O‘zbekiston | 15:06 / 24.05.2019
5390
7 daqiqa o‘qiladi

Qurilish sohasiga «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi joriy etiladi

Foto: 123RF

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qurilish sohasiga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda aytilishicha, tahlil natijalariga ko‘ra qurilish sohasida shaffoflikni ta'minlashda yangi yondashuvlarni ishlab chiqishni talab qilishda bir qator kamchiliklar aniqlandi, shu jumladan:

birinchidan, qurilish ishlarining shaffofligi ta'minlanmaganligi va manfaatdor shaxslar va jamoatchilik tomonidan qurilish ishlarining borishini kuzatish imkoniyatining mavjud emasligi;

ikkinchidan, qurilish me'yorlariga to‘liq rioya qilmaslik, qurilish ishlarini bajarish ustidan nazoratning yetarli darajada emasligi va shartnomalar shartlarini bajarish buyurtmachilarning katta zarariga olib kelayotganligi;

uchinchidan, qurilishga ruxsat berish jarayonlari va yuqori investitsion xatarlar bilan bog‘liq muammolarning mavjudligi raqobatni rivojlantirishga to‘sqinlik qiladi, bu esa oxir-oqibatda uy-joylarning yakuniy qiymatiga sezilarli darajada ta'sir qiladi;

to‘rtinchidan, mablag‘lardan noto‘g‘ri foydalanish, qurilgan obektlarni o‘z vaqtida topshirmaslik, past sifatli materiallardan foydalanish, qurilish ishlariga kasbiy bo‘lmagan xodimlarni jalb qilish respublika budjeti mablag‘lari, maqsadli jamg‘armalar va buyurtmachilarning ortiqcha xarajatlariga olib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Moliya vazirligining qurilish sohasiga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari etib belgilanadi:

markazlashgan manbalar jumladan, davlat budjeti va investitsiya mablag‘lari hisobidan quriladigan har bir obektlarga yuqori texnologiyadagi videokuzatuv tizimini o‘rnatish orqali Internet tarmog‘ida real vaqt rejimida tasvirini ko‘rish imkoniyatini beruvchi yagona platformalardan foydalangan holda qurilish loyihalarini boshqarishni ta'minlash;

tizimdan foydalangan holda quruvchilar va boshqa manfaatdor shaxslarni, shuningdek muayyan qurilish loyihalari bo‘yicha aholini qiziqtirgan savollariga javob olishlari mumkin bo‘lgan qurilishning batafsil ma'lumotlari, shartnoma tafsilotlari, to‘lov holati, qurilish jarayonlari va boshqalar haqida axborot berish;

qurilish ishlarini boshlanishidan tugatilguniga qadar barcha moliyaviy xarajatlarni boshqarish, shu jumladan qurilish jarayonining barcha ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini baholash tizimi (KPI)ga asoslangan holda mehnat haqlarini to‘lovlarini amalga oshirishni monitoring qilish;

inson resurslarini boshqarishni ta'minlashda elektron kadrlarni boshqarish tizimi foydalangan holda ularning ish faoliyati samaradorligini oshirish;

har bir obekt bo‘yicha shaharsozlik hujjatlari bazasini shakllantirish;

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining uzluksiz ishlashini ta'minlash orqali jamoatchilik tomonidan samarali monitoring qilish imkonini bergan holda qurilish ishlarining yetarli darajada sifatli qurilishi va mablag‘lardan maqsadli foydalanishni ta'minlash.

Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida foydalanish bo‘yicha reglament ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi agentligi bilan birgalikda:

2020 yil 1 iyunga qadar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini ishlab chiqsin va Toshkent viloyatida uy-joy qurilishi jarayonida tajriba sifatida ishga tushiradi;

2021 yil 1 yanvarga qadar tajriba natijalariga ko‘ra, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini O‘zbekiston Respublikasining butun hududida real vaqt rejimida ishlashini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining “Qurilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi”ni davlat muassasasi shaklida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, axborot resurslari va ma'lumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, qurilish sohasida axborot xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish;

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini yaratish va qo‘llab-quvvatlash;

Qurilish vazirligi faoliyatida ilg‘or axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish va joriy etish;

Qurilish jarayonining barcha ishtirokchilari uchun bosqichma-bosqich BIM texnologiyasini milliy axborot tizimiga integratsiya qilinishini ta'minlash;

markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalaridan, jumladan investitsiya loyihalari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarda qurilish jarayonini monitoring qilish bo‘yicha axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish;

Qurilish vazirligi axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalarini rivojlantirish choralarini ko‘rish, ularni boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta'minlash;

Qurilish vazirligi axborot xavfsizligi tahdidlarini o‘z vaqtida aniqlash va unga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya qilinishini nazorati va monitoringini amalga oshirish, axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalarida axborot xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha texnik infratuzilmani joriy etish va rivojlantirish;

Axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalaridan foydalanish hamda axborot xavfsizligini ta'minlash yuzasidan Qurilish vazirligi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

turli xil axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalarida axborot xavfsizligini ta'minlash uchun yagona “Qurilish vazirligi Data markaz” tashkil qilish, yuritish va rivojlantirish.

Markazni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

ko‘rsatilgan xizmatlar natijasida olingan daromadlar;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari, shuningdek, Qurilish vazirligi tomonidan Markazni qo‘llab-quvvatlash uchun topshirilgan mol-mulklar;

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Mavzuga oid