Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amerikaliklar Lukashenkoning samolyotini tuzatib berishgan va ozish uchun dori tavsiya qilishgan
The Wall Street Journal AQSh u bilan munosabatlarni qanday yo‘lga qo‘ygani va siyosiy mahbuslar ozod etilishiga erishgani haqida yozdi.
Foto: Belarus prezidenti matbuot xizmati / EPA / Scanpix / LETA
Donald Tramp va uning ma’muriyati bir yildan kamroq vaqt ichida Aleksandr Lukashenko bilan 250 nafardan ortiq mahbuslar, jumladan, Belarus muxolifati yetakchilari Sergey Tixanovskiy, Ales Belyatskiy, Viktor Babariko va Mariya Kolesnikova kabilarni ozod etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Buning evaziga AQSh Belarusga qarshi sanksiyalarni biroz yumshatgan. Amerika diplomatiyasining bu yo‘nalishidagi asosiy shaxs – Trampning maxsus vakili Jon Koul hisoblanadi. The Wall Street Journal nashri yozishicha, u Lukashenko bilan do‘stlashib olishga muvaffaq bo‘lgan – shunchalikki, unga ozish uchun vositalar tavsiya etgan. Lukashenko esa endi Trampga Putin bilan muloqot o‘rnatishda yordamlashmoqda.
Huquqshunos Jon Koul – Donald Trampning eski tanishi. 2021 yilda, Tramp o‘z akkaunti bloklangani uchun Facebook bilan sudlashganida, Koul uning manfaatlarini himoya qilgan. 2025 yil boshida, Tramp ikkinchi bor prezidentlik lavozimiga kirishganida, kompaniya mazkur da’voni hal qilib, Trampga 20 million dollardan ortiq tovon to‘lab bergan.
2025 yil bahorida, Koul Londonda ekanida, unga Davlat departamentidan kutilmagan qo‘ng‘iroq bo‘ladi va Belarusga uchib, Yuriy Zenkovichni olib qaytish so‘raladi – bu Belarus va Amerika fuqaroligiga ega bo‘lgan huquqshunos hamda faol edi. U 2011 yilda Rossiyada ushlangan, maxfiy ravishda Belarusga olib o‘tilgan va bu yerda davlat to‘ntarishini tayyorlash ishi bo‘yicha 11 yilga qamalgandi.
Aleksandr Lukashenko Zenkevichni «ezgu niyat ishorasi» sifatida - AQSh bilan sanksiyalar rejimini yumshatish bo‘yicha muloqotga kirishish uchun ozod qilgandi. Jon Koul uni Belarusdan olib chiqib ketgan. Keyinroq AQShda u Belarusning BMTdagi elchisi bilan uchrashadi, elchi Lukashenko birinchi navbatda Boeing Belarusga samolyot ehtiyot qismlarini yetkazib berishni qayta tiklashidan manfaatdor ekanini aytadi. Shu jumladan, uning Boeing 767 rusumli shaxsiy layneri uchun. Shu tariqa, Jon Koul Trampning yana bir maxsus vakiliga aylanadi.
Koulning o‘zi tan olishicha, 2025 yil boshida uni Belarus bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlashganida, u bu mamlakat qayerda joylashganini ham bilmagan. So‘nggi bir yil ichida Koul Lukashenko bilan shunchalik yaqinlashadiki, ular birgalikda araq ichib, suhbatlar qurishgan. U ilk bor Minskka kelganida Lukashenko prezident saroyida ziyofat uyushtirgan va unda «spirtli ichimliklar daryo bo‘lib oqqan». «Diktator prezident ramzlari tushirilgan o‘z ichimligi bilan shunchalik ko‘p qadah ko‘targanki, Koul u boshini burgan paytni poylab, ularni sezdirmay to‘kib tashlashga majbur bo‘lgan», – deb yozadi WSJ.
Lukashenko bilan suhbatda Koul ataylab qo‘polroq gapirishga uringan, tez-tez haqoratli/so‘kinishga yaqin jargon so‘zlarni ishlatgan. «Lukashenko ham xuddi shu tarzda javob beradi va tobora qo‘pol rus tilida gapira boshlaydi», – deyiladi maqolada. Koul xalqaro munosabatlarni maktab oshxonasiga qiyoslagan. U Belarus rahbariga hozir u Venesuela, Eron va KXDR bilan birga «omadsizlar stoli»da o‘tirganini, ammo AQSh qo‘llovi bilan «zo‘r bolalar stoli»ga ko‘chib o‘tirishi mumkinligini aytgan.
O‘zaro muzokaralar samolyotlar uchun ehtiyot qismlari, shuningdek, Belarus sanoatining asosiy korxonalariga, birinchi navbatda, dunyodagi eng yirik kaliy o‘g‘itlari ishlab chiqaruvchi va Belarus uchun valuta tushumining eng muhim manbalaridan biri bo‘lgan «Belaruskaliy»ga qarshi sanksiyalar haqida bo‘ladi.
Tramp ma’muriyati uchun Lukashenko bilan muzokaralar, birinchidan, o‘ziga xos mashg‘ulot vazifasini o‘tagan: unda muzokaralar metodlari hamda mamlakatni xalqaro izolyatsiyadan bosqichma-bosqich olib chiqish metodlari sinab ko‘rilgan, bu keyinroq Rossiya bilan munosabatlarda qo‘l kelishi mumkin edi. Koul diktatordan o‘zini olish tamoyilini rad etib, Lukashenko bilan yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yadi va bu «trampcha» ekanini aytadi: «Kim bilan gaplashayotganingning farqi yo‘q – muhimi, u senga kerak bo‘lgan narsani qila olish-qila olmasligida».
Koul bir necha bor Minskka uchgan va sanksiyalarni yumshatish evaziga siyosiy mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Keyin esa AQShga qaytib, hammasi haqida Trampga batafsil gapirib bergan. Prezident uni diqqat bilan tingladi va Lukashenkoga tobora ko‘proq qiziqish bildirdi, deb yozadi The Wall Street Journal. Avgust oyida u Alyaskadagi sammitga ketish oldidan Lukashenko bilan telefon orqali 10 daqiqa gaplashgan.
Birgalikdagi tushlik vaqtida Lukashenko birdan Kouldan shunday so‘raydi: «Nima, ozib qolibsanmi?» Koul buni tasdiqlaydi: u Zepbound preparatini qabul qilgan va bu unga vazn tashlashda yordam bergan. Lukashenko bunga juda qiziqib qolgan.
Koul bu epizod haqida Davlat departamenti va Oq uyga ma’lum qilganida, u yerdagilar Lukashenkoga Zepbound vositasidan foydalanish imkonini yaratib berish yo‘llarini jiddiy o‘ylay boshlashgan.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Lukashenko Koul orqali AQShga Putin bilan munosabatlarda qanday harakat qilish bo‘yicha maslahatlarini bergan. Shuningdek, Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga boshpana taqdim etishga tayyorligini bildirgan – Tramp ma’muriyati uni hokimiyatdan ag‘darmoqchi, ammo hozircha buni harbiy yo‘l bilan amalga oshirishga shoshilmayapti.
Tramp Oq uyga qaytganidan buyon Belarus 250 nafardan ortiq siyosiy mahbuslarni qamoqdan chiqardi. Iyun oyida, 14 kishi, jumladan, muxolifat rahbari Sergey Tixanovskiy ozodlikka chiqarilishi evaziga, AQSh Boeing kompaniyasiga Belarusning «Belavia» aviakompaniyasiga samolyotlar uchun ehtiyot qismlar sotishga ruxsat beradi. Lukashenkoning samolyoti ham ta’mirlab beriladi.
13 dekabr kuni Lukashenko 123 nafar siyosiy mahbusni ozod etdi, ular orasida Ales Belyatskiy (tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati), Viktor Babariko va Mariya Kolesnikova ham bor edi. Buning evaziga AQSh «Belaruskaliy»ga qarshi sanksiyalarni bekor qilgan.
Tramp ma’muriyati, birinchidan, bu Putin uchun namuna bo‘lishiga umid qilmoqda: Lukashenko AQShga peshvoz chiqdi – va katta bonuslarga ega bo‘ldi. Va ikkinchidan, Lukashenko endi «Putinga to‘g‘ri gaplarni aytadi» va hatto Rossiya-Ukraina urushini tugatishda vositachi bo‘lishi mumkin.
E’tiborlisi, hozirda Lukashenko izolyatsiyada ekani ko‘p jihatdan Trampning birinchi prezidentlik davridagi (2017–2021) siyosati natijasidir. Belarus diktatori 2020 yilgi norozilik namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirgani uchun sanksiyalarga duchor bo‘lgandi. 2022 yilda Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga Belarus hududi orqali bostirib kirdi. 2023 yilda Rossiya Belarus hududida o‘zining taktik yadro qurolini, 2025 yilda esa «Oreshnik» raketalarini joylashtirdi.
Belarus muxolifatining quvg‘indagi yetakchisi Svetlana Tixanovskaya The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida Tramp ma’muriyatining Lukashenkoga nisbatan yangi diplomatik yondashuvini shunday izohladi: «Aralash his-tuyg‘ular. Belarus xalqi uchun xursandman. Ammo, albatta, Lukashenko uchun odamlarni ozod qilishning o‘z narxi bor – va u iloji boricha ko‘proq vaqt davomida bunday savdo qilishga tayyor». Tixanovskaya Lukashenko keyinchalik yangi yumshatishlarni «sotib olish» uchun odamlarni qamoqda saqlashda davom etishidan xavotir bildirgan.
Mavzuga oid
10:41
Rossiya Belarus sharqida “Oreshnik” raketalarini joylashtirmoqda
09:26
Zelenskiy: Belarus Rossiyaga Ukraina havo mudofaasini chetlab o‘tishga yordam beryapti
23:50 / 17.12.2025
Lukashenko unga qarshi namoyish yetakchilarini ozod qildi. Nega?
11:43 / 15.12.2025