Jahon | 20:11 / 22.03.2026
12979
14 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Ukrainadagi yurishi keskin sekinladi. Nima uchun?

Mart oyi o‘rtalariga kelib, Rossiya qo‘shinlarining oldinga siljish tezligi o‘tgan yildagiga nisbatan bir necha baravar kamaydi, o‘tgan yili ular oyiga Ukrainaning o‘rtacha 400 kilometr kvadrat hududini egallashga muvaffaq bo‘lgandi.

Foto: Reuters

OSINT-proyektlar baholariga ko‘ra, 2026 yil yanvarida Rossiya armiyasi 240 km², fevralda – 120 km² maydonni egallab olgan, martning birinchi yarmidagi ko‘rsatkich esa 50 km² atrofida bo‘ldi.

Xuddi shu davr oralig‘ida Ukraina qurolli kuchlari Oleksandrovka va Gulyaypole yo‘nalishlarida ikkita alohida qarshi hujum davomida 400 kilometr kvadratdan ortiq maydonni ozod qilgani hisobga olinsa, yil boshidan beri Rossiyaning Ukrainadagi hududiy yutuqlari nolga yaqin deb hisoblash mumkin.

Shu bilan birga, frontning ko‘plab uchastkalarida Rossiya hujumlarining intensivligi pasaymagan – shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlar statistikasi o‘zgarmagan.

Sovuq qish, bahorgi loygarchilik, o‘tgan yilgi harbiy harakatlarning faol bosqichidan keyin kuchlarni qayta to‘plash va yangilash zarurati – bularning barchasi harbiy harakatlar borishiga ta’sir qilishi shubhasiz.

Ammo Rossiya hujumi sekinlashishi faqat shu omillar bilan bog‘liqmi? BBC sharhlovchisi Ilya Abishev shu savolga javob izladi.

Frontdagi vaziyat haqida qisqacha

Qishning ikkinchi yarmi va bahorning boshida Rossiya hujumlarining umumiy soni biroz kamayganiga qaramay, asosiy yo‘nalishlarda ularning dinamikasi yuqoriligicha qolmoqda.

Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlari mudofaa tizimlariga kichik piyoda guruhlari bilan kirib borish taktikasini davom ettirmoqda, ba’zida harbiy texnikalar va mototsiklchilar guruhlaridan iborat hujumlar ham amalga oshirilmoqda.

Frontning Rossiya armiyasi nisbatan faollik bilan hujum qilayotgan bir necha uchastkalarini ajratib ko‘rsatish mumkin.

Pokrovsk va Mirnograd atrofida. Rossiya 2025 yil oxirida ushbu shaharlarni deyarli to‘liq egallab olgandi, ammo Ukraina bo‘linmalari ushbu shahar atrofida qolmoqda va ichkaridagi har qanday obektni o‘qqa tutish imkoniyatiga ega, bu esa Rossiyaning ushbu shaharlar ustidan to‘liq nazorati haqida gapirishga imkon bermaydi. Hozirda Rossiya armiyasining asosiy sa’y-harakatlari Ukraina qurolli kuchlarini Pokrovsk va Mirnograddan to‘liq siqib chiqarishga qaratilgan, bu hududlarda, ayniqsa aglomeratsiyaning shimoli va shimoli-g‘arbida, Grishino va Rodinskoye qishloqlari yo‘nalishida shiddatli to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Gulyaypole hududida. Ukrainalik harbiy sharhlovchi Konstantin Mashovetsning baholashicha, u yerda hujumlar soni Pokrovsk uchastkasidagidan ko‘proq, vaziyat esa ikki tomonlama xarakterga ega. Bir tomondan, Gulyaypole egallangach, Rossiyaning 5-umumqo‘shin armiyasi g‘arbiy yo‘nalishda harakatlanishda davom etmoqda va Ukrainaning Orixiv rayonini sharqdan to‘sib turgan bo‘linmasini asosiy kuchlardan uzib qo‘yishi mumkin. Boshqa tomondan, muvaffaqiyatli qarshi hujumlar va Ukraina qurolli kuchlari Gulyaypole shimoli va shimoli-sharqida front chizig‘ini yorib o‘tishi 5-armiyaning o‘ng qanoti va asosiy kuchlariga tahdid solmoqda.

Konstantinovka atrofida. Shahar katta strategik ahamiyatga ega – u Kramatorsk va Slovyansk aglomeratsiyasini janubdan to‘sib turadi, ko‘plab ekspertlar bu aglomeratsiya Rossiyaning kelajakdagi hujumining asosiy nishoni bo‘lishini taxmin qiladi. Rossiya qismlari Konstantinovkaga bir necha tomondan yaqinlashishga harakat qilmoqda, ammo sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmayapti. Bundan tashqari, so‘nggi qarshi hujumlar chog‘ida Ukraina qurolli kuchlari Konstantinovkadan janubga siljishga muvaffaq bo‘ldi, bu esa rossiyaliklarning shaharga kirish vazifasini murakkablashtirdi.

Slovyansk yo‘nalishida. Slovyansk-Kramatorsk aglomeratsiyasiga shimoldan ham hujum qilinishi mumkin, Rossiya qo‘shinlari bir vaqtning o‘zida bir necha uchastkada hujumga o‘tish imkoniyatiga ega. Zarbalar Liman, Liman shimoli-g‘arbidagi Drobishevo va Svyatogorsk, Liman janubi-sharqidagi Dibrova va Krivaya Luka, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari uchun juda xavfli bo‘lgan Slovyansk – Baxmut trassasi bo‘ylab Ray-Aleksandrovka yo‘nalishida berilishi mumkin. Janglar o‘zgaruvchan muvaffaqiyat bilan davom etmoqda – ba’zi joylarda Rossiya bo‘linmalari sekinlik bilan bo‘lsa-da, oldinga yurmoqda, ba’zi joylarda esa Ukraina qurolli kuchlari jiddiy qarshi hujumlar uyushtirmoqda.

Zaporijjyadan janubi-sharqda – Primorsk, Stepnogorsk, Stepovoye va Malaya Shcherbakov, shuningdek, Orixivdan janubi-sharqdagi hududlarga – Malaya Tokmachka va Belogoryaga. Bu hududlarda asosan kichik piyoda guruhlari kirib borishga va mustahkam o‘rnashib olishga urinmoqda, ammo sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmayapti.

Boshqa uchastkalarda – Xarkiv, Sumi va Xerson oblastlarida – harbiy harakatlar lokal xarakterga ega, fron chizig‘ida sezilarli o‘zgarishlar yo‘q.

Oleksandrovka yo‘nalishida esa Rossiya armiyasi mudofaaga o‘tishga majbur bo‘lgan. Yanvar oyida boshlangan qarshi hujumlar davomida Ukraina qurolli kuchlari Dnipropetrovsk oblastining bosib olingan hududlarini – bir necha yuz kilometr kvadrat maydonni deyarli to‘liq qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Urushda hududiy yutuqlar har doim ham muhim emas, ammo Ukraina qo‘shinlarining oldinga siljishi Rossiya qo‘mondonligini boshqa uchastkalar va operativ zaxiralardan kuch va vositalarni xavfli yo‘nalishga o‘tkazishga majbur qilmoqda.

«Ukrainaning Dnipropetrovsk oblastida davom etayotgan qarshi hujumlari Rossiyaning 2026 yil bahor-yoz oylarida kutilayotgan hujumini barbod qilishi mumkin», – deb hisoblaydi Amerikaning Urushni o‘rganish instituti tahlilchilari.

Rossiya yurishi sur’ati pasayishiga mavsumiy omillar va ob-havo sharoiti ham sabab bo‘lishi mumkin. Aftidan, qish oxirida Rossiya qo‘mondonligi qayta guruhlanish va zaxiralarni to‘ldirish uchun operativ pauza olgan.

Ammo bu yagona sabab bo‘lishi dargumon. Harbiy harakatlar borishi o‘zgarganini ko‘rsatuvchi boshqa belgilar ham bor.

Rossiya armiyasi yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirishga qiynalmoqda

Rossiya armiyasi ikki yildirki deyarli butun front bo‘ylab faol hujum harakatlarini olib bormoqda. Rossiya qo‘mondonligi rejasiga ko‘ra, doimiy bosim tufayli Ukraina barcha hujumlarni qaytarishga kuchi yetmasligi va hech bo‘lmaganda bir uchastkada uning mudofaasi qulashi kutilgandi. Ammo bu ro‘y bermadi: Rossiya hujumining natijalari juda kamtarona, yo‘qotishlar esa yuqori bo‘ldi.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi baholariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiya armiyasi o‘lganlar va yaralanganlar bilan qo‘shib hisoblaganda 430 ming kishini yo‘qotgan, 2025 yilda bu ko‘rsatkich – 415 ming kishini tashkil etgan.

G‘arbdagi boshqa mustaqil manbalar ham shunga o‘xshash raqamlarni keltiradi, Moskva esa o‘z yo‘qotishlari bo‘yicha statistikani e’lon qilmaydi.

2025 yil dekabrida Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov bir yil ichida armiyada shartnoma asosida xizmat qilish uchun qariyb 410 ming fuqaro murojaat qilganini aytgandi.

Ushbu raqamlarni taqqoslash shuni ko‘rsatadiki, Rossiyaning jang maydonidagi yo‘qotishlari soni urushga yozilayotgan ko‘ngillilar sonidan ko‘proq, ammo bu ma’lumotlar to‘liq manzarani aks ettirmaydi.

Bir tomondan, yaralanganlarning bir qismi davolanishdan keyin yana safga qaytadi. Boshqa tomondan, armiya jang maydonidagi yo‘qotishlarsiz ham doimiy yangilanishga muhtoj.

Harbiy xizmatchilarning bir qismi yoshi, kasalligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra, masalan, shartnoma muddati tugaganidan keyin xizmatdan bo‘shatiladi. Kimdir dezertirlik qiladi. O‘z joniga qasd qilish, o‘ziga qasddan jarohat yetkazish, baxtsiz hodisalar, jinoyat sodir etganlik uchun hibsga olinish kabi urushdan tashqari yo‘qotishlar ham bor.

Bundan tashqari, to‘ldirish sifatiga nisbatan e’tirozlar tobora ko‘paymoqda, Rossiya tomonidagi harbiy harakatlar ishtirokchilari bu haqda ko‘p gapirmoqda va yozmoqda.

Rossiyadagi rekruting kampaniyasining faolligiga qaraganda, armiyaning yangi askarlarga bo‘lgan ehtiyoji hali ham yuqori.

Rossiya armiyasi ko‘plab yo‘nalishlarda katta yo‘qotishlar evaziga hujumlar sur’atini saqlab qola oladimi yoki yo‘qmi – bu ochiq qolayotgan savol.

Ukraina dronlardan foydalanish taktikasini o‘zgartirdi

Yaqingacha ham Ukraina pilotsiz tizimlarining katta qismi Rossiya armiyasining shaxsiy tarkibini yo‘q qilishga qaratilgandi, endi esa dronlar asosan frontortiga – yaqin va uzoq masofalarga zarba berishga o‘tmoqda.

Ta’minot, aloqa, havo mudofaasi va radioelektron kurash vositalari, dronlarni boshqarish tizimlari va operatorlarning o‘zlari Ukraina hujumlarining asosiy nishonlari bo‘lmoqda.

«Osmonda hukmronlik»ni qo‘lga kiritish uchun Ukraina dronlar, jumladan, raqibning razvedkachi va zarbdor dronlarini ovlovchi dronlar ishlab chiqarishni kengaytirmoqda. Ukraina dronlari tez-tez nostandart chastotalardan foydalana boshladi, bu esa Rossiyaning boshqa diapazonlarda ishlash uchun mo‘ljallangan radioelektron kurash tizimlari faoliyatini qiyinlashtiradi.

Har qanday texnika yoki qo‘shin darhol nishonga aylanadigan front chizig‘iga tutash hudud – «o‘lik zona» chuqurlashib, zarbdor dronlar bilan to‘lib bormoqda. Front yaqinidagi hududda xavfsiz harakatlanish imkonsiz bo‘lib qolgan.

Foto: EPA

Natijada Rossiya armiyasi qo‘llagan infiltratsiya (kichik guruhlar bilan raqib mudofaa saflariga kirib borish) taktikasi o‘z samarasini yo‘qota boshladi. Ukraina mudofaasi ichkarisiga suqilib kirgan, ammo ortdan qo‘llab-quvvatlanmagan shturmchi guruhlar endi mudofaani izdan chiqarishga qodir emas va faqat omon qolish uchun kurashish bilan band.

Ukraina qurolli kuchlari yangi taktikani nafaqat himoyalanishda, balki qarshi hujumlarda ham qo‘llamoqda, deydi Zaporijjya va Dnipropetrovsk oblastlari chegarasida turgan rossiyalik harbiylar.

«Ular o‘ziga xos havo mushtini yaratmoqda: frontning tor qismida bir vaqtning o‘zida 300-400 ta dron osmonga ko‘tariladi. Ular 20 kilometrgacha bo‘lgan hududni qamrab olib, kuchli o‘t ochish uchun tayyorgarlik vazifasini bajaradi. Bunday yopirilma zarbadan so‘ng mobil guruhlar kirib keladi, keyin esa dron operatorlari oldinga suriladi, shundan so‘ng sxema yana takrorlanadi», – deya jang maydonidagi harbiylarning so‘zlarini keltiradi Rossiyaning «Pro voyna» proyekti.

Aloqa va havo hujumidan mudofaa tizimlari muammolari

Ukrainada ro‘yxatdan o‘tmagan Starlink terminallari bloklanganidan so‘ng, Rossiya armiyasi aloqa bilan bog‘liq katta muammolarga duch kela boshladi. Uning o‘z sun’iy yo‘ldosh tizimlari qimmat, ma’lumotlarni uzatishning yuqori tezligini ta’minlamaydi va ko‘pincha dala sharoitida ishlashga yaroqsiz. Muqobil radiostansiyalar esa funksional jihatdan cheklangan va ishonchsizdir.

Ukraina esa, aksincha, Starlink tizimlaridan foydalanishni kengaytirdi. Xususan, ular tobora ko‘proq middle-strike zarbdor dronlariga o‘rnatilmoqda, bu esa front chizig‘idan 200 kilometrgacha ichkaridagi nishonlarga yuqori aniqlik bilan hujum qilish imkonini beradi. Radarlar, havo hujumidan mudofaa va taktik raketa tizimlarining uchirish moslamalari, Qrim va Donetsk oblastidagi o‘q-dori omborlari tizimli ravishda hujumga uchramoqda.

Radiolokatsion tizimlar va zenit-raketa tizimlari yo‘q qilinishi Rossiya armiyasi uchun tobora sezilmoqda. Hosil bo‘lgan havo yo‘laklari orqali uzoqdagi dronlar va raketalar Rossiya hududi ichkarisiga kirib kelib, muhim sanoat obektlariga hujum qilmoqda. Bunday hujumlar doimiy tus olmoqda va ularni qaytarish uchun Rossiya tomoni tobora ko‘proq resurslar sarflashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bryanskdagi «Kremniy El» radiozavodiga qilingan raketa hujumi e’tiborga molikdir. Qolaversa, bir vaqtning o‘zida Ukrainaning yettita raketasi Rossiya havo mudofaasini yengib o‘tgan. Radarlar bundan ham osonroq nishonni – muhim obekt ustida xotirjam aylanib, hujum natijalarini tasvirga olayotgan dronni ham ilg‘ay olmagan.

Aslida, hozir Rossiya-Ukraina frontida sodir bo‘layotgan hamma narsa uzoq cho‘zilgan urush tabiatiga mos keladi.

Bunday urushda tomonlar asta-sekin dushmanning muvaffaqiyatli uslubiga moslashadi va uning ustunligini yo‘qqa chiqarish uchun qarshi choralar ishlab chiqadi.

Rossiya ham uchuvchisiz tizimlar qo‘shinlari soni, kuchi va xilma-xilligini oshirish orqali Ukraina havo mudofaasini holdan toydirishga harakat qilmoqda.

Texnologik poyga davomida kuchlar va imkoniyatlar muvozanati doimiy ravishda o‘zgarib turishi mumkin. Bahor kelishi va Rossiya (yoki Ukraina) armiyasi faollashishi bilan to‘qnashuv chizig‘i ham o‘zgarishi mumkin. Ammo bu chiziqda yuzaga kelgan pozitsion boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘li hozircha ko‘rinmayapti.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid