan. Turkiya, Misr, Indoneziya, Malayziya, Iroq, Bahrayn hamda bir nechta Afrika davlatlari shular jumlasidan.
USCIRF 14ta mamlakatni «Alohida xavotirga molik davlatlar» (suratda qizil rangda) deb hisoblaydi. Xususan: Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Xitoy va Eron diniy erkinliklar ayniqsa cheklangan mamlakatlar deb malakalangan.
Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi – Qo‘shma Shtatlar federal hukumatining mustaqil organi bo‘lib, hay'at a'zolaridan iborat. Komissiya vakillari dunyo bo‘yicha diniy erkinlik bilan bog‘liq vaziyatni tahlil qilib, AQSh prezidenti, Davlat departamenti va Kongressga siyosiy qarorlar qabul qilishda inobatga olishni ko‘zlab tavsiyalar kiritadi.
Mavzuga oid
13:52
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
11:15 / 21.11.2024
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
10:46 / 21.11.2024