Jamiyat | 12:26 / 10.05.2026
3716
7 daqiqa o‘qiladi

 “Xarakter to‘g‘ri kelmadi” – oilaviy ajrimlarning haqiqiy sabablari qayerda?

Rasmiy statistika oilaviy ajrimlar soni ortganini ko‘rsatmoqda. Lekin raqamlardan ham xavotirliroq jihatlar bor. Xo‘sh, ajrimlarga nima sabab bo‘lyapti? Chindan ham ko‘pchilik “xarakter to‘g‘ri kelmayotgani” uchun ajrashyaptimi? Yoki oila buzilishi ko‘proq uchinchi shaxs aralashuvi tufaylimi? Kun.uz soha mutaxassislariga mikrofon tutdi.

Xarakter mos kelmadi” – javobmi yoki javobdan qochish?

O‘zbekistonda 2025 yil holatiga ko‘ra har 1000 ta oilaning 175 tasi ajrashgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda ajrimlarning 54 foizi “xarakterlar to‘g‘ri kelmasligi” ortidan yuz bergani qayd etilgan. Psixologiya fanlari doktori, professor Xo‘jageldi Alimovga ko‘ra, bu ibora ko‘p hollarda aniq sabablarni tushuntirish o‘rnida qo‘llanmoqda:

“Xarakter bu ajralishga arziydigan sabab. Kuyovdan xarakter o‘zi nima deb so‘rasak, javob bera olmaydi. Kelin ham javob bera olmaydi. Ularga o‘zingiz bilmagan narsa sababli ajralish kulgili emasmi deymiz.

O‘sha xarakterlar to‘g‘ri kelmaydi degan so‘zning zamirida o‘zlari ham gohida anglamagan sabablar yotadi va mana shu xarakterlar to‘g‘ri kelmadi degan ibora bilan o‘sha o‘zlari ko‘rmagan sabablarni yopib qo‘yishadi.

Avvalgi muomala, bobolarimiz davridagi psixologiya qariyb yo‘qoldi va oilaga bo‘lgan munosabat anchagina o‘zgardi”.

Ajrimni qiyinlashtirish yechimmi?

Oila institutini mustahkamlash maqsadida yarashtirish muddatini 6 oydan 1 yilgacha uzaytirish taklifi ilgari surildi. Biroq huquqshunoslar bu masalaga bir tomonlama yondashmaslik kerakligini ta’kidlaydi. Yuridik fanlar doktori Feruza Muhiddinova ta’kidlashicha, ajrashishlar faqat yoshlar o‘rtasida emas, balki katta yoshdagilar orasida ham ko‘p uchramoqda:

“Bir tomondan qarash kerak emas, faqatgina yoshlar emas, nevaralilar ham ajrashyapti. Ajrimlar bo‘yicha 40 000 dan oshiq murojaatlar bor. Bularga nima bo‘lyapti desangiz, uchinchi shaxs aralashuvi chiqib qolyapti. Uchinchi shaxs kim? Yoshlar aytadi: “qaynona-qaynota”. Yoshi kattalardan so‘raydigan bo‘lsangiz: “turmush o‘rtog‘im yosh xotin xohlab qolibdi” degan tushunchalar kelib qolyapti. Ularga ketma-ket yarashtirish muddat berishyapti, aslida umuman birga yashashmaydi. Kelin ketganiga uch-to‘rt yil bo‘lgan, bolasi bilan onasining uyida yashaydi. Kimningdir uyida ishlaydi, zo‘rg‘a pul topadi. Erkak ham aliment to‘lamaydi, ham qaramaydi, boshqa bilan yashaydi”.

Shu bilan birga, rasmiy statistikaga kirmagan holatlar, ya’ni rasman ajrashmagan, lekin alohida yashayotgan oilalar soni ham ancha ko‘p. Agar ular ham hisobga olinsa, vaziyat yanada jiddiy ko‘rinish olishi mumkin.

Muhiddinovaga ko‘ra, ajrashishni sun’iy ravishda kechiktirish har doim ham ijobiy natija bermaydi. Ayrim holatlarda bu og‘ir oqibatlarga, hatto fojialarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun har bir holatga individual yondashuv zarur.

Sudlarda “formal yondashuv” muammosi

Amaliyotchi huquqshunos Iroda Qahhorova ajrim ishlarida tizimli muammolar borligini ta’kidladi.

“Birinchi o‘rinda bizda sudyalarda ish hajmi juda katta. Ayniqsa fuqarolik yo‘nalishida ishlaydigan sudyalar bir kunda elliktalab ish ko‘rishadi. Shu sabab ular har bitta ishga individual yondashmaydi. Bunga yana bitta narsani keltirishim mumkinki, bizning qonunchiligimizda oilalarni, ya’ni nikohni bekor qilish jarayoni faqatgina o‘sha moddalarimizda yozilgandek qilib ko‘rishadi.

Aslida shu oila nega ajrashayotgani, nega shu jarayonga yetib kelgani emas, biz faqat oqibatini ko‘rib chiqamiz xolos. Shungacha yetib kelgan jarayon-chi? Balki oilada zo‘ravonlik bo‘lgandir, balki haqiqatan xarakterlar to‘g‘ri kelmagandir. Hech narsa ko‘rilmaydi. Bizda asosan nikohning necha yil davom etgani, farzandlar nechtaligi, nizolar bo‘lgan-bo‘lmagani, himoya orderi olgan-olmagani kabi savollar xolos.

Hammada ham huquqiy savodxonlik yetarli emas. Ular har doim ham himoya orderi olish kerakligini, qayergadir murojaat qilish kerakligini bilishmaydi. Bilganlar ham mahalla-ko‘y deydi, uyaladi. Mayli ko‘chaga chiqmasin janjalimiz, deydi. Shu bilan ichiga yutib yuradi.

O‘zbek ayollari sabrli, ancha yillardan beri chidab kelayotgan holatlar bo‘lishi mumkin. Amaliyotdan bir holatni aytaman. Himoya orderlari olingan, zo‘ravonlik fakti tasdiqlangan holatda sud nikohni bekor qilishni rad etdi. Bo‘lmasa qonunchiligimizda bor, zo‘ravonlik fakti tasdiqlansa, muddat bermasdan ajrashish kerak. Lekin biz hozir endi apellyatsiyaga berdik. Ammo o‘sha jarayon haqiqatda borligini ko‘rib turib ham sudyalar oilani saqlab qolishga harakat qilyapti. Nega? Chunki oilani saqlab qolish bizda prioritet darajasiga qo‘yilgan. To‘g‘ri, qaysidir holatlarda oilani saqlab qolishimiz kerak, bolalar yetim bo‘lmasligi lozim. Chunki bolalarga bu ruhiy tarafdan zarba bo‘ladi. Tarozini to‘g‘ri qo‘ya olish kerak. Ba’zi holatda oilani saqlab, har kuni otasi onasini urib turgan vaziyatni ko‘rganda farzand yaxshi yashaydimi? Yoki moliyaviy tarafdan yetishmovchilik orqasidan janjal holatida bola o‘qishini o‘ylay oladimi? U faqat xayolida bugun urush bo‘lmasin, bugun jim yashaylik, bugun ovqatimiz bo‘larmikin, bilan yashaydi. Bunday oilada o‘sib-ungan yosh avlod ertaga jamiyatga qanaqa yordam beradi? Bizda o‘sha oxirrog‘i, uzoqrog‘i ko‘rilishi kerak”.

Qahhorovaga ko‘ra, ajrimlarda individual yondashuv va qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldiradigan normalar kiritish kerak.

Bolalar — asosiy jabrlanuvchi

Mutaxassislar ajrimlarda eng katta zararni bolalar ko‘rayotganini ta’kidlaydi. Ota-onalar o‘rtasidagi nizolarda bolalar ba’zan “qurol”ga aylantiriladi – ularni ko‘rsatmaslik, aliment orqali bosim o‘tkazish holatlari uchraydi. Bundan tashqari, oilaviy janjallar muhitida o‘sgan bolalarning psixologiyasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatilishi qayd etilmoqda. Bu esa kelajakda yangi ijtimoiy muammolarga olib kelishi mumkin.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid