O‘zbekiston | 19:06 / 19.06.2023
17806
3 daqiqa o‘qiladi

Yangihayotda qulagan lift Turkiyada ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi

Kontexnazorat respublika bo‘ylab ko‘p qavatli uylardagi liftlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishni boshladi.

Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi (Kontexnazorat) Toshkentning Yangihayot tumanida yangi qurilgan ko‘p qavatli uy lifti qulagani bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Inspeksiyaga ko‘ra, Yangi Darxon mahallasidagi 16 qavatli uy “Land House” MChJ tomonidan 2023 yil aprel oyida foydalanishga topshirilgan. Avvalroq Bosh prokuratura 16 qavatli bu uy may oyida foydalanishga topshirilganini ma’lum qilgandi.

Sanoat xavfsizligi organi bayonotida aytilishicha, bu uyga o‘rnatilgan lift Turkiyaning “Axtem asansor” korxonasi tomonidan 2022 yilda ishlab chiqarilgan.

“Yuk ko‘tarish quvvati 1000 kg bo‘lgan lift qurilmasi 16-qavatdan 1-qavatga harakatga kelgach, mazkur lift qurilmasini liftning tezligini nazorat qiluvchi, ya’ni to‘xtash lozim bo‘lgan qavatga yaqinlashgan davrida lift kabinasini sekinlatuvchi (datchik zamedleniya) qurilmasi nosozligi sababli tezlik kamaymagani, 1-qavatga yaqinlashganda liftning avtomatik tormoz tizimi ishga tushib to‘xtagani, tezlik kamaymagani tufayli lift shaxtada o‘rnatilgan bufer qismiga kelib o‘rilgani taxmin qilindi”, – deya birlamchi o‘rganish natijalarini ma’lum qildi inspeksiya.

Qayd etilishicha, lift to‘xtagandan keyin shu mavzedagi uylarga xizmat ko‘rsatuvchi injiniring kompaniyasi “Premium Promotion” MChJning liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislari eshikni ochib, liftdan taxminan 11 kishini chiqarib olgan, bulardan 3 kishi turli xil sinishlar bilan shifoxonaga yotqizilgan (Bosh prokuratura farqli ma’lumot bergan).

Kontexnazoratga ko‘ra, hozirda bu mavzedagi barcha liftlarni qayta navbatdan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazish va liftlarning tezligini nazorat qiluvchi, ya’ni sekinlatuvchi (datchik zamedleniya) qurilmalari qayta ko‘rikdan o‘tkazilyapti.

Shuningdek, inspeksiya mutaxassislari tomonidan Toshkent shahri va viloyatlardagi ko‘p qavatli uylarda o‘rnatilgan liftlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh prokuratura bergan xabarga ko‘ra, yangi foydalanishga topshirilgan uyning aholi uchun ajratilgan 2 ta lifti nosoz holda bo‘lgan, shu sababli fuqarolar yuk tashuvchi liftdan foydalanib kelishgan. Idora axborotida lift ichida 13 kishi bo‘lgani, ularning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilgani, 6 kishining oyog‘i singani va ular reabilitatsiya bo‘limiga yotqizilgani aytilgandi.

Kun.uz muxbiri kecha tunda voqea joyida bo‘lib, hodisa guvohlari bilan suhbatlashgandi. Voqea guvohlari ushbu lift oldinroq ham 3-qavatdan pastga “qulagani” va tormozi ishlab, ushlab qolganini bildirishgan.

Mavzuga oid