O‘zbekiston | 19:53 / 18.01.2021
7373
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2020 yilda oilaviy ajrimlar kamaydi

2020 yilda respublikada 28,2 mingta nikohdan ajralish holati qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan davrga nisbatan kamaygan.

Foto: Depositphotos

Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yilda qayd etilgan ajrimlar sonini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, eng ko‘p nikohdan ajralgan Toshkent shahri, Sirdaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida qayd etilgan. O‘tgan davrga nisbatan oilaviy ajrimlar holati kamaygan.

Har mingta oilaga nisbatan eng kam nikohdan ajrashganlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (0,5), Qashqadaryo (0,6), Xorazm (0,6) va Surxondaryo (0,6) viloyatlarida kuzatilgan.

Ta'kidlanishicha, 2020 yilda kuzatilgan jami oilaviy ajrimlarning yarmida er-xotin o‘rtasida farzand bo‘lmagan, ajrashgan oilalarning 29,3 foizida bitta farzand hamda 20,6 foizida ikki va undan ortiq farzand bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, 2019 yilda 31,4 mingta nikohdan ajralish holati qayd etilgan.

2020 yil 9 dekabr kuni Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida oilaviy ajrimlarning oldini olish, farzand ta'lim-tarbiyasida ota-ona mas'uliyatini oshirish, aliment tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirish masalalari tahlil qilingandi.

Avvalroq, Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborilganligi haqida ma'lumot berilgandi.

Mavzuga oid