Jamiyat | 10:34 / 16.12.2025
22350
3 daqiqa o‘qiladi

Bekobodda mashinada odam urib o‘ldirib, jasadni kanalga oqizib yuborgan “oper”ga xotini yordamlashgani ma’lum bo‘ldi

43 yoshli fuqaroni urib ketgan Bekobod shahar IIB katta tezkor vakili mast holatda bo‘lgan. U avvaliga jasadni Nexia mashinasiga yuklab, hodisa joyidan uzoqroq dala chetiga olib borgan va turmush o‘rtog‘ini chaqirgan. Manzilga uning turmush o‘rtog‘i Matiz mashinasida kelgan. So‘ngra er-xotin jasadni Matiz’ga yuklab, hodisa joyidan 35 km uzoqlikdagi Farhod kanaliga tashlab yuborgan.

Bekobodda mashinasida odam urib o‘ldirib, jasadni kanalga tashlab yuborgan IIB xodimiga bu ishda turmush o‘rtog‘i yordamlashgan. Kun.uz sudning tezkor xodimga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash to‘g‘risidagi ajrimi bilan tanishdi. 

Sud ajrimida keltirilishicha, 2025 yil 11 dekabr kuni soat 23:47 da Toshkent viloyati IIBB navbatchilik qismiga Bekobod tumani Qoraquyli mahallasi hududidan o‘tgan “Qorasuv-Bo‘ka-Bekobod” avtomobil yo‘lida Nexia mashinasi piyodani urib yuborgani haqida xabar kelib tushgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida YTH Bekobod shahar IIB JQB katta tezkor vakili, 36 yoshli D.N. tomonidan sodir qilingani aniqlangan. Tezkor vakil mashinani mast holatda boshqarib, 1982 yilda tug‘ilgan B.U.ni urib yuborgan. 

YTHdan so‘ng D.N. hayoti xavf ostida qolgan B.U.ga yordam ko‘rsatmasdan, o‘zining jinoiy harakatlarini yashirmoqchi bo‘lgan. U jabrlanuvchini Nexia mashinasiga yuklab, hodisa joyidan uzoq dala chetiga olib ketgan. So‘ngra manzilga turmush o‘rtog‘i Z.N.ni chaqirgan. 

Z.N. manzilga Matiz mashinasida yetib kelgan. Er-xotin B.U.ni Nexia’dan Matiz’ga olib o‘tib, orqa o‘rindiqqa joylashtirgan. Shundan keyin Bekobod shahar yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketishgan.

B.U. o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagani oqibatida vafot etgan. Er-xotin esa uning jasadini hodisa joyidan 35 km uzoqlikka olib borib, Bekobod tumani Shova mahallasi hududidan oqib o‘tgan Farhod kanaliga tashlab yuborgan.

D.N. 2025 yil 12 dekabr kuni ushlangan. Sudning shu kungi ajrimi bilan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi va 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Bekobodda IIB xodimi mashinada odam urib o‘ldirib, jasadni Sirdaryoga oqizib yuborgani xabar qilingandi. Hozirda marhumning murdasini topishga qaratilgan tezkor qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid