O‘zbekiston | 17:54 / 18.06.2024
22441
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda Nexia 2 boshqaruvni yo‘qotib, kanalga quladi. Besh kishi cho‘kib ketdi

Hozirda to‘rt kishining jasadlari topilgan. Bir kishining jasadi FVB xodimlari tomonidan qidirilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Sirdaryo viloyati Shirin shahrida Nexia 2 mashinasi boshqaruvni yo‘qotib, kanalga tushib ketgan. Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 17 iyun kuni sodir bo‘lgan.

Shu kuni soat 13: 00 larda, Nexia 2 mashinasi Shirin shahar M.Ulug‘bek mahallasini Nurobod mahallasi bilan bog‘lab turuvchi Janubiy Mirzacho‘l kanali ustidagi ko‘prikdan o‘tayotib boshqaruvni yo‘qotgan.

Oqibatda Nexia 2kanalga tushib ketgan va uning haydovchisi hamda mashinada bo‘lgan 4 nafar yo‘lovchi hodisa joyida cho‘kib ketgan.

Sirdaryo viloyati FVB favqulodda qutqaruv guruhi g‘avvoslari tomonidan olib borilgan tezkor qutqaruv ishlari davomida haydovchi va 3 nafar yo‘lovchining jasadlari hamda Nexia 2 topilib, suvdan olib chiqilgan.

Hozirda qutqaruv guruhi g‘avvoslar tomonidan mashinada bo‘lgan yana bir yo‘lovchini qidirib topish choralari ko‘rilmoqda.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda

Mavzuga oid